O‘zbekiston | 18:00 / 28.07.2022
18136
2 daqiqa o‘qiladi

3 yoshida otga mingan Sunnatilla - “Manzil”

Sunnatilla 13 yosh bo‘lishiga qaramay, 100 dan oshiq chorva va 30 dan oshiq yilqi uyurini bitta o‘zi yaylovlarda boqib yuribdi. “Manzil” jajji qahramonining Chotqol tog‘ tizmalarida ot minib, yozni qanday o‘tkazayotgani haqida hikoya qiladi.

Sunnatilla Yo‘ldoshev 2009 yilda Toshkent viloyatining Ohangaron tumani Ertosh qishlog‘ida tug‘ilgan. Ota-onasi Chotqol tog‘ tizmalarida chorvachilik bilan shug‘ullangani bois bolakayning hayoti ham qo‘y-qo‘zilar, sigir-buzoqlar, eng asosiysi otlar bilan bog‘langan. 3 yoshidan tog‘ga chorva boqqani chiqishni boshlagan Sunnatilla otga minishni ham shu yoshida boshlagan.

Onasi Shahnoza Otabekova o‘g‘lining ilk ot minganini ko‘rganda juda qo‘rqib ketganini eslaydi. Chunki 3 yoshli bolasining bir o‘zini asov otning ustida birorta ona tasavvur qila olmasa kerak. Onasining aytishicha, shu-shu otasi ham, yaqinlari ham Sunnatilla ot minishiga va chorvani eplay olishiga ishonch bildirishgan.

Sunnatilla otlarni va chorvani shu qadar yaxshi ko‘radiki, may boshlanib maktablar tugashi arafasida tog‘ga chiqib ketaylik deb, ota-onasini holi-joniga qo‘ymaydi. Ular yashab turgan chodirga birorta mehmon ot bilan kelib qolsa, o‘sha otni bir marta minmasdan qo‘yib yubormaydi. U qishda, qor qalin bo‘lsa, asov otlarni ham mina olishiga ishonadi.

U tog‘larsiz, toza havo va jonivorlarsiz yashay olmasligini ko‘zidan anglash qiyin emas.

Tohirjon Tursunov,
Boymirza Xalilov,
Kun.uz'ning “Manzil” loyihasi uchun maxsus.

Mavzuga oid