Iqtisodiyot | 11:27 / 30.07.2022
45635
9 daqiqa o‘qiladi

Islom moliyasida sukuk: Jahon tajribasi, afzalliklar va imkoniyatlar

Jahon tajribasi sukuk orqali ko‘plab yirik loyihalar, xususan aviatsiya va yashil iqtisodiyotni faol moliyalashtirish mumkinligini ko‘rsatmoqda. Sukukni joriy etish aholi qo‘lidagi bo‘sh mablag‘lardan samarali foydalanish, moliyaviy muammolar sabab to‘xtab turgan loyihalarni amalga oshirish imkonini beradi. Islom moliyasi bo‘yicha mutaxassis Iskandar Tursunov Kun.uz'ga taqdim etgan maqolasida shu haqda so‘z yuritadi.

Islom moliyasi bozorida islomiy banklardan keyin keng va tezkor rivojlanayotgan moliyaviy sektor – sukuk qimmatli qog‘ozlaridir. 2021 yil yakunlariga ko‘ra Islom moliyasining global aktivlari yillik o‘rtacha 13% o‘sish bilan 3,374 trln dollarga yetdi, shundan 767 mlrd dollari amaldagi sukuk qimmatli qog‘ozlari bozoriga to‘g‘ri kelmoqda.

Tahlilchilarning hisob-kitobiga ko‘ra, jahonda sukuk moliyaviy sektori 2027 yilga borib o‘rtacha yillik 17% o‘sish bilan 1,98 trln AQSh dollariga yetadi. Sukuk orqali yirik loyihalarni, sanoat va biznesni moliyalashtirish fors ko‘rfazi davlatlari va Janubiy Osiyo davlatlarida tobora muhim vositaga aylanib bormoqda.

Sukuk qimmatli qog‘ozi

Sukuk – bu nominal qiymati teng bo‘lgan sertifikatlar bo‘lib, ular ma’lum bir loyihaning moddiy aktivlari, ko‘rsatilayotgan xizmatlar, aktivlarga egalik huquqining bo‘linmas ulushini tasdiqlaydi (AAOIFI tashkiloti ta’rifi).

Har bir joriy qilinayotgan sukuk qiymatga ega aktivga asoslangan bo‘lishi kerak, bu esa o‘z navbatida foizdan (sudho‘rlikdan) saqlanish imkonini beradi. Sukukning bir necha xil moliyaviy strukturalari mavjud bo‘lib, ular ijara sukuki, murobaxa sukuki, mudoraba sukuki, musharaka sukuki, salam sukuki, istisna sukuki, gibrid sukuk turlaridir.

Sukukning iqtisodiy samaradorligi

Sukuk orqali iqtisodiy, ijtimoiy, ekologik loyihalarni mahalliy va xorijiy investorlarni jalb qilgan holda moliyalashtirish mumkin. Sukukning aktiv va aktiv yaratishga asoslangani iqtisodiyotda aktivlar va xizmatlar yaratilishiga, daromadlar oshishiga olib keladi. Uning bevosita real aktivlarni yaratishi hamda maqsadli ishlatilishi, mahalliy va xorijiy investorlarni xavfsiz moliyaviy tizim sifatida o‘ziga jalb qiladi.

Sukukning rivojlanishi korporativ boshqaruvni takomillashtiradi, kompaniyalarning hisobotlari ochiqligini va shaffofligini ta’minlaydi.

O‘z navbatida, kapital bozorining rivojlanishi davlatning tashqi qarzlarga bo‘lgan talabini hamda budjet taqchilligini kamaytiradi.

Sukuk va aviatsiya

Aviatsiya – jahon yalpi ichki mahsulotida 3,5 trln dollarni tashkil etib, taxminan 88 million ish o‘rni yaratgan va dunyo sayyohlarining 60 foizga yaqinini o‘z manzillariga yetkazib qo‘yadigan ulkan tizimdir. Aviatsiya sohasi iqtisodiyotning o‘sishini ta’minlaydi, ish o‘rinlari yaratadi, xalqaro savdo va turizmni osonlashtiradi. Investitsiyalar va g‘oyalar oqimini ta’minlaydigan tezkor transport tarmog‘idir.

