O‘zbekiston | 11:00 / 09.08.2022
8913
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent aeroportida bolalar aravachasida tilla taqinchoqlarni olib o‘tmoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi

Davlat bojxona qo‘mitasi “Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi xodimlari havo yo‘llari orqali tilla va zargarlik buyumlari noqonuniy olib o‘tilishining oldini oldi.

Foto: customs.uz

Toshkent xalqaro aeroportida Istanbul-Toshkent reysi bo‘yicha parvozini yakunlagan yo‘lovchilardan biriga tegishli qo‘l yuklari ko‘zdan kechirilgan. Uning sumkasi ichida yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasi va bojxona xodimlari og‘zaki so‘rovida ma’lum qilinmagan zargarlik buyumlari yashirilgani fosh bo‘ldi.

Yo‘lovchi bolasini o‘tqazgan aravacha cho‘ntagiga ham tilla taqinchoqlarni yashirgan. Bu shaxs bojxona nazoratiga taqdim qilmasdan turib, jami og‘irligi 1 kilogramm 198 grammni tashkil qiluvchi tilladan ishlangan zargarlik buyumlarini olib kirishga uringan vaqtda to‘xtatib qolindi. Mazkur zargarlik buyumlari umumiy qiymati salkam 590 mln so‘mni tashkil qilmoqda.

Respublika bojxonachilari tomonidan joriy yil o‘tgan 7 oyi davomida aniqlangan 177 ta bojxona qonunbuzilishi holatlarida qiymati 24 mlrd 663 mln so‘mlik, salkam 16 kilogramm og‘irlikdagi tilla va zargarlik buyumlari noqonuniy olib o‘tilishiga chek qo‘yilgan. To‘xtatib qolingan zargarlik buyumlari miqdori o‘tgan yil shu davriga nisbatan 40 foizga oshgan.

Ayrim turdagi tovarlarni bojsiz olib kirish cheklangan me’yorlariga ko‘ra, jismoniy shaxslar respublikaga qimmatbaho metall va qimmatbaho toshlardan yasalgan zargarlik buyumlaridan – 65 grammgacha olib kirishi mumkin.

Hozirda yuqoridagi holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid