Jahon | 15:24 / 18.07.2022
5164
2 daqiqa o‘qiladi

Shvetsiyaning H&M Group kompaniyasi Rossiyani tark etyapti

H&M kiyim do‘konlari butunlay yopiladi. Kompaniya Rossiya Federatsiyasida mavjud vaziyat va oldindan aytib bo‘lmaydigan kelajakni hisobga olgan holda biznesni davom ettirish mumkin emasligini ta’kidladi.

Foto: NU

Shvetsiyaning H&M Group (H & M Hennes & Mauritz AB) kompaniyasi «joriy operatsion muammolar va oldindan aytib bo‘lmaydigan kelajak» sabab Rossiya Federatsiyasidan yakuniy chiqib ketishini e’lon qildi. «Ehtiyotkorlik bilan muhokama qilingandan so‘ng, biz mavjud vaziyatni hisobga olgan holda, Rossiyadagi biznesimizni davom ettirishni imkonsiz deb hisoblaymiz», dedi 18 iyul, dushanba kuni kompaniya bosh direktori Xelena Xelmercson. 

Uning eslashicha, 2009 yildan beri Rossiyada faoliyat yuritayotgan Yevropaning eng yirik kiyim-kechak chakana savdo tarmog‘i H&M 2 mart kuni ushbu mamlakatdagi barcha savdolarni to‘xtatgan. Endi sa’y-harakatlar mas’uliyatli chiqishni ta’minlash va kelgusi oylarda xodimlarni iloji boricha qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan, deyiladi bayonotda.

Ushbu jarayon doirasida qolgan tovarlarni sotish uchun Rossiyada vaqtinchalik do‘konlar ochish rejalashtirilgan. Kompaniya Rossiyadagi biznesning to‘liq yopilishi taxminan 2 milliard shved kronasi (190 million dollarga yaqin) xarajatlarga olib kelishini kutmoqda. 

Yyel universiteti ma’lumotlariga ko‘ra, Ukrainada urush boshlanganidan beri 1200 dan ortiq kompaniya Rossiyani tark etgan. Ulardan 1000 dan ortig‘i Rossiya Federatsiyasiga nisbatan qo‘llanilgan sanksiyalardan qat’i nazar, Rossiya Federatsiyasidagi o‘z faoliyatini ixtiyoriy ravishda cheklayotganini ochiq e’lon qildi. Ular orasida, xususan, IKEA, Adidas, McDonald's, Henkel va SAP bor.

Mavzuga oid