Sport | 18:05 / 18.08.2022
23064
13 daqiqa o‘qiladi

«Kel, Osiyoda turnir o‘tkazib ko‘r-chi?» - OFK mutaxassisi Avaz Berdiqulov bilan katta intervyu

OFK ishlaydigan kam sonli o‘zbekistonliklardan biri bilan Osiyo futbolidagi turli mavzularda atroflicha suhbatlashdik.

Avaz Berdiqulov Musurmonqulovich haqida

  • Osiyo futbol konfederatsiyasi (OFK) musobaqalarni o‘tkazish boshqarmasi futbol tadbirlari bo‘limi rahbari
  • 2008 yildan beri OFKda (Kuala Lumpur, Malayziya) faoliyat olib boradi.
  • 2001-2004 va 2006-2008 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi «Jahon» axborot agentligida, 2004-2006 yillarda Shanhay hamkorligi tashkiloti kotibiyatida (Pekin, Xitoy) ishlagan.
  • 1999 yil O‘zMUning o‘zbek filologiyasi fakultetini, 2001 yil Angliyaning Bornmut universitetida multimediya jurnalistika sohasida magistraturani tamomlagan. Xitoyning Pekin chet tillar universiteti xalqaro munosabatlar va diplomatiya fakulteti doktoranti.
  • Oilali, 2 nafar farzandi bor.

— Osiyo Kubogi-2023ga tayyorgarlik va turnirga mezbon topish masalasi qanday ketmoqda?

— Hozirda OFK oldida turgan asosiy ish — 2023 yilgi Osiyo Kubogini qayerda o‘tkazish. Xitoy koronavirus xavfi sabab mezbonlikdan voz kechdi. Alternativ qidirdik. Qit’a chempionatiga yo‘llanma qo‘lga kiritgan jamoalardan tanlashimiz kerak edi, chunki chiqa olmagan jamoaga yana bir bo‘sh o‘rin yo‘q.

4 mamlakat qiziqish bildirdi — Janubiy Koreya, Indoneziya, Qatar va Avstraliya. Turnirni o‘tkazishga 2023 yil yozi va 2024 yil yanvar variantlari bor. Agar Qatar yoki Avstraliya mezbonlikni qo‘lga kiritsa, qishda o‘tkazamiz. Qolgan ikki mamlakat esa yozda qabul qila oladi. 17 oktyabrda Kuala-Lumpurda ijroiya qo‘mitamizning navbatdagi yig‘ilishi o‘tkaziladi va o‘sha kuni mezbonni e’lon qilamiz.

O‘zbekiston? Mezