O‘zbekiston | 09:36 / 16.08.2022
11090
5 daqiqa o‘qiladi

SSV va Farmatsevtika agentligi 122 nafar bemorning taqdiriga befarq  

Miasteniya bilan og‘rigan bemorlar qariyb bir oydan buyon «Kalimin» dorisini kutadi, ammo joylarda bu dori “anqoning urug‘i” bo‘lib turibdi, borlarining narxi esa otning kallasidek qimmat. Mas’ullar munosabat bildirishga shoshilishmayapti.

9 avgust kuni Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi o‘zining rasmiy saytida miasteniya bilan og‘rigan bemorlarning «Kalimin» dorisi joylarda kamayib ketganligi, borlari juda qimmat sotilayotgani haqidagi rasmiy xabarni e’lon qildi.

Agentlikning keltirishicha, 4 avgust kuni Rasul Kusherbayevning Telegram-kanalida bu dorining narxi hozirda 10 baravar oshgani, oldin iste’molchilar uni 170 ming so‘mdan xarid qilgan bo‘lsa, hozirda 1 mln so‘mgacha sotilayotgani yozilgan. Ayni vaqt 122 nafar bemorga bu dori suv va havodek zarur, ular muammo bartaraf etilishini intizorlik bilan kutishmoqda.

«Mening qaynotam miasteniya kasalligidan davolanadi. Bir oyga bir yarim pachka ketadi.

«Kalimin»ning bir pachkasini 170 mingdan olardik. Hozirgi kunda ushbu dorini topishga kiynalib qoldik. Boriyam bir millionga chiqib ketdi.

Dorining O‘zbekistonga keltirilishi to‘xtaganmish. Unda Sog‘liqni saqlash vazirligi boshqa analoglari keltirilishining chora-tadbirlari ko‘rib chiqilishida amaliy yordam berishingizni so‘rayman.

Sog‘liqni saqlash vazirligiga ham, portalga ham, Farmatsevtika agentligiga ham yozdim. Lekin natija yo‘q.

«Kalimin»ni mahalliylashtirish yo‘llarini ham ko‘rib chiqishsa, yaxshi bo‘lardi. Qaynotam «Kalimin»ni ichmasa ko‘zini ocholmay, yurolmay, ovqat yeyolmay qoladi.

Dori bizga suv va havodek zarur»,– deydi murojaat qilgan fuqarolardan biri.

Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligining yozishicha, prezidentning tegishli qaroriga ko‘ra, chetdan olib kelinadigan, mamlakat ishlab chiqaruvchilaridan sotib olinadigan dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlarini ulgurji va chakana sotish ularni yetkazib berishda ishtirok etuvchi vositachilar sonidan qat’i nazar, ulgurji savdo uchun sotib olingan qiymatidan 15 foizdan, chakana savdo uchun ulgurji narxidan 20 foizdan ortiq bo‘lmagan miqdorlarda belgilanadigan cheklangan savdo ustamalari qo‘llanilgan holda amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi dori vositasining har bir savdo nomi narxlarining undan yuqori narxda O‘zbekistonga yetkazib berilishi (import dori vositalari uchun) va mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan sotilishiga (mahalliy dori vositalari uchun) yo‘l qo‘yilmaydigan eng yuqori chegarasini qayd etish bo‘yicha mas’ul bo‘lgan vakolatli organ hisoblanadi.

Kun.uz masala yuzasidan izoh olish maqsadida Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi axborot xizmati rahbari Qizlarxon Begmatova bilan bog‘landi. Uning ta’kidlashicha, Begmatova bu masalada Sog‘liqni saqlash vazirligiga axborot tayyorlanayotganligi, tez orada agentlikning rasmiy sahifalarida ham e’lon qilinishini aytdi (suhbat 2022 yil 16 avgust kuni bo‘lib o‘tgan).

Murojaat deputat Rasul Kusherbayevning Telegram-kanalida 4 avgustda, Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligining rasmiy saytida esa 9 avgust kuni e’lon qilingan. Agentlik o‘sha kunning o‘zida hatto Sog‘liqni saqlash vazirligi va Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligiga xat ham yuborgan. Agarda mas’ullar bundan xabardor bo‘lishganida, muammo allaqachon o‘z yechimini topgan, eng kamida rasmiy munosabat bildirilgan bo‘lar edi.

Shuning o‘zi ham Sog‘liqni saqlash vazirligi va Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi miasteniya kasalligi bilan og‘riyotgan 122 nafar bemorning taqdiriga befarq ekanini anglatadi.

Miasteniya kasalligi – nerv va muskul sistemasi kasalligi, ya’ni muskullarning tez charchashi. Bunda ko‘pincha, qovoq muskullari, chaynash muskullari hamda oyoq-qo‘l muskullari zararlanadi. Bu bilan og‘rigan inson ko‘zini ocholmaydi, o‘zi yurolmaydi, ovqat iste’mol qilolmaydi.

«Kalimin» dori vositasi shu kasallik bilan og‘riganlarga tavsiya etiladi.

Mavzuga oid