Soha faoliyati davomiyligini ta’minlab turish esa moliyaviy mablag‘lar ta’minoti, yangi samolyotlar va infratuzilmalar rivoji bilan amalga oshadi. Bugungi kunda aviatsiya sohasini moliyalashtirishda, xususan yangi samolyotlarni xarid qilishda, aylanma kapitalni shakllantirishda sukuk qimmatli qog‘ozlarini joriy etish orqali moliyalashtirish eng afzal ko‘rilgan mexanizmlardan biriga aylanib bormoqda.

Islomiy samolyotlar lizingini moliyalashtirish xalqaro aviakompaniyalar, jumladan Etihad Airlines, Saudi Arabian Airlines, Air Arabia, Emirates, Malaysian Airlines, Turkish Airlines va dunyodagi ko‘plab yirik samolyot lizing kompaniyalari tomonidan foydalanilmoqda.

Malayziya

Malaysia Airways xolding kompaniyasi 2012–2013 yillarda 785 mln dollarlik sukuk qimmatli qog‘ozlarini muomalaga chiqardi. Jami 1,67 mlrd dollarlik qimmatli qog‘ozlari emissiyasi orqali oltita yangi Airbus A380 va ikkita yangi Airbus A330 samolyotlarini sotib olgan.

Kompaniya 2021 yilda Malayziya Qimmatli qog‘ozlar komissiyasiga 1,2 mlrd dollargacha bo‘lgan sukuk vakala dasturini yaratish uchun murojaat qilgan.

Bahrayn

Bahrayn 2004 yilda aeroport hududini kengaytirishni moliyalashtirish maqsadida o‘zining ilk 250 million dollarlik ijara sukuk qimmatli qog‘ozlarini 5 yillik muddat bilan muomalaga chiqargan.

Dubay

2013–2015 yillarda Emirates aviakompaniyasi 10 yillik muddat bilan bakalax va ijara sukuklarini joriy qildi. Ushbu sukuk emissiyalarini joriy qilish orqali 4 ta yangi Airbus A380-800 samolyotlari sotib olingan hamda aylanma kapitalni shakllantirish uchun joylashtirgan.

Air Arabia 2007 yilda buyurtma qilgan 44 ta AirBus A320 samolyotidan jami 29 tasini islomiy moliyalashtirishning sukuk kelishuvidan foydalangan holda xarid qilgan.

Cukuk va yashil iqtisodiyot

Yashil sukuk – bu qayta tiklanadigan energiya va boshqa ekologik aktivlarga investitsiyalar kiritishdir. Quyosh, shamol va biogaz energiyasini yaratish, elektro avtomobillar ishlab chiqarish kabi ekologik yo‘nalishlar yashil sukukning aktivlaridir.

Tabiiy boyliklarni tejash, xavfsiz ekologiyani ta’minlash va qayta tiklanadigan energiya resurslarini yaratish orqali insonlarning talab va ehtiyojlarini qondirishga qaratilgan loyihalarni moliyalashtirish bugungi kunning dolzarb mavzulariga aylanib bo‘lgan.

So‘nggi yillarda yashil sukukning imkoniyatlaridan foydalangan holda infratuzilmalarni moliyalashtirish dunyo davlatlarida ommalashib bormoqda.

2017–2020 yillar davomida Indoneziya, BAA, Malayziya va Saudiya Arabistoni 9 mlrd dollarlik yashil sukuk chiqargan.

2020 yilda covid-19 avj olgan paytda ham global miqyosda 2,56 mlrd dollarlik, 2021 yilda esa 1,57 mlrd dollarlik yashil sukuklar chiqarildi.

Birinchi yashil sukuk 2017 yilda qayta tiklanadigan energiyani yaratish maqsadida Tadau Energy guruhi tomonidan chiqarilgan bo‘lib, Malayziyadagi quyosh elektr stansiyasini moliyalashtirish uchun 59 million AQSh dollari yig‘di. Shu yili Malayziya bilan bir qatorda Indoneziya dunyodagi birinchi suveren yashil sukuk va dunyodagi birinchi chakana yashil sukukni chiqarish orqali yetakchilikni ko‘rsatdi.

Fors ko‘rfazi davlatlari yashil sukuk imkoniyatlarini ham jalb qilgan holda (karbonsizlanish) barqaror loyihalarni moliyalashtirish bo‘yicha ishlarni amalga oshirmoqda. Misol uchun, Saudiya Arabistoni 2030 yilga kelib elektr energiyasining 50 foizini toza manbalardan ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda. BAA esa 2050 yilga kelib umumiy energiya tarkibidagi toza energiya hissasini 50 foizga oshirishni maqsad qilgan. Bahrayn 2025 yilgacha qayta tiklanadigan energiya manbalarini 250 Mvattga yetkazishni reja qilgan.

Hozirgi kunda Islom moliyasi mahsuloti bo‘lmish sukuk qimmatli qog‘ozlari orqali moliyalashtirilayotgan boshqa ko‘plab sohalarni kuzatish mumkin.

O‘zbekiston

O‘zbekiston – iqtisodiy, ijtimoiy, ekologik islohotlarni keng amalga oshirayotgan davlatlardan. Bu islohotlarni amalga oshirishda moliyalashtirish manbalari, mukammal qonunchilik hamda aholining moliyaviy savodxonligi muhim o‘rin egallaydi.

Infrastrukturalarni yaratishda tashqi qarzlarni jalb qilishning samarali tomonlari bo‘lsa-da, iqtisodiy xavflari ham yuqori. Shu boisdan mahalliy va xorijiy investorlarni o‘ziga jalb qiladigan loyihalarni shakllantirish va moliyaviy instrumentlarni rivojlantirish mamlakatga investitsiyalar oqimining ortishini ta’minlaydi.

Innovatsion va inklyuziv moliya tizimini yaratishda vazirlik va idoralarning xususiy sektor va ekspertlar bilan doimiy hamkorlikda ishlashi maqsadlarga tezroq va samarali erishishda muhim o‘rin egallaydi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2020 yil dekabr oyida Oliy Majlisga qilgan murojaatida O‘zbekistonda Islom moliyasini joriy qilish vaqti kelganini ta’kidlagan edi. O‘zbekistonda Islom moliyasining joriy etilishi moliya bozorining diversifikatsiyalanishiga, inklyuziv moliya bozorining rivojlanishiga, moliyalashtirish manbalarining ortishiga, investitsiyalarning ko‘payishiga sabab bo‘ladi.

Natijada Islom moliyasi mahsulotlaridan bo‘lmish sukuk qimmatli qog‘ozlarini joriy etish orqali transport va logistika, energetika, qurilish, tog‘-kon metallurgiya, xususiy sektor va boshqa sohalarni moliyalashtirish imkoniyatlari vujudga keladi.

Misol uchun, sukuk qimmatli qog‘ozlaridan:

  • Surxondaryo, Qashqadaryo, Buxoro, Navoiy, Xorazm va Jizzax viloyatlarida quyosh panellarini o‘rnatish va moliyalashtirishda,
  • Qoraqalpog‘iston, Toshkent viloyati, Buxoro va Navoiy viloyatlarining shamolli hududlarida shamol elektr stansiyalarini o‘rnatishda,
  • pulli avtomobil yo‘llarini Toshkent–Nukus, Toshkent–Andijon, Toshkent–Surxondaryo yo‘nalishlari qurishda,
  • tezyurar poyezdlarni, yangi samolyotlarni xarid qilish kabi loyihalarni moliyalashtirishda foydalanish mumkin.

Aholi qo‘lida va tadbirkorlarda mavjud bo‘sh pul mablag‘larini sukuk orqali maqsadli va to‘g‘ri yo‘naltirish nafaqat aholi va tadbirkorlarning daromad olish imkoniyatlarini kengaytirishi, balki moliyaviy muammo tufayli o‘z yechimini topishga qiynalib turgan loyihalarning ishga tushishini ta’minlaydi.

Foydali loyihalarga mahalliy aholi va tadbirkorlarni jalb qilish natijasida milliy daromad oshadi, pul oqimining tashqariga chiqib ketish oldi olinadi.

Iskandar Tursunov,

INCEIF Islom moliyasi xalqaro universiteti magistranti, islom moliyasi mutaxassisi

Mavzuga oid