O‘zbekiston | 10:05 / 31.07.2022
20447
9 daqiqa o‘qiladi

«Yangi transformator va kabellarning aksar qismi yangi qurilishlarga ketib qolyapti» – vazir o‘rinbosari bilan intervyu

Energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xo‘jayevning ta’kidlashicha, iyul oyida kuzatilgan avariyalar anomal issiq ta’sirida yuzaga kelmagan. Mavjud transformatorlarning aksariyati juda eski ekani va jazirama vaqtida yuklama ortib ketishi tufayli ularning zo‘riqish bilan ishlashi avariyalarni keltirib chiqarmoqda.

– O‘zbekistonda iyulning ikkinchi yarmida elektr energiyasi ta’minotida avvaliga qisqa muddatli uzilishlar kuzatildi. Jazirama avjiga chiqqan kunlari esa joylarda soatlab, sutkalab elektr bo‘lmadi. Aslida anomal issiq yoz fasli uchun yangilik emas, bu – har yili kuzatiladigan holat. Nima uchun kuz-qish mavsumiga tayyorlanilgani kabi yoz mavsumiga ham tayyorlanilmaydi? Nega kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida nimstansiyalar aynan yoz paytida ta’mirlanadi, shu sababli yuk transformatorlari ishchi holatida bo‘lmaydi?

– Kuz-qish mavsumidagi elektr energiyasiga bo‘lgan talabning ortigi bilan yoz mavsumidagi talabning ortishida juda katta farq bor. Energoqurilmalarimiz o‘z ish rejimida tashqi ob-havo sharoitiga uzviy bog‘liq. Kun qancha sovigani sari transformatorlarimiz yoki yangi turdagi issiqlik elektr stansiyalarimiz bug‘-gaz qurilmalarining ishlash mexanizmi yaxshilanadi.

Lekin issiqda transformatorlar, bug‘-gaz qurilmalari, yoki bo‘lmasam havo-elektr uzatish tarmoqlari zo‘riqib ishlaydi. Jazirama 40 darajadan oshganda transformatorlarni sovitish tizimi ko‘p holatlarda dosh berolmaydi va qizib ketishi tufayli himoyadan o‘chadi.

Shu bilan birga, bir narsani aytib o‘tishim kerak, uzoq muddatli o‘chishlar kuzatilgan, ya’ni sutkalab svet bo‘lmagan joylar ko‘p bo‘lgani yo‘q, bu o‘zimizni oqlash emas. Yuzaga kelgan avariyalarni tezkorlik bilan bartaraf etishga harakat qildik.

Kuni kecha o‘zim ham bitta avariyaning tepasida turib, elektr liniyalarini mumkin qadar tezroq ta’mirlab ishga tushirdik.

Muammo nimada? Infratuzilma haqiqatan ham juda eskirib ketgan. Mana, oddiy misol, o‘zim borgan joydagi kabel tarmog‘i ellik yildan ortiq xizmat qilgani ma’lum bo‘ldi. Biz uning uzilgan joyini topib, ta’mirlashimizga u qadar ko‘p vaqt ketgani yo‘q, lekin bir marta zo‘riqib ishlagandan keyin kabel 3-4 joyidan uzilib ketadi. Bittasini topasiz, ta’mirlaysiz. Endi uladim deganingizda, ikkinchi uzilgan joyi chiqadi. Uni topib ta’mirlaysiz, tarmoqqa ulagan vatqingizda keyingi uzilgan qismi aniqlanadi.

Albatta, buning yechimi yagona: kabel tarmoqlarini almashtirishimiz kerak. Bu esa mablag‘ga borib taqaladi. Shu o‘rinda bitta narsani aytib o‘tishimiz kerak, yildan yilga issiqlik elektr stansiyalari, quyosh yoki shamol elektr stansiyalari yoki gidroelektr stansiyalarning yangi ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish bo‘yicha dasturlarimiz tasdiqlanib boryapti. Bundan tashqari, oldimizda magistral tarmoqlarimizni, ya’ni yuqori kuchlanishli tarmoqlarimizni hamda past kuchlanishli tarmoqlarni rekonstruksiya qilish va modernezatsiya qilish vazifasi turibdi.

Ishlab chiqarishni oshirish va magistral tarmoqlarni yangilash bo‘yicha rejalarimizni to‘liq bajaryapmiz. Past kuchlanishli tarmoqlarga kelsak, u yerda ham reja bajarilyapti, lekin asosan yangi qurilish hisobiga. Ya’ni o‘tgan yili 4 mingta transformator, 15 ming km uzunlikdagi elektr tarmog‘i yangilanishi rejalashtirilgan bo‘lsa, shuning bir qismi eskilarini almashtirishga, bir qismi esa yangidan qurishga reja qilingan edi.

Amaliyotda yildan yilga bitta holat takrorlanmoqda. Yangi transformator va kabellarning aksariyat qismi yangi qurilishlarga ketib qolyapti, eskisini yangilashga resurslarimiz yetmayapti.

Resurslar, yuqorida aytganimday, mablag‘ bilan bog‘liq. Bugungi kundagi elektr energiyasi tariflari mana shu tarmoqlarni biz xohlagan tezlikda yangilash imkoniyatini bermayapti.

– Shuning uchun ham elektr energiyasining tariflarini oshirish, elektr iste’moli uchun ijtimoiy norma belgilash bo‘yicha hukumat qarori loyihasi ishlab chiqilgandi. Dastlavval 1 iyuldan, so‘ngra 15 iyuldan tabaqalashtirilgan tariflarga o‘tilishi e’lon qilindi. Biroq keyin bu ish kechiktirildi. Sohadagi muammolarning yagona yechimi tariflarga borib taqalayotgan bo‘lsa, hukumat qarori ijrosi ortga surilishiga nima sabab bo‘ldi?

– Aslida sohadagi muammolarning yagona yechimi tariflar emas. Tariflarni oshirgan bilan hamma muammolar o‘z-o‘zidan hal bo‘lib qolmaydi. Albatta, tariflarni oshirish ijtimoiy masalalarni keltirib chiqaradi. Jamiyatning fikrini o‘rganmay turib, aholining tariflar oshirilishiga qanchalik tayyorligiga amin bo‘lmay turib bunday qarorni qabul qilib bo‘lmaydi.

Qolaversa, tizimli muammolarni hal qilish uchun tariflarni oshirishning o‘zi yetarli emas. Xo‘p, bir marta oshiramiz, keyin nima bo‘ladi? Oshirilgan tariflar evaziga xalqqa nima taklif aytolamiz degan savol tug‘ildi. Hurmatli prezidentimiz tomonidan ikkita-uchta masalani qamrab olish bo‘yicha topshiriq berildi.

Birinchisi, bu past kuchlanishli, ya’ni iste’molchilar ulangan tarmoqlarni yangilashning kamida ikki yillik dasturini tasdiqlash. Deylik, tarifni oshiramiz, buning evaziga sohaga shuncha qo‘shimcha pul keladi, mana shu pulning evaziga nima quramiz, nimalarni yangilaymiz? Avvalo, shu savolga javob topishimiz talab qilindi.

Ikkinchisi, tariflarni oshirish bilan bir qatorda islohotlarni qanday davom ettiramiz? Sohaga qo‘shimcha xususiy investitsiyalarni jalb qilish uchun shu paytgacha qabul qilingan qarorlardan farqli o‘laroq – ya’ni bugungi kungacha qabul qilingan qarorlarning aksariyati qandaydir loyihalar uchun qabul qilingan – endi bundan asta-sekinlik bilan voz kechib, qanday tizim yaratamizki, qo‘shimcha qarorlarsiz, qo‘shimcha bitimlarsiz, to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘zi sohaga kirib kelib, investitsiyasini kiritaveradi.

Davlat tizimga kiritishni rejalashtirgan investitsiyani boshqa maqsadlarga yo‘naltiradi, masalan, elektr energiyasini ishlab chiqarishga qancha ko‘proq xususiy kapitalni jalb qilsak, davlat rejalashtirgan investitsiyasini tarmoqlarni rivojlantirishga ishlatadi. Ya’ni elektr uzatish tarmoqlarini, transformatorlarni, nimstansiyalarni yangilashga yo‘naltiradi.

Mana shu islohotlar ko‘zda tutilgan ikkita qaror loyihasi tayyorlandi. O‘ylaymanki, ular qisqa muddat ichida qabul qilinadi.

– Jahon meteorologlari prognozlariga ko‘ra, sayyoramiz yildan yilga isib boraveradi va bu afsuski O‘zbekistonni ham chetlab o‘tmaydi. Anomal issiq sharoitida nimstansiya va transformatorlarning qizib ketishi va buning oqibatida ularda yong‘in kelib chiqinining oldini olish uchun balki ularning sonini jiddiy oshirish kerakdir? Shu chora muammoning yechimi bo‘la oladimi?

– Transformatorlarning yonib ketishi aslida qandaydir anomal issiq ta’siri emas. Transformatorlarning aksariyati eskirgani, bu birinchi sabab bo‘lsa, ikkinchisi, ularning zo‘riqish bilan ishlayotgani. Ya’ni anomal issiq to‘g‘ridan to‘g‘ri transformatorga ta’sir qilmaydi. Bunday ob-havo sharoitida transformatorlarga tushadigan yuklama keskin ortib ketadi.

Transformatorlarning yuklanganlik darajasi 70-75 foizda ishlashi eng optimal hisoblanadi. Lekin kun juda qattiq isib ketganda transformatorlar 100, 120, 150 foizgacha yuklama bilan ishlayapti va buning natijasida yong‘inlar kelib chiqayapti.

Anomal issiq bo‘lsa ham nimstansiya va transformatorlarga tushayotgan yuklama me’yoridan ortmasa, hech qanday yong‘in kelib chiqmaydi. Har qanday uskuna ham me’yoridan ortiq yuklama bilan ishlasa ishdan chiqadi. Aksariyat holatlarda iste’molni bir muncha tejash haqidagi iltimoslarimiz mana shunga, ya’ni transformatorlarimiz yonib ketishi, kabel tarmoqlarimiz ishdan chiqishining oldini olishga qaratilgan.

– Demak, inqiroz paytida elektr energiyasini «shaxmat tartibi»da o‘chirish amaliyotda bor ekanini tasdiqlaysiz?

– Bu inkor etib bo‘lmaydigan narsa. O‘chirmaymiz desak yolg‘on bo‘ladi. Belgilangan jadval asosida o‘chirishga majbur bo‘lamiz. O‘chirmasak, tarmoq ishdan chiqib, keyin uni tiklashga sutkalab vaqt ketib qoladi.

Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilish mumkin.

Jamshid Niyozov suhbatlashdi.
Tasvirchilar: Abduqodir To‘lqinov, Asadbek Kuryazov
Montaj ustasi: Muhiddin Qurbonov

Mavzuga oid