“Chumchuq so‘ysa ham qassob so‘ysin”. Intellektual mulk huquqiga ixtisoslashgan sudlar nega kerak?
Mamlakatimiz sudlarida intellektual mulk bilan bog‘liq ko‘rilayotgan ishlar soni yildan yilga ortib bormoqda. 2011 yilda 22 ta shunday ish ko‘rilgan bo‘lsa, 2021 yilda bu 213 tani tashkil etgan. O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish harakatida ekan, intellektual mulk sohasini huquqiy muhofaza qilishi tizimini qayta ko‘rib chiqishi, shu yo‘nalishga ixtisoslashgan alohida sudlar tashkil etilishi lozim, deb hisoblaydi mutaxassis.
Har bir mamlakatning yuqori darajada iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishi, jamiyatdagi hayot farovonligini oshirish uchun intellektual mulk muhofazasi kuchli huquqiy tizimga ega bo‘lishi, intellektual mulk mualliflari davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi lozim.
Intellektual mulk huquqiy jihatdan kuchli muhofazaga olinsa, ixtirochi va ijodkorlarga yaratgan obektlari uchun munosib haq to‘lansa, ushbu soha investitsiyalar uchun jozibador bo‘lsa, bunda o‘z o‘zidan iqtisodiyotni taraqqiy ettirishga zamin yaratiladi.
Intellektual mulk obektlari bugungi kunda fuqarolik munosabatlarida ko‘p uchraydigan, ayniqsa rivojlangan davlatlar iqsodiyotining katta daromad manbaiga aylanib ulgurgan, yangi zamonaviy bilimlarga asoslangan inson tafakkuri mahsuli sifatida ajralib turadi.
Intellektual mulk mamlakatlarning jahon bozoridagi qaysidir yo‘nalishni egallash yo‘lidagi asosiy shartlardan biri bo‘lib, bugungi kunda intellektual mulk Yevropada yalpi ichki mahsulotning 45 foizini, Xitoyda 12, Rossiyada esa 7 foizni tashkil etadi.
Aytish joizki, AQSh, Germaniya, Yaponiya singari sanoati taraqqiy etgan davlatlarda yalpi ichki mahsulot o‘sishining 80 — 95 foizi texnika va texnologiyalarda o‘z ifodasini topgan yangi bilimlar hamda innovatsiyalar ulushiga to‘g‘ri kelmoqda.
Ilm-fan va innovatsiyani rivojlantirish, bu sohadagi yutuqlarni yuqori yuqori bahodagi mahsulotga aylantirishda intellektual mulkning ishonchli muhofazasini ta’minlash muhim omillardan biri hisoblanadi.
Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 27-moddasiga muvofiq, “Har kim o‘zi muallif bo‘lgan ilmiy, adabiy yoki badiiy asarlardan kelib chiqadigan ma’naviy va moddiy manfaatlarini himoya qilishga haqlidir”.
Shunga ko‘ra, intellektual mulkni himoya qilishning ta’sirchan mexanizmlari joriy etilishi rivojlangan davlatlar iqtisodiyotining poydevorini tashkil etadi va butun dunyoda mualliflar va ularning huquqiy vorislari manfaatlarini ta’minlash davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan.
Shundan kelib chiqqan holda bugungi kunda butun dunyoda intellektual mulk huquqlari bo‘yicha ixtisoslashgan sudlar soni tobora oshib bormoqda.
Ushbu tendensiya birinchi navbatda ixtisoslashgan sudlarga nisbatan talab borligi bilan baholansa, ikkinchidan, davlatlarning Jahon savdo tashkilotiga (WTO) a’zo bo‘lishi bilan bog‘liq desak hato bo‘lmaydi.
TRIPS Kelishuvining 41-moddasiga muvofiq, qayd etilgan tashkilotga a’zo bo‘lgan mamlakatlar intellektual huquqlarini samarali himoya qilish zarurligi rasman tan olinadi.
Ushbu normaga asosan ixtisoslashtirilgan intellektual mulk sudlarini yaratish majburiy bo‘lmasa ham ko‘plab xorijiy davlatlarning o‘zlari bunday qaror qabul qilishmoqda va WTO’ga a’zo mamlakatlarning aksariyatida ixtisoslashgan sudlar va tribunallar tashkil etilgan yoki mavjudlari qayta tasniflangan. Bunga intellektual mulk huquqlari bo‘yicha ixtisoslashgan sudlar tashkil etilgan xorijiy davlatlarni misol sifatida keltirish mumkin. Bular:
Turkiya Respublikasi - Adliya vazirligi huzurida tashkil etilgan ixtisoslashtirilgan sudlar intellektual mulkiy munosabatlar bo‘yicha nizoning miqdori yoki qonunda belgilangan jazodan qat’iy nazar vakolatli hisoblanadi.
