Amnesty International hammuassisi Ukraina qurolli kuchlari to‘g‘risidagi hisobotdan so‘ng tashkilotni tark etdi
Tashkilotning Ukrainadagi vakolatxonasi direktori Oksana Pokalchuk hisobot e’lon qilingan kunning ertasiga ishdan bo‘shaganini e’lon qilgandi.
Amnesty International tashkilotining Shvetsiyadagi bo‘linmasi hammuassisi Per Vestberg Ukraina qurolli kuchlari (UQK) ayblangan hisobotdan norozi bo‘lgani uchun o‘z lavozimini tark etdi. U bu haqda Svenska Dagbladet gazetasiga ma’lum qildi.
«Amnesty’ning Ukrainadagi urush to‘g‘risidagi bayonoti sababli bu tashkilot bilan uzoq va samarali hamkorligimni yakunlayman», — dedi u.
Tashkilot dastlab mahbuslarni ozod qilish bilan shug‘ullangan, ammo vaqt o‘tishi bilan «o‘z mandatini kengaytirdi», dedi u.
Vestberg 1964 yilda Gans Yoran Frank bilan birga Amnesty Sweden hammuassisi bo‘lgan. U 1976–1982 yillarda Dagens Nyheter gazetasiga bosh muharrirlik qilgan, 1998 yildan buyon adabiyot bo‘yicha Nobel qo‘mitasi a’zosi hisoblanadi.
4 avgust kuni Amnesty International «Ukraina urushi taktikasi tinch aholiga xavf tug‘diryapti» nomli hisobotini e’lon qildi. Unda huquq himoyachilari UQK bo‘linmalari bir necha bor turar joylar, maktablar va kasalxonalar hududida o‘z texnikalarini joylashtirgani hamda shu pozitsiyalardan o‘q uzganini, bu esa tinch aholi uchun xavf tug‘dirayotganini ta’kidlagan.
Tashkilotning Ukrainadagi vakolatxonasi direktori Oksana Pokalchuk hisobot e’lon qilingan kunning ertasiga ishdan bo‘shaganini e’lon qildi.
Tashkilot keyinroq mazkur hisobot uchun uzr so‘radi. Shu bilan birga, huquq himoyachilari hisobotda keltirilgan xulosalardan voz kechmasligini bildirgan.
Mavzuga oid
09:10 / 06.12.2024
Isroil Amnesty International'ni soxtalashtirishlarda aybladi
11:28 / 19.08.2024
Amnesty International mojarolar hududiga qurol yetkazib berilishini qoraladi
21:53 / 29.05.2024
Dunyo bo‘ylab qatllar soni so‘nggi 10 yil ichida eng yuqori darajaga yetdi
08:26 / 20.07.2023