«Mushtlar uchrashuvi». Bayden prezident sifatida ilk bor Saudiyaga keldi va MBS bilan ko‘rishdi
15 iyul kuni AQSh prezidenti Jo Bayden Saudiya Arabistoni podshohi Salmon ibn Abdulaziz Ol Saud bilan uchrashdi, uchrashuvda amalda mamlakatni boshqaruvchi valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon ham hozir bo‘ldi. AQSh shahzodani saudiyalik jurnalist Jamol Qoshiqchining qotilligi buyurtmachisi va o‘zgacha fikrlovchi saudiyaliklarni ta’qib ostiga olishda ayblaydi. Baydenning Saudiya Arabistoniga tashrifi uning AQShda bahslar keltirib chiqargan Yaqin Sharqqa turnesidagi asosiy manzil bo‘ldi. «Meduza» Jiddaga Baydenni qanday maqsadlar olib kelgani haqida bayon etdi.
Saudiya Arabistonining iqtisodiy poytaxti sanaluvchi Jiddaga AQSh prezidenti Jo Bayden Isroildan keldi, bu tarixdagi ilk shunday yo‘nalishdagi parvoz bo‘ldi. 15 iyul kuni Jiddada Bahrayn, Qatar, Kuvayt, Birlashgan Arab Amirliklari, Ummon va Saudiya Arabistoni mamlakatlarini o‘z ichiga olgan Fors ko‘rfazi davlatlari hamkorlik kengashi sammiti bo‘lib o‘tdi. Kengashning 2022 yilgi yig‘ilishida Misr, Iroq va Iordaniya ham ishtirok etdi.
Isroilda Bayden bosh vazir Yair Lapid bilan uchrashgan, Hindiston, Isroil va BAA rahbarlari bilan birgalikda to‘rt tomonlama onlayn-sammitda ishtirok etgan, shuningdek Falastin rahbari Mahmud Abbos bilan muzokara o‘tkazgandi. Prezidentning Saudiya Arabistonga tashrifidan maqsad 2018 yilda jurnalist Jamol Qoshiqchining o‘ldirilishidan keyin yomonlashgan o‘zaro munosabatlarni tiklash, shuningdek energetika sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish edi.
AQSh prezidentining tashrifi uzoq tarixga ega. 2019 yilda, prezidentlik uchun nomzod sifatida debatlarda ishtirok etayotganida Bayden prezident Barak Obamadan farqli o‘laroq Saudiya Arabistoniga qurol sotmasligi, buning o‘rniga ushbu mamlakatni «chetga chiqarib qo‘yishi», bu mamlakat «munosib» bo‘lgan to‘lovni «to‘latishi»ni aytgandi. U shuningdek Saudiya Arabistonining hozirgi hukumati «juda kam ijtimoiy qadriyatlar»ga ega ekanini ta’kidlagandi. Ammo Bayden endilikda aynan shu hukumat bilan energetik hamkorlik masalalarini hal qilishiga to‘g‘ri kelmoqda. Eron yadro quroli yaratishga tayyorlanayotgan, Ukrainaga bosqinidan keyin sanksiyalar zarbasiga uchragan Rossiya esa jahon neft va gaz bozoridan o‘z holatini yaxshilash uchun foydalanishi mumkin bo‘lgan sharoitda AQShga shunday ittifoqchi juda zarur.
15 iyul kungi tashrif davomida Qo‘shma Shtatlar va Saudiya Arabistoni energetika, aloqa, kosmos, sog‘liqni saqlash, «toza» energiya manbalari, atom energetikasi va ko‘mir qazib olish sohalarida hamkorlik qilish borasida 18 kelishuv imzoladi, shuningdek, Eronga yadro quroliga ega bo‘lishida to‘sqinlik qilish zarurligi to‘g‘risida kelishib olindi.
Saudiya Arabistoni jahon iqtisodiyotining rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash maqsadida global neft bozorda muvozanatni saqlash majburiyatini olgan. Mamlakat iyul va avgust oylarida neft ishlab chiqarish darajasini rejalashtirilganiga nisbatan 50 foizga oshirmoqchi. «Kelgusi haftalarda boshlanishi kutilayotgan ushbu harakat bozorlarni sezilarli darajada barqarorlashtirishga yordam berdi», — deyiladi Oq uy hisobotida.
Iyul oyi boshida, Yaqin Sharq mamlakatlariga jo‘nab ketishidan oldinroq Bayden The Washington Post uchun «Men nega Saudiya Arabistoniga boraman?» sarlavhali kolonkasini e’lon qilgandi. Maqolada u o‘z ma’muriyati boshqaruvining ilk davrida duch kelgan Fors ko‘rfazi davlatlaridagi siyosiy vaziyatni tasvirlagan va uning jamoasi erisha olgan muvaffaqiyatlarni qayd etgan:
«Biz Iroqda AQShning jangovar missiyasini yakunladik va harbiy ishtirokimizni faqatgina iroqlik harbiylarni tayyorlashga qaratdik, shu bilan birga, men vitse-prezidentligimda tuzilgan, IShIDga qarshi xalqaro koalitsiyani qo‘llab-quvvatlashni davom ettirdik, endi bu koalitsiya IShID qayta tiklanishiga yo‘l qo‘ymaslikni maqsad qilgan. Biz amerikaliklarga qarshi tahdidlarga ham javob qaytardik. Eron tomonidan homiylik qilinadigan hujumlar soni ikki yil oldingi bilan solishtirganda keskin kamaygan. Shu yil fevralida biz IShID yetakchisi Hoji Abdullani yo‘q qilib, qayerda yashirinishga urinishmasin, Amerika terrorchilik tahdidlarini bartaraf etishga qodirligini namoyish qildik».
Bayden muvaffaqiyatlar qatorida Saudiya Arabistoni Fors ko‘rfazi hamkorlik kengashining olti davlati birligini tiklashiga yordam berilgani, shuningdek Yaman bilan sulhni to‘la qo‘llab-quvvatlaganini keltiradi, Amerika prezidenti bu sulhga Saudiya Arabistoni podshohi Salmon ibn Abdulaziz Ol Saudning sa’y-harakatlari bilan erishilganini ta’kidlaydi. «Natijada so‘nggi oylar so‘nggi yetti yillikdagi eng tinch davr bo‘ldi», — deya xulosa qiladi Bayden.
Shu bilan birga, prezident 2021 yil fevralida AQSh Amerika razvedkasining saudiyalik jurnalist Jamol Qoshiqchining o‘limi (shundan keyin Saudiya Arabistoni tezkor harakatlanish kuchlari va qotillikka aloqadorligi aytilgan boshqa shaxslarga nisbatan sanksiyalar qo‘llangandi) bo‘yicha hisoboti e’lon qilinganini eslab o‘tgan. The New York Times manbalari aytishicha, sanksiyalardan bir necha kun o‘tib Bayden suiqasdning asosiy buyurtmachisi deb hisoblangan saudiyalik shahzodaga nisbatan sanksiyalar qo‘llashni noo‘rin deb hisoblashini bildirgan. Bu chora, AQSh prezidenti fikricha, ikki davlat munosabatlarini yomonlashtirishi mumkin bo‘lgan.
Kolonkasi nashr qilinishidan bir oy oldin Bayden jurnalistlarga shahzoda bilan shaxsan uchrashmoqchi emasligini aytgandi: u o‘zaro kommunikatsiyani faqat keng doiradagi ishtirokchilar tarkibidagi xalqaro uchrashuv doirasida ko‘rgan. «Mening ma’muriyatim Qo‘shma Shtatlar har qanday hukumat tomonidan dissidentlar va faollarga nisbatan eksterritorial tahdidlar va ta’qiblarga toqatsiz ekanini aniq aytgan», — degan Bayden o‘z kolonkasida Muhammad bin Salmonni nazarda tutgan holda. AQSh prezident Jiddaga borish bo‘yicha qaroriga bildirilgan tanqidlarga quyidagicha javob qaytardi:
Avvalboshdan maqsadim 80 yildan buyon strategik sherik bo‘lib kelgan davlat bilan munosabatlarni buzish emas, balki yo‘nalishni o‘zgartirish edi.
Men bilaman, ko‘plar Saudiya Arabistoniga borish qarorimga qo‘shilmaydi. Mening inson huquqlari bo‘yicha qarashlarim avvaldan ma’lum. Fundamental erkinliklar masalasi xorijga qilgan safarlarimda doimo kun tartibida bo‘lgan — Isroil va G‘arbiy sohilga qilinajak safarlarim vaqtida ham shunday bo‘ladi.
15 iyul kuni Bayden Saudiya Arabistoni podshohi va valiahd shahzodasi bilan uchrashuv o‘tkazdi. U podshoh bilan qo‘l siqib ko‘rishdi, shahzoda bilan esa faqat mushtlarni urishtirgan holda ko‘rishdi — u bunday harakatni koronavirus cheklovlari bilan izohlagan. Saudiyaliklar bilan uchrashuvgacha ham, Isroilga tashrifi vaqtida prezident qo‘l berib ko‘rishish o‘rniga mushtlarni urishtirgan holda salomlasha boshlagandi, holbuki u AQShda ekanida boshqa siyosatchilar bilan faqat qo‘l berib ko‘rishayotgandi. Bayden Isroilda ham ayrim eski qadrdonlari, masalan, sobiq bosh vazir Binyamin Netanyahu bilan uchrashganda qo‘l berib salomlashdi. CNN jurnalistlari taxmin qilishicha, protokol xizmati valiahd shahzoda Muhammad bilan qo‘l berib ko‘rishishi e’tiborga tushishining oldini olish maqsadida prezidentning salomlashuvini o‘zgartirgan.
Bayden keyinroq jurnalistlarga aytishicha, u shahzodaga «to‘g‘ridan to‘g‘ri va qat’iy qilib» jurnalist Qoshiqchining o‘limi uchun javobgarlikni shahzodaning zimmasiga yuklashini bildirgan. O‘z navbatida, shahzoda Muhammad jurnalist o‘limi uchun javobgar emasligini ta’kidlagan, Bayden esa yana bir bor uni aybdor deb bilishini takrorlagan.
Uchrashuvda hozir bo‘lgan Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vaziri Odil al-Jubayr esa keyinroq jurnalistlarga valiahd shahzodaga ayblov bildirilganini eshitmaganini, lekin chindan ham Bayden inson huquqlari va Jamol Qoshiqchi ishi muhimligi haqida gapirganini aytgan.
Amerikadagi «Arab dunyosi uchun demokratiya» (DAWN) huquq tashkiloti 15 iyul kuni ma’lum qilishicha, jurnalist Jamol Qoshiqchining advokati, AQSh fuqarosi hamda ushbu tashkilot direktorlar kengashi a’zosi bo‘lgan Asim G‘afur siyosiy motivlarga ega bo‘lgan ish doirasida Birlashgan Arab Amirliklarida qo‘lga olinganini ma’lum qildi. Huquq himoyachilari Jo Baydenni Jiddada BAA vakillari bilan uchrashuv o‘tkazishdan oldin G‘afurning qo‘lga olinishiga e’tibor qaratishga chaqirdi.
Baydenning tashrifi xalqaro izolyatsiyaga tushgan Rossiya va Eron o‘rtasida harbiy hamkorlik tug‘ilayotgan vaqtda amalga oshirildi. Oldinroq Oq uy razvedka ma’lumotlariga asoslangan holda Eron Rossiyaga Ukrainadagi harbiy harakatlarda qo‘llanishi mumkin bo‘lgan uchuvchisiz uchish qurilmalari yetkazib bermoqchi bo‘layotgani va rossiyalik harbiylar bu vositalardan foydalanishga o‘rgatilishi haqida xabar bergandi. Ko‘p o‘tmay Tehron dronlar yetkazib berilishi haqidagi xabarlarni rad etib chiqdi.
16 iyul kuni CNN AQSh prezidentining xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Jyeyk Sallivanga asoslangan holda iyun oyida va iyul oyi boshida Rossiya delegatsiyasi Erondagi Kashan aerodromiga tashriflar amalga oshirgani, bu safarlardan maqsad yuqori aniqlikdagi raketalar uchirishi mumkin bo‘lgan Shahed-191 va Shahed-129 dronlarini o‘rganish bo‘lgani haqida xabar tarqatdi.
Mavzuga oid
18:12
Bayden o‘limga hukm etilgan 37 nafar mahbusning jazosini yengillashtirdi
23:11 / 21.12.2024
AQSh prezidenti hukumat ishini moliyalashtirishni uzaytiruvchi qonunni imzoladi
20:35 / 21.12.2024
Bayden Tayvanga 570 mln dollarlik harbiy yordam ko‘rsatishni buyurdi
19:29 / 20.12.2024