Jamiyat | 10:19 / 24.07.2022
2907
2 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryoda haydovchini pichoqlab uning mashinasini tortib olgan shaxs YTH sodir etib qochib ketdi

Huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlarining sa’y-harakatlari bilan jinoyat qisqa fursatda fosh etilgan va gumondor shaxs ushlangan.

Foto: Getty Images

Surxondaryo viloyati IIB axborot xizmatining xabar berishicha, Sho‘rchi tumani hokimligida tumanning Bunyodkor mahallasida yashovchi, muqaddam Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi bilan sudlangan M.O. sodir etgan jinoyatning muhokamasi bo‘lib o‘tgan.

Muhokama davomida Sho‘rchi tumani IIB boshlig‘i D.Qurbonovning ma’lum qilishicha, M.O. Termiz shahrida yashovchi Z.Shodiqulov boshqaruvidagi Matiz mashinasini to‘xtatib, mashina bozoriga olib borib qo‘yishini aytib, yo‘lga chiqishgan.

Biroz yo‘l yurishgach, haydovchi bilan tortishib qolgan M.O yonidagi xo‘jalik pichog‘i bilan haydovchiga hujum qilib, unga og‘ir tan jarohati yetkazgan va mashinani olib qochgan.

Harakatlanish davomida boshqaruvni yo‘qotib, yo‘l chetidagi ustunga borib urilgan M.O. mashinani hodisa joyiga qoldirib, o‘zi qochib ketgan. Huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlarining sa’y-harakatlari bilan jinoyat qisqa fursatda fosh etilgan va gumondor shaxs ushlangan.

Avvalroq, Sho‘rchi tumanida bosqinchilik jinoyatini sodir etgan shaxslarga jinoiy ish qo‘zg‘atilgandi.

Mavzuga oid