O‘zbekiston | 14:07 / 06.08.2022
14001
3 daqiqa o‘qiladi

Attestatsiya va OTMga kirish imtihonlari keyingi yildan birlashtirilishi mumkin - DTM direktori

Maktab bitiruvchilarining yakuniy davlat attestatsiyasi va oliygohga kirish imtihonini birlashtirib yuborish 2023 yildan yo‘lga qo‘yilishi mumkin, deya ma’lum qildi Majid Karimov.

Foto: Norma.uz

Davlat test markazi direktori Majid Karimov bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev bilan suhbatda OTMlarga o‘qishga kirish bo‘yicha har yilgi imtihonlarda testdan boshqa formatlarni ham qo‘llash rejasi borligi haqida gapirdi.

Karimovga ko‘ra, test – katta sonli abituriyentlarni baholashning asosiy usullaridan hisoblanadi.

“DTM tomonidan 2 yil oldin milliy sertifikat tizimini joriy etish ishlari boshlangan. Boshida bu tizim sal shoshilib yaratilgani uchun, hozirda kamchiliklarini bartaraf etish jarayoni ketyapti. Xudo xohlasa, yilning oxirida shu tizimni qayta yo‘lga qo‘yamiz. Xuddi CEFR'ga o‘xshab, bunda ham amaliy, nazariy, nostandart ko‘rinishlari bo‘ladi. Bu bo‘yicha ishlar qilinyapti, buni tizimli ravishda olib boramiz.

Shu bilan birga, ayni vaqt juda katta me’yoriy hujjat tayyorlanmoqda, muhokamadan ham o‘tdi, ya’ni unifikatsiya masalasini joriy etish bo‘yicha. Bu yaqin o‘rtada, masalan, 2023/24 o‘quv yilidan ham bo‘lishi mumkin”, – dedi DTM rahbari.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda maktab bitiruvchilarining yakuniy attestatsiya imtihonlarini davlat oliygohlariga kirish imtihonlari bilan unifikatsiya qilish rejalashtirilmoqda.

Davlat test markazi bu haqdagi qaror loyihasini 2020 yilda jamoat muhokamasiga qo‘ygan edi. Loyihada bu amaliyot 2021 yilda ayrim hududlarda sinovdan o‘tkazilishi ko‘zda tutilgandi.

Bu orqali maktab bitiruvchilarining 2-3 oy ichida ikki marta imtihon topshirishiga chek qo‘yish ko‘zda tutilgan. Natijada bolalardagi ortiqcha stress kamayishi, 9-sinfni bitirgandan keyingi yakuniy imtihonlar sifati ham oshishi kutilyapti.

O‘tgan oyda muhokamaga qo‘yilgan qaror loyihasiga ko‘ra, 2024/2025 o‘quv yilidan boshlab maktab bitiruvchilarining yakuniy davlat attestatsiyasini DTM o‘tkazishi mumkin. Test natijalari bo‘yicha bitiruvchilarga 3 yil muddatga amal qiladigan elektron milliy sertifikat beriladi.

Mavzuga oid