Yaponiya - intellektual mulk huquqi masalalari Oliy sud tomonidan ko‘rib chiqiladi;
Xitoy – Intellektual mulk huquqi bo‘yicha ixtisoslashgan sudlar;
Shveytsariya va Germaniya - Federal Patent sudlari tomonidan ko‘rib chiqiladi;
Koreya - Patent Sudi;
Rossiya Federatsiyasi - Intellektual mulk huquqlari Sudi;
Tailand - intellektual mulk va xalqaro savdo masalalari bo‘yicha Markaziy sud;
Fransiya - ixtisoslashgan Sud palatalari;
Meksika - ixtisoslashgan sudlar;
Xindiston – ixtisoslashgan sudlar.
Hozirgi kunga kelib dunyoning ko‘plab rivojlangan mamlakatlarida intellektual mulk obektlariga doir huquqlarni sud orqali himoya qilish instituti tobora kengroq qo‘llanilmoqda.
Butunjahon intellektual mulk tashkiloti (WIPO) tomonidan tashkilotga a’zo davlat o‘rtasida har yili “Intellektual mulk huquqlarini himoya qilish indeksi bo‘yicha dunyo davlatlari reytengi” e’lon qilinib boriladi.
Ta’kidlash lozimki, aynan shu reytingda yetakchilik qilayotgan Shveytsariya, Shvetsiya, Finlandiya, Fransiya, Germaniya, Koreya, Xitoy davlatlarida intellektual mulk obektlari bilan bog‘liq nizolarni ko‘rib chiquvchi maxsus ixtisoslashgan sudlar tashkil etilganligi yana bir bor ushbu sudlarning ahamiyatga molik omillardan biri deb baholasak bo‘ladi.
Shuningdek, Belgiya, Braziliya, Vengriya, Gonkong, Daniya, Isroil, Eron, Ispaniya, Italiya, Kanada, Gollandiya, Norvegiya, Pokiston, Panama, Ruminiya, Sloveniya, Slovakiya, Janubiy Amerika mamlakatlari, Finlandiya, Fransiya, Shvetsiya, Rossiya, Turkiya kabi davlatlarning umumyurisdiksiya sudlari tizimida intellektual mulkka doir ishlarni ko‘rib chiquvchi maxsus, ya’ni ixtisoslashgan sud tarkiblari tashkil etilgan.
O‘zbekiston uchun ham bugungi kunda dunyoning har qanday mamlakati kabi intellektul mulk huquqi muhofazasini ta’minlovchi tashkiliy-huquqiy mexanizmlarni muntazam takomillashtirib borish eng dolzarb masalalardan biri bo‘lib hisoblanadi.
Xususan, xalqaro huquqiy hujjatlarda ham milliy qonunchiligimizda ham intellektual mulk obektlariga nisbatan mutlaq huquqlar o‘ta muhim fuqarolik huquqlaridan biri sifatida tan olinadi.
Har bir inson huquq egasi sifatida o‘zi muallifi hisoblangan ilmiy, adabiy va badiiy faoliyat natijalariga nisbatan ma’naviy va moddiy manfaatlari muhofaza qilinishini talab qilish huquqiga egadir.
Intellektual mulk obektlariga nisbatan mutlaq huquqlarni muhofaza qilish usullari ichida sud orqali himoya qilish muhim o‘rin egallaydi va u qonun bilan kafolatlanadi.
Zero, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 44-moddasiga binoan har bir shaxsga o‘z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalarining g‘ayriqonuniy xatti-harakatlari ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlangan.
Tahlillardan ayon bo‘ladiki, mamlakatimiz sudlarida ko‘rilayotgan intellektual mulk bilan bog‘liq ishlar soni yildan yilga ortib bormoqda masalan, 2011 yilda sud organlari tomonidan intellektual mulk obektlari va ularga oid huquqlarni ta’minlashga aloqador 22 ish ko‘rilgan bo‘lsa, 2018 yilda bu ko‘rsatkich 100 tani tashkil etgan, 2020 yilda 185 ta 2021 yilda 213 ta va 2022 yil yarim yillikda 141 dan ortiq ishlar turli sudlar tomonidan ko‘rilgan.
Ushbu ko‘rsatkichlar mamlakatimizda kundan kunga fan, texnika, san’at rivojlanib kelayotganligi, intellektual mulk egalarining esa o‘zlarining intellektual mulkiga bo‘lgan huquqlarini sud tartibida himoya qilish bilan bog‘liq murojaatlarining soni va turlari ortib borayotganligidan darak bermoqda.
Aytish joizki, yaqin kelajakda mamlakatimizda intellektual mulk obektlari bilan bog‘liq bo‘lgan nizolarni hal etish sudlar faoliyatining dolzarb masalalaridan biriga aylanishi ehtimoli mavjud, chunki butun dunyoda bo‘lgani kabi intellektual mulk huquqlarining buzilishi mavzusida bizning mamlakatimizda ham yetarlicha muammolar mavjud.
Bu muammolarning kelib chiqishiga quyidagilar sabab bo‘lmoqda.
- Birinchidan, aholining bu sohadagi bilim ko‘nikmalari va huquqiy madaniyati yetarli darajada emasligi;
- ikkinchidan; zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalari vositasida ma’lumotlarni uning muallifi, ya’ni huquq egasi ruxsatisiz o‘zlashtirish, o‘ziga mos ravishda o‘zgartirish, ko‘paytirish va tarqatish jarayonining o‘ta oson hamda arzon ishga aylanib qolishi;
- uchinchidan, sud-huquq tizimida faoliyat olib borayotgan sudyalarning intellektual mulk sohasida yetarli bilim va tajribaga ega bo‘lmaganligi sababli protsessual qonun moddalari noto‘g‘ri kvalifikatsiya qilinayotganligi holatlari uchrab turishi kabilar.
Shu sababli bugungi kunda intellektual mulk sohasidagi ishlarni ko‘rishda sudlar tomonidan ayrim xatoliklarga yo‘l qo‘yilayotganligi, shuningdek, sud tizimida ba’zi bir jiddiy muammolarning borligi ham haqiqat.
Ba’zi bir instansiya sudlari qarorlari bekor bo‘layotganligi yoki sudyalarimizning intellektual mulk sohasida yetarli bilim va tajribaga ega bo‘lmaganligi sababli protsessual qonun moddalari noto‘g‘ri kvalifikatsiya qilinayotganligi fuqarolarimizda intelektual mulk huquqi muhofazasiga nisbatan ishonchning pasayishiga sabab bo‘lmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Intellektual mulk sohasida davlat boshqaruvini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2019 yil 8 fevraldagi PQ-4168-son qarorida mamlakatimizda intellektual mulk egalarining huquqlarini sud tartibida himoya qilish bilan bog‘liq islohotlarni yanada kuchaytirish lozimligi belgilab berilganligi ham yuqorida bayon etilgan fikrlarimiz asosli ekanligining isboti sifatida qaralishi mumkin.
Xususan, mazkur qarorning 5-bandida intellektual mulkning samarali himoyasini ta’minlash bo‘yicha «Yo‘l xaritasi tasdiqlangan bo‘lib unda intellektual mulk huquqini sud orqali himoya qilish borasida juda ko‘p ishlarni amalga oshirish rejalashtirilgan.
Jumladan, intellektual mulk huquqi sohasidagi ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish va ma’muriy jazo qo‘llash huquqini adliya organlariga taqdim etgan holda, intellektual mulk obektlaridan noqonuniy foydalanganlik uchun ma’muriy javobgarlikni kuchaytirish, intellektual mulk obektlaridan noqonuniy foydalanganlik uchun jinoiy javobgarlikni kuchaytirish masalasini ko‘rib chiqish va shu bilan birga O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi qoshida Patent sudini tashkil etish masalasini o‘rganib chiqib, asoslangan takliflar ishlab chiqish vazifasi belgilagan.
Ixtisoslashgan sudlarni tashkil etishning ijobiy natijalaridan biri bu nizolarni sansalorliklarsiz, qisqa muddatlarda ko‘rib chiqilishiga hamda cohaning o‘ziga hos xususiyatlaridan kelib chiqqan holda sudyalar malakasini doimiy ravishda oshirib borish orqali sud amaliyotining bir xilligiga erishishga olib keladi.
Bu Qonunchilik va sud amaliyotining barqaror rivojlanishiga, sud qarorlarining bashorat qilinishiga olib keladi, bashorat qilish natijasida esa kelishuv bitimlari ko‘payadi.
Bu esa sudgacha bo‘lgan tartibda taraflarning o‘zaro kelishuvga kelishi ya’ni mediatsiyani rivojlantiradi.
Ixtisoslashgan sudlarning tashkil etilishi va ularning uzluksiz ishlashi ko‘plab mamlakatlarda intellektual mulk huquqi buzilishining kamayishiga olib keldi.
Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish harakatida ekan, intellektual mulk sohasini huquqiy muhofaza qilish tizimini qayta ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq bo‘lar edi.
Mahmudova Madina O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Intellektual mulk departamenti,
mualliflik va turdosh huquqlar boshqarmasi bosh maslahatchisi
Mavzuga oid
16:19 / 24.12.2024
Tanqiddan so‘ng: 2 bolaning o‘limiga sababchi bo‘lgan haydovchi 3 yilga ozodlikdan mahrum qilindi
21:28 / 18.12.2024
Guliston IIB TB fuqarolik nizosidan jinoyat ishi “yasadi”. Tergovchi yangi yilni issiq uyida, 50 yoshli ayol esa Rossiya hibsxonasida kutib oladimi?
21:02 / 12.12.2024
Yangiyo‘lda 5 bolani bosib ketib, ikki nafarining o‘limiga sababchi bo‘lgan haydovchi axloq tuzatish jazosini oldi
15:29 / 11.12.2024