O‘zbekiston | 15:27 / 23.07.2022
16973
3 daqiqa o‘qiladi

G‘afur G‘ulom bog‘i 1 sentabrdan faoliyatini boshlaydi - Senat

Foto: G‘afur G‘ulom nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i ma’muriyati

Toshkent shahridagi G‘afur G‘ulom bog‘i shu yilning birinchi sentabridan faoliyatini boshlaydi. Bu haqda Senat xabar berdi.

Qayd etilishicha, Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi a’zolari G‘afur G‘ulom nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida olib borilayotgan ishlarni joyiga chiqib o‘rgandi.

O‘rganish natijalariga ko‘ra, bugungi kunda “BMP Smart Decision Private Limited” xorijiy kompaniyasi tomonidan bog‘ hududida rekonstruksiya qilish, bino inshootlarini qurish va xorijdan olib kelingan attraksionlar hamda o‘yin qurilmalarini o‘rnatish ishlari olib borilmoqda va shu maqsadda 71 mlrd so‘m mablag‘ sarflangan.

Bildirilishicha, G‘afur G‘ulom nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i joriy yilning birinchi sentabridan ishlay boshlaydi.

Bog‘ hududida olib borilayotgan ishlari Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasining doimiy nazoratida ekani aytiladi.

Avvalroq G‘afur G‘ulom madaniyat va istirohat bog‘idagi rekonstruksiya ishlari 2022 yil yozida yakunlanishi va bog‘da kuniga 10 ming kishi hordiq chiqara olishi mumkin bo‘lishi xabar qilingandi.

Toshkentdagi eng gavjum istirohat bog‘laridan biri bo‘lgan G‘afur G‘ulom bog‘i 2019 yilda Vazirlar Mahkamasi va Toshkent shahar hokimligining yopiq hujjatlari bilan BMP Smart Decision kompaniyasiga 49 yilga ijaraga berilgan.

Kun.uz Singapurda ro‘yxatdan o‘tgan mazkur kompaniya ta’sischisi O‘zbekiston fuqarosi Sherzod Halimov ekani, kompaniyaning ustav kapitali 1000 Singapur dollari (720 AQSh dollari atrofida) ekanini xabar qilgandi.

O‘tgan yil dekabr oyida poytaxt hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev G‘afur G‘ulom bog‘idagi rekonstruksiya kechikib ketgani uchun bog‘ egalarini tanqid qilgan, bog‘ning bu investorga berilishi masalasi qayta ko‘rib chiqilishini aytgandi.

Mavzuga oid