O‘zbekiston | 07:24 / 26.07.2022
9743
2 daqiqa o‘qiladi

O‘tgan hafta elektr energiyasiga bo‘lgan talab eng yuqori iste’molni tashkil qildi

O‘tgan hafta davomida anomal issiq havo harorati sababli tabiiy ravishda elektr energiyasiga bo‘lgan talab eng yuqori iste’molni tashkil qildi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar bermoqda.

Foto: Kun.uz

Respublika bo‘yicha o‘tgan yoz mavsumida havo haroratining eng yuqori sutkasida 224 million kilovatt-soat elektr energiyasi iste’mol qilingan bo‘lsa, joriy yil 22 iyul kuni eng yuqori iste’mol qayd etilib, 237 million kilovatt-soat yoki 6 foizga ko‘pni tashkil qildi.

Qayd etilishicha, Toshkent shahrida iste’mol tarixiy ko‘rsatkichga yetib, odatda kuz-qish mavsumida yuqori bo‘ladigan iste’moldan ortdi. O‘tgan 2021/2022 yillar kuz-qish mavsumida Toshkent shahrida eng yuqori iste’mol 24 million kilovatt-soatni tashkil qilgan bo‘lsa, joriy yil 22 iyul sanasi bu ko‘rsatkich 27,5 million kilovatt-soat yoki 15 foizga ko‘pni tashkil etdi.

“Iste’molning bunday oshishiga, albatta, yangi binolar qurilishi, ishlab chiqarish korxonalari ishga tushirilishi bilan bir qatorda, ayrim xonadonlarda elektr energiyasi sutkalik iste’moli 1000 kilovatt-soatgacha yetgani yoki ushbu xonadonlar o‘rtacha xonadonning 4-5 oylik elektr energiyasi iste’molini bir kunda iste’mol qilishi sabab bo‘lgan”, deyiladi ma’lumotda.

Energetika vazirligi havo harorati issiq kunlarida elektr qurilmalarida yuklama ortib ketishi natijasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan yirik nosozliklar oldini olish va elektr energiyasi yetkazib berilishi barqarorligini ta’minlash maqsadida, iste’molchilardan imkon qadar ushbu resursdan tejamkorlik bilan foydalanishni so‘ragan.

Mavzuga oid