O‘zbekiston | 16:01 / 12.08.2022
4120
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda barcha aeroportlar uchun yagona boshqaruv tizimi ishga tushirildi

Uzbekistan Airports mamlakat aeroportlarini avtomatlashtirmoqda.

Foto: Uzbekistan Airports

Uzbekistan Airports mutaxassislari mamlakat xalqaro aeroportlarini yangi bosqichga olib chiqish uchun muhim IT va dasturiy ta’minot tizimlarini bosqichma-bosqich joriy etishga kirishdi

Ayni paytda aeroportda operatsion ma’lumotlar bazasi AODB (Airport Operational Database) tizimi, aviakompaniyalar bilan slotlarni muvofiqlashtirish va jadvalni yaratish uchun Slot (Slot Management System) tizimi va yo‘lovchilarga ma’lumotlarni vizual yetkazuvchi FIDS (Flight Information Display Systems) tizimi joriy etildi.

AODB tizimi ko‘p sonli tashuvlarni, transferlarni xavfsiz va samarali boshqarish imkonini beradi. Har kuni o‘nlab aeroport xizmatlari tizimni ma’lumotlar bilan to‘ldirib, barcha aeroportlar uchun yagona ma’lumotlar bazasini shakllantiradi. Unda har kuni havo kemalari barcha uchish va qo‘nishlari, ro‘yxatdan o‘tish va bortga chiqish vaqti, yo‘lovchilar va bagajlar soni, xizmat ko‘rsatishda qatnashgan texnikalar to‘g‘risida ma’lumotlar to‘planib boradi. 

AODB asosida Slot va FIDS quyi tizimlari o‘rnatilgan. Slot-koordinatsiya tizimi avtomatik ravishda parvozlar jadvalini - kelish va jo‘nash vaqtlarini yaratadi. FIDS tizimi AODB va Slot bilan integratsiyalashgan holda yo‘lovchilar uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlarni aeroport terminallaridagi tablolarda aks ettiradi.

«O‘zbekiston aeroportlari axborot texnologiyalarisiz raqobatbardosh bo‘la olmaydi. Bugungi kunda IT infratuzilmasini yaratmasdan, uning doimiy o‘sishi va rivojlanishisiz yirik yo‘lovchi oqimlarini boshqarishning iloji yo‘q. Bu global aviakompaniyalar uchun ham muhim mezondir. Ular parvoz jadvali qog‘ozda yoziladigan aeroportlarga uchmaydi, ular qulay tariflardan tashqari, zamonaviy texnologiyalar taklif eta oladigan aeroportni tanlaydi. Ushbu tizim va dasturiy ta’minotlari joriy etilishi ishlab chiqarish va moliyaviy ko‘rsatkichlar bo‘yicha barcha ma’lumotlarni onlayn tarzda olish imkonini beradi», – dedi Uzbekistan Airports boshqaruvi raisi Ra’no Jo‘rayeva.

AODB ko‘p tarmoqli tizim bo‘lib, barcha xalqaro aeroportlarni bitta operatsion markazdan boshqarish imkonini beradi. Monitor Soft, ZAMAR, ARINC va TAV technologies kabi xorijiy kompaniyalar ishtirok etgan tender natijasida ushbu dasturiy paketni yetkazib beruvchi sifatida IPG kompaniyasi tanlab olindi.

Mavzuga oid