Jamiyat | 15:00 / 07.08.2022
31908
12 daqiqa o‘qiladi

“Bu yerdagi eng ekzotik talabalar – o‘zbekistonliklar” - Stenford magistranti hikoyasi

Asror Arabjonov – Stenford universitetining huquq maktabi magistranti. U Kun.uz bilan suhbatda kontrakti yiliga 100 ming dollardan ortiq turadigan dunyoning ikkinchi raqamli universitetidagi ta’lim, Amerikadagi hayot va o‘tgan yili “El-yurt umidi” fondi atrofidagi mojarolar ortidan fondning 50 ming dollarlik stipendiyasidan voz kechgani haqida gapirib berdi.

Asror 2014 yilda Toshkentdagi xalqaro Vestminster universitetini tamomlab, bir necha yil davomida White&Case huquq firmasi va turli loyihalarda tajriba orttirgan. 2021 yilda Stenford universitetiga o‘qishga jo‘nab ketgan.

Ma’lumot uchun, Stenford universiteti dunyo oliygohlarining 2022 yilgi ARWU reytingida ikkinchi, QS reytingida uchinchi, THE reytingida to‘rtinchi o‘rinni egallab turibdi (bu uchalasi – dunyodagi eng nufuzli reytinglar).

“Ingliz tilini ming zo‘r bilganingiz bilan ta’lim tili boshqa tilda bo‘lishi juda qiyin”

— Stenfordga kelishdan oldin ham, hozir ham kutgan narsalarimiz katta bo‘lgan, lekin taassurotlar kutganimizdan ham ancha yuqori. Sayohatning o‘zi aytib o‘tarli narsa, chunki O‘zbekistondan Stenfordga kelish uchun to‘g‘ri uchoq yo‘q. Ota-ona va do‘stlardan uzoqlik ham bir muammo. Bundan tashqari, men magistraturaga universitetni bitiriboq kelmaganim, tajribaga ega bo‘lganim va Toshkentda uzoq yillar do‘st va tanishlar orttirganim uchun talabalik hayotiga yana moslashish qiyin kechdi. 2014 yilda o‘qishni bitirgan bo‘lsam, oxirgi imtihonda qaytib o‘zimni bunaqa stress holatiga olib kelmayman, deb qalamimni sindirib chiqib ketganman. 7 yil o‘tib magistr bo‘ldim, juda qiyin kechdi.

Ishdan keyin yana talabalik davriga qaytish, ma’ruzalarni eshitib, yana boshqa tilda o‘qish qiyin bo‘ldi. Ming til o‘rganganman, IELTS o‘qiganman deganim bilan, ta’lim tili boshqa tilda bo‘lishi umuman boshqa masala. Ingliz tili ona tili bo‘lgan va ta’limni shu tilda olgan kursdoshlarimiz bilan bizning ma’lumotni olib uni hazm qilishimiz tezligida katta farq bor.

Asror Arabjonov 

“Butun o‘qish davomida go‘yo “firibgarlik” hissi tark etmadi”

— O‘qishga kelganimdan beri impostor sindromi meni tark etmadi, bu siz o‘zingizni “bu yerda men firibgarman, mening joyim bu yer emas” deb his qilishingizga sabab bo‘ladi.

Biz pandemiya davrida o‘qishga kirganmiz, shundan beri barcha kursdoshlarimiz bilan umumiy guruhlarda gaplashib turdik. Shunday kursdoshlarim bor ediki, Koreyada sudya, Avstriyada sudya yoki yuridik firmada 15 yillik tajribasi bor, prokuror yoki Hindiston Markaziy bankining bosh yuristi o‘rinbosari – shunday odamlarni ko‘rib o‘zimni tayyorlagan edimki, “Asror, bu sening joying emas, sen ancha pastroqdasan”, degan impostor sindromi tark etishi qiyin bo‘ldi.

Eng qizig‘i, men yoki boshqalar zo‘r deb bilgan Koreyadagi sudya ham o‘zini xuddi shunday his qilib yurgan ekan. Amerikadagi kursdoshlarimiz ancha zo‘r biladi deb yursak, ularda ham shunday his bo‘lgan ekan. Chunki bir tarafdan universitetning bosimi bor, ikkinchi tarafdan topshirganlarning juda kam foizi o‘qishga qabul qilingan.

Bu bir tarafdan yaxshi: sen atrofingdagilarning o‘rta arifmetik qiymatisan deyishadi-ku, kuchlilarga qarab yanada kuchli bo‘lish mumkin.

“Stenfordda professorlarning ofis vaqtlari bor – bu qiziq tajriba”

— Bu yerda professorning ofis vaqti bor, bizda oldin yaxshi tajriba bo‘lmagan deb bilaman. Bunda har xil fanlardan darsga kiradigan professorlar o‘z xonasida o‘tirish vaqtlarini e’lon qiladi. Bu muddatda talabalar professorning yoniga kelib, o‘zini tanishtiradi, savollariga javob oladi, qonunda yozilgan qaysidir nozik masalani tushuntirib berishni so‘raydi.

Yana bir qiziq narsa, bu yerdagi professorlarning ishiga bo‘lgan munosabati. Ular o‘z ustida ishlashdan charchamaydi. Ulardan olgan motivatsiyam – dars berish juda muhimligini tushunganim bo‘ldi. Bilimingni oshirmoqchi bo‘lsang, o‘z ustingda ishla va o‘qiganlaringni boshqalarga o‘rgat.

“AQSh oliy sudyalari rok yulduzlaridan ham mashhurroq va ular Stenfordda dars beradi”

— Stenfordda dars berish ko‘pchilikning asosiy ishi emas. Hatto Kaliforniya oliy sudi sudyasi ham dars beradi, u AQSh Konstitutsiyasiga kiritilgan 14-o‘zgartirish fanidan dars o‘tadi. 14-o‘zgartirish bilan qulchilik bekor qilingandan keyin nima bo‘lgan, undan qolgan asoratlarni bartaraf etish bilan bog‘liq barcha keyslar bizga shu kursni o‘tadigan odam – Kaliforniya oliy sudi sudyasiga keladi.

Bizda (O‘zbekistonda) Oliy sud sudyalari qanchalik ko‘rinmaydi, biz tanimaymiz, lekin AQShda oliy sud sudyalari eng mashhur rok yulduzidan ham mashhurroq, ularning soni juda kam, bizdan farqli o‘laroq, ular odamlarning hayotiga to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir qiladigan qarorlar qabul qilishadi.

“Stenfordga tajriba muhim, baholar emas”

— Stenford asosan injiniring va ayti sohasi bilan mashhur. Universitetda tadbirkorlik sharpasi kezib yuradi. Bu yerda barcha qandaydir yangilik qilish kerak, nimadir yaratishimiz kerak, degan xayol bilan yurishadi. Stenfordning eng katta farqli jihati u tajribaga ko‘proq urg‘u beradi. Profilingizni tahlil qilayotganda, baholar pastroq bo‘lsa ham, bo‘lakcha tajribaga ega bo‘lsangiz, qabul qilish jarayonida sizga ko‘proq imkoniyat beradi.

“O‘zbekistonliklar – eng kamyob talabalar”

— Stenfordda kim eng ekzotik talaba deydigan bo‘lsangiz, o‘zbekistonliklar bu yerda eng kam topiladigan talabalar degan bo‘lardim. Adashmacam, kampusda bu yil faqat men O‘zbekistondan. Yana bir vatandoshimiz yaqinda o‘qishni bitirib ketdi, lekin qandaydir diskriminatsiya yoki qanaqadir muammo bo‘ladigan bo‘lsa, avvalo, men uchrashim kerak. Lekin masalan shu vaqtgacha bunday bo‘lmadi. Ya’ni “ekzotik” bo‘lganingiz uchun hamma siz bilan ko‘proq suhbatlashishga qiziqadi.

Agar siz bu yerga kelganingizda vaqtdan unumli foydalanaman desangiz, hech narsaga vaqtingiz bo‘lmaydi. Stenfordning o‘zida ish juda ko‘p, lekin o‘qish davrini o‘tkazib yubormaslik kerak. Huquq bo‘yicha LLM dasturi bir yillik, kuningizning yarmini ishlashga sarflaydigan bo‘lsangiz, bu yerda hech narsa ololmaysiz. Fevral oyida birinchi marta ota bo‘ldim, shuning yugur-yugurlari bilan ishlashga vaqt bo‘lmadi.

O‘zbeklar va o‘rta osiyoliklar bilan munosabatlar haqida

— Kaliforniyaning o‘zida juda kam o‘zbeklar yashaydi. Borlari ham ayti yoki konsalting sohasida ishlaydi. Juda ko‘p o‘zbeklar bilan ko‘risha oldik, aytichi o‘zbeklar bilan umumiy guruhlar bor – dam olish kunlari haykinglarga chiqib turamiz, birga sayr qilamiz. Kaliforniya juda qiziq, har bir nuqtasi ajoyib. Bir tiyin sarflamasdan o‘rmonlarini, plyajlarini aylanib chiqsangiz bir yil vaqtingiz yetmaydi.

Stenfordga kelganimdan keyin menga eng foydali bo‘lgan doiralardan bittasi – o‘rta osiyoliklar guruhi bo‘ldi. O‘zbeklar kam bo‘lgani bilan Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikistondan kelgan juda ko‘p Stenford bitiruvchilari bor. Ular o‘qishni bitirib, shu yerda qolib ketgan. Bundan tashqari, turli kompaniyalarda ishlayotgan o‘rta osiyoliklar ham bor. Ularning aksariyati bilan tanishdik va tez-tez ko‘rishib turamiz.

“El-yurt umidi”ning 50 ming dollarlik stipendiyasidan voz kechgani haqida

— Siz bilan oxirgi intervyumizda ham aytgandim: asosiy maqsadim o‘zimga shartnomaga majburlab pul to‘latish emas, qiyin sharoitga tushib qolgan stipendiatlarga yordam berish edi. Muammo ijobiy hal bo‘ldi, deyarli barcha talabalarning kontraktlari to‘lab berildi.

O‘sha suhbatdan keyin fond rahbariyati bilan gaplashdik, shartnoma summasi qimmat deyishdi va shartnomaning yarmini to‘lab berishga rozi bo‘lishdi. Bir yillik kontrakt miqdori 106 ming dollar bo‘lsa, ular 50-55 ming dollarni to‘lashi kerak edi. Shunda qolganini o‘zimning yonimdan to‘lashimga to‘g‘ri kelardi. Biroq o‘ylab ko‘rib, shartnoma tuzmaganim yaxshi degan qarorga keldim. Chunki “El-yurt umidi” fondi bilan shartnomaning asosiy majburiyati – qaytib kelganingizdan keyin davlat tashkilotida ishlab berish. Davlat tashkilotlarida oylik qanaqaligini bilasiz. Fond bilan suhbat jarayonida o‘sha summa to‘liq to‘langanda, shartnoma shartlarini bajarib davlat tashkilotiga ishga kiradigan bo‘lsam, oylik miqdori menga to‘lab beriladigan kontrakt miqdoriga to‘g‘ri kelishi mumkin edi. Lekin katta qismini yonimdan to‘lab, yana past oylikka qaytib kelish qandaydir irratsional ko‘rindi.

Shartnomaga qo‘l qo‘ymaslikka qaror qildim. Keyin barchasini o‘zim to‘ladim, kelganimdan keyin turli grantlar oldim. Aynan Stenford bizning sohaga grant bermaydi, lekin ayrim huquq maktablaridan grant oldim. Bunda tanishlar yordam berdi, qanday imkoniyatlar borligini tushuntirdi.

O‘zbekistonga qaytish

— “El-yurt umidi” bilan shartnoma tuzmaganim O‘zbekistonga qaytmasligimni anglatmaydi. Davlat ishi bilan xususiy sektorning farqi juda katta va men o‘qishga kirgunimcha xususiy sektorda ishlaganman. O‘zbekistonda to‘plagan pullarimiz evaziga shu yerda o‘qidik, men xususiy sohada ishlab yaxshi maosh olganman. Davlat ishiga o‘tishning tranzaksion-emotsional xarajatlarini bilmaganim uchun bu riskni olmaslikka qaror qildim.

Qisqa muddatlik rejalarim – bir yillik vizamdan foydalanib, tajriba orttirish. AQSh o‘qishni bitirgan talabalarga vizani yangilamasdan bir yil tajriba orttirish uchun viza imkoniyatini beradi, bunda bir yil AQShda ishlash huquqiga ega bo‘lasiz. Shundan foydalanish niyatim bor.

Kremniy vodiysida qolib, biror ayti kompaniyasining yuridik bo‘limida tajriba olib qaytishni maqsad qilganman. Bo‘sh vaqtim bo‘lganda hammaga maslahat berishga tayyorman. Maqsadim – o‘zbek talabasi Stenfordda ekzotik bo‘lmasin.

Madina Ochilova suhbatlashdi.
Operator va montaj ustasi – Mirvohid Mirrahimov.

Mavzuga oid