O‘zbekiston | 13:23 / 06.08.2022
18732
5 daqiqa o‘qiladi

Majid Karimov DTMdagi yopiq rejim haqida ma’lumot berdi

Davlat test markazi 28 iyuldan boshlab yopiq rejimda faoliyat olib boryapti. Markaz direktori Majid Karimov bu qanday tashkil etilgani va X-variantlar haqida gapirdi.

Foto: Kun.uz

Davlat test markazi direktori Majid Karimov bloger Xushnudbek Xudoyberdiyevning Telegram-kanalidagi ovozli chatda markazda tuzilayotgan savollar tashqariga chiqib ketmasligi uchun ko‘rilayotgan choralar haqida ma’lumot berdi.

“DTM 28 iyuldan boshlab yopiq rejimga kirgan. Mana shu yopiq rejimni ta’minlash maqsadida huquq tartibot organlari jalb etilgan. Test topshiriqlarining chiqib ketmasligini nazorat qilish uchun alohida guruh ajratilgan. Ular kecha-yu kunduz shu jarayonlarni to‘liq nazoratga olishgan. Bu yerda biror topshiriq chiqib ketishi mumkin ham emas.

Bunda xodimlarning hech biri tashqari bilan muloqot qilolmaydi, shuningdek, u yerda aloqa vositalaridan foydalanish ham cheklangan. Chunki juda ko‘plab ovoz so‘ndirgichlari o‘rnatilgan, hatto bizning hududga yaqin bo‘lgan qo‘shni idoralardan ham aloqa vositalarini ishlatolmagani uchun e’tirozlar bo‘lib qoladi. Bu jarayon bizga kerak bo‘lgani uchun ulardan uzr ham so‘raymiz.

DTM binosidagi savollar kitoblari / Foto: Kun.uz

Bu – qo‘shimcha choralar, qolaversa, chetdan jalb qilingan mutaxassislar jarayonni to‘liq nazoratga olishgan”, – dedi DTM rahbari.

Karimov X-variantlar haqidagi savolga ham javob berdi.

X-variantga kelsak, buning o‘zi yo‘q. Abituriyentlarning har biri uchun alohida imzo varaqlari beriladi, bu varaqlar kompyuterda shakllantirilgani uchun kimga qanday savol tushishi ham noma’lum.

Umuman olganda, bu yil salbiy holatlar kuzatilmaydi deb o‘ylayman, chunki buning oldini olish uchun biz barcha harakatimiz, vositalarimizni safarbar etganmiz”, – dedi u.

DTM rahbarining aytishicha, ayni paytda testlarga tayyorgarlik yakunlanish arafasida, joylarda stadion va xiyobonlar shay holatga keltirilgan. Imtihon joylariga barcha vositalar olib borilgan, hozirda ularning qanchalik sozligini tekshirish ketmoqda.

Arxiv foto: Kun.uz

Ijodiy imtihonlar

Majid Karimov bu yil ijodiy imtihon topshiriladigan yo‘nalishlarga 12 mingdan ziyod abituriyent ariza topshirganini ma’lum qildi. Shundan 4 ming nafarida sertifikat bo‘lgan, sertifikati yo‘q 9 mingdan ortig‘i esa imtihonlardan o‘tishgan.

“Jarayon juda yaxshi o‘tdi, uni takomillashtirish uchun keyingi yildan kompyuterlik tizimi ham joriy etilishi mumkin. Bunda xorij tajribasi ham o‘rganilmoqda”, – dedi markaz direktori.

Uning qo‘shimcha qilishicha, bu yil ijodiy imtihonlar 11 ta til xorijiy til bo‘yicha o‘tkazilgan, keyingi yildan bu raqam ortishi mumkin.

Suhbat yakunida DTM direktori abituriyentlarga o‘zining maslahatlarini berdi:

  • Imtihon kuni ozgina vaqtli turib, o‘z vaqtida borish kerak.
  • Testga tamaddi qilgan holda borish kerak.
  • Borgandan keyin hech narsadan qo‘rqish kerak emas, agar notanish narsa, qandaydir tushunmovchilik uchrasa, o‘sha yerdagi xodimlardan so‘rash kerak. Test markazi xodimlari, guruh nazoratchilar tushuntirish beradi.
  • Test yechayotganda shoshilmaslik kerak. Savolga tushunmasa, uni o‘tkazib, keyinroq shu savolga yana qaytib kelish zarur.
  • Taqiqlangan narsani olib kirish kerak emas. Nazoratchi bilib qolsa, imtihon boshidan bekorga kayfiyatni buzib qo‘yish mumkin.
  • Testni ishlab bo‘lgach, titul varoqni to‘ldirayotganda ehtiyot bo‘lish, shoshilmaslik kerak.

“Test qo‘rqinchli narsa emas, hayajonlanmaslik kerak. Biz barcha sharoitlarni, shaffoflikni ta’minlab beramiz, xudo xohlasa, muammo bo‘lmaydi. Yoshlar qo‘rqishmasin, ularning hamma narsaga qurbi yetadi, bilimi yetadi, faqat shunga ishonishsin. Bu jarayonda ularga yana bir bor omad tilayman”, – dedi Majid Karimov.

Eslatib o‘tamiz, OTMlarga kirish uchun test sinovlari 8 avgustdan boshlanib, turli hududlarda 10 kundan 13 kungacha davom etadi.

Bu yil bakalavriatga 1 214 232 nafar abituriyent hujjat topshirgan. Shundan 395 023 nafari – maktabni shu yil tugatganlar.

Imtihon jarayonlari internet orqali jonli tarzda translatsiya qilinishi kutilmoqda.

Mavzuga oid