O‘zbekiston | 11:43 / 06.08.2022
11623
2 daqiqa o‘qiladi

Jizzaxda sodir bo‘lgan YTHda ikkita yuk mashinasi yonib ketdi

“Gazel” yuk mashinasi boshqaruvni yo‘qotib, qarama-qarshi yo‘nalishdan kelayotgan yuk mashinasining old tarafidan borib urilgan.

Foto: Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi

Jizzax viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi axborot xizmatining xabar berishicha, bugun, 2022 yil 6 avgust kuni soat 04:14 larda 4R-38 Jizzax-G‘allaorol avtomobil yo‘lining G‘allaorol tumani “Ko‘kgumbaz” MFYdan o‘tuvchi 30-kilometrida ikkita yuk mashinasi ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.

1986 yilda tug‘ilgan fuqaro boshqaruvida bo‘lgan “Gazel” yuk mashinasi G‘allaorol-Jizzax yo‘nalishida boshqaruvni yo‘qotib, qarama-qarshi yo‘nalishdan kelayotgan, 2002 yilda tug‘ilgan fuqaro boshqaruvidagi yuk mashinasi bilan to‘qnashgan.

Shundan so‘ng avval “Gazel”da yong‘in chiqqan va biroz o‘tib olov yuk mashinasiga ham o‘tgan.

Olovni o‘chirish uchun G‘allaorol tumani FVB yong‘in-qutqaruv bo‘linmasi soat 04:31da yong‘in joyiga yetib borgan va soat 04:50 da yong‘in to‘liq bartaraf etilgan.

Yong‘in oqibatida har ikkala mashinaning kabinasi va salon qismi yonib ketgan. Hodisada hech kim tan jarohati olmagan.

Avvalroq, Jizzaxda 60 ming dollarlik Hyundai Santa FE mashinasi yonib ketgandi.

Mavzuga oid