O‘zbekiston | 14:36 / 16.07.2022
28484
3 daqiqa o‘qiladi

Jamshid Xo‘jayev tashqi savdo vaziri lavozimiga qaytdi

Jamshid Xo‘jayev O‘zbekiston bosh vazirining investitsiyalar va tashqi iqtisodiy masalalari bo‘yicha o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri lavozimiga tayinlanmoqda.

Foto: Qonunchilik palatasi

Uning nomzodini bugun, 16 iyul kuni parlament deputatlari ko‘rib chiqib, ma’qulladi.

Mazkur lavozimni so‘nggi uch yarim yil davomida egallab kelgan Sardor Umrzoqov Prezident administratsiyasiga rahbar etib tayinlandi.

Jamshid Xo‘jayev 2019 yil yanvaridan buyon qishloq xo‘jaligi vaziri sifatida ishlab kelayotgandi.

Tashqi savdo vaziri lavozimi uning uchun begona emas – u 2017 yil noyabridan 2019 yil yanvarigacha Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligiga rahbarlik qilgan. Ayni paytda bu vazirlik Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi deb ataladi.

Jamshid Abduhakimovich Xo‘jayev 1979 yilda Qo‘qon shahrida tug‘ilgan. 2000 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. Birinchi prezident tashabbusi bilan iqtidorli talabalar uchun tashkil etilgan “Umid” jamg‘armasi stipendiati. 2002 yilda Yevropa davlat boshqaruvi institutini tamomlab, 2003 yilda Birminhem universitetidan (Buyuk Britaniya) xalqaro iqtisodiy aloqalar va davlat boshqaruvi yo‘nalishida magistr diplomini olgan.

Qator xalqaro o‘quv kurslarida qatnashgan: Commerzbank (Germaniya), Xalqaro valuta jamg‘armasi, Standard Bank (JAR), JPMorgan Chase (AQSh), Rossiya banki, Natixis (Fransiya), KB Kookmin (Janubiy Koreya), DBS (Singapur), Credit Suisse (Shveytsariya) kabi moliya tashkilotlari shular jumlasidan.

2003–2017 yillarda O‘zbekiston Markaziy bankida faoliyat borgan. Valutani tartibga solish va tashqi aloqalar departamenti yetakchi mutaxassisi lavozimidan boshlab, 2009 yilda Xalqaro rezervlarni boshqarish departamenti direktori bo‘lgan va bu departamentni 2017 yilgacha boshqargan.

2017 yil iyunda Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki raisining birinchi o‘rinbosari bo‘lib, ko‘p o‘tmay avgustda Hisob palatasining birinchi o‘rinbosari – Davlat budjeti tushumlarining to‘liqligini nazorat qilish inspeksiyasi boshlig‘i lavozimiga tayinlangan.

2017-2019 yillarda tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vaziri bo‘lgan, 2019 yil yanvaridan Qishloq xo‘jaligi vazirligi rahbari etib tayinlangan.

Mavzuga oid