Maslahatlashuvlardan birlashuvga: Ertaga Markaziy Osiyo yetakchilari muhim kelishuvni imzolashi kutilmoqda
20-21 iyul kunlari Qirg‘izistonning Issiqko‘l viloyatida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Tojikiston va Turkmaniston prezidentlari ishtirok etadigan tadbir mintaqa uchun muhim tarixiy uchrashuv bo‘lishi kutilmoqda.
Xususan, uchrashuv doirasida «XXI asrda Markaziy Osiyoni rivojlantirish maqsadida Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston Respublikalari o‘rtasida do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlik to‘g‘risida» shartnoma imzolanishi kutilmoqda. Bunday hujjat loyihasi haqidagi ma’lumot Qozog‘iston tashqi ishlar vazirligi rasmiy saytida paydo bo‘lgan.
Qozog‘iston bosh vaziri tomonidan berilgan tushuntirishda, hujjatni qabul qilishdan maqsad xalqaro maydondagi taranglik, geosiyosiy faollashuv hamda global xavfsizlikka ortayotgan tahdidlar fonida Qozog‘iston uchun Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlikni chuqurlashtirish yanada muhim ahamiyat kasb etishi qayd etilgan.
Bundan tashqari, avvalgi maslahatlashuv uchrashuvlari davomidagi xulosalarda mintaqa davlatlari o‘zaro yaqinlashishni doimiyga aylantirgani hamda ko‘p tomonlama konstruktiv siyosiy muloqot paydo bo‘lgani aytilmoqda.
Qirg‘iz mahalliy nashrlarining yozishicha, kelishuv hujjati loyihasida tomonlar harbiy, savdo-iqtisodiy, logistika, madaniy-gumanitar, fuqaro mudofaasi hamda energetika va turizm sohalaridagi hamkorlikni faollashtirishi nazarda tutilgan.
Shartnomada, shuningdek mintaqa davlatlarining xalqaro maydondagi tahdidlarga nisbatan kuchlarini muvofiqlashtirish, bir-biriga nisbatan kuch ishlatish va kuch bilan tahdid qilishdan tiyilish kabi majburiyatlari bor.
Agar ushbu shartnoma imzolansa, mintaqa davlatlari Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi doirasidan tashqarida ham integratsiya jarayonlarini faollashtirishi boshlanishini kutish mumkin.
Bugun Cho‘lponota shahrida Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov va Markaziy Osiyo davlatlari tashqi ishlar vazirlari ishtirokidagi uchrashuvda ham 21 iyul kuni yirik hujjatlar paketi imzolanishi qayd etilgan.
Shuningdek, Japarov Qirg‘iziston mintaqada raqobat emas, o‘zaro savdo aylanmasi, hamkorlik hamda bir-birini to‘ldirishni muhim hisoblashini ta’kidlagan.
Taxmin va tahlillar
Tahlilchilar Markaziy Osiyo davlatlari integratsiyasi kelajagiga turlicha baho bermoqda. Lekin ko‘pchilik integratsion jarayonlar faollashuviga Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi va urushning iqtisodiy-ijtimoiy oqibatlari turtki bo‘lganini aytmoqda.
Iqtisodchi Azamat Akenevga ko‘ra, Markaziy Osiyo davlatlaridagi o‘z potensiali va dunyo uchun muhimligi haqidagi illyuziyalar yo‘qolgach birlashish harakatlari ancha faollashgan. Ushbu davlatlar xalqaro hamjamiyat tomonidan yagona mintaqa sifatida qabul qilinishi Markaziy Osiyodagi o‘zaro hamkorlikni boshlashga turtki bo‘lishi kerak.
«Shaxslar ham muhim rol o‘ynaydi. Shuning uchun «yangilar»ga kelishish oson bo‘ladi. Ularda asoslanmagan da’volar va eski xafaliklar yo‘q. Markaziy Osiyo davlatlarining deyarli barchasida yetakchilar almashdi. Ulardan oldingilar o‘z vakolatlarini kimgadir o‘tkazish, suverenitetining bir qismini berishga tayyor emasdi. Shuningdek, shaxsiy qarama-qarshiliklar bor edi. Hozirgi prezidentlar orasida kelishmovchilik yo‘q», – deydi ekspert.
Boshqa bir tahlilchilar esa bu uchrashuvlar yirik masshtabdagi birlashuvlarga olib bormasligini, balki shu mavzudagi muhokamalar bilan tugashini taxmin qilmoqda.
«Bu Rossiyaning mintaqadagi rolini minimallashtirishga qaratilgan urinish bo‘lishi ham mumkin. Chunki Ukrainada harbiy harakatlar boshlagan Moskva ShHT, YeIO va ODKB kabi tashkilot a’zosi bo‘lgan davlatlar uchun noqulay hamkorga aylandi.
Shu bilan birga, Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi demokratik reformalar samaradorligiga qarab maslahatlashuv uchrashuvlari ancha qat’iyroq, institutsional formatga aylanadi va bu integratsiyaning ham samarali bo‘lishiga olib keladi», deydi tahlilchi Nursultan Akylbek.
Bundan tashqari, davlatlardagi turli xil potensial va tashqi iqtisodiy-siyosiy vektorlarning har xilligi – samarali savdo-iqtisodiy sohadagi birlashuvlarga erishishda to‘siq bo‘lishi mumkin.
Maslahatlashuv uchrashuvlari
Mintaqa davlatlarining bu kabi maslahatlashuv uchrashuvlari, dastlab 2018 yil Qozog‘iston poytaxti Nursulton shahrida bo‘lib o‘tgan. Ikkinchisi 2019 yil Toshkentda o‘tkazilgan. 2020 yilda Qirg‘izistonda bo‘lishi rejalashtirilgan uchrashuv koronavirus pandemiyasi tufayli qoldirilgan. 2021 yil avgust oyida bo‘lib o‘tgan so‘nggi maslahatlashuvlarda qo‘shni davlatlar rahbarlarini Turkmaniston qabul qilgan edi.
Bugun prezident Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuvida qatnashish uchun Qirg‘izistonga jo‘nab ketdi.
Mavzuga oid
18:02
Sadir Japarov Farg‘ona viloyati hokimini «Dank» ordeni bilan mukofotladi
17:23 / 21.12.2024
Sadir Japarov Yevroparlamentni Qirg‘iziston siyosatiga aralashmaslikka chaqirdi
18:05 / 20.12.2024
Sadir Japarov: Qirg‘izistonda tejalgan har bir litr suv qo‘shnilarimizga yordamdir
17:37 / 20.12.2024