O‘zbekiston | 08:07 / 11.08.2022
5630
1 daqiqa o‘qiladi

Mirzo Ulug‘bek tumanida tarqalgan gaz hidi odorant moddasi bilan bog‘liq ekani aytildi

Kecha, 10 avgust soat 9:00 dan boshlab Mirzo Ulug‘bek tumanidagi tabiiy gaz iste’molchilari tomonidan gaz sizib chiqishi holati bo‘yicha bir qancha murojaatlar kelib tushdi. Tuman hokimligi ushbu holat yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi.

Foto: Mirzo Ulug‘bektumangaz

“Mirzo Ulug‘bektumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi avariya-dispetcherlik xizmatiga ushbu holat yuzasidan ko‘plab buyurtmalar kelib tushgan. 

Qayd etilishicha, buyurtmalar soni keskin ko‘payib ketgani bois bosh muhandis, usta va chilangarlar tomonidan buyurtmalar joylarga chiqib  o‘rganildi. 

O‘rganishlar natijasida tumandagi GTPlar kirish-chiqish bosimi me’yorda ekani, gazga odorant ko‘p qo‘shib yuborilgani aniqlandi. 

Ma’lumot uchun, tabiiy gaz rangsiz, hidsiz, ko‘zga ko‘rinmaydigan bo‘lganligi uchun etilmerkaptan - odorant moddasi gazni hidlantirish uchun qo‘shiladi.

Holat yuzasidan aholi tomonidan kelib tushgan murojaatlar tumangaz xodimlari tomonidan xonadonlarga chiqilib, to‘g‘rilash va tushuntirish ishlari olib borilmoqda. 

Qisqa vaqt ichida gaz ta’minotida me’yoriy holat joyiga keladi, deyiladi rasmiy xabarda.

Mavzuga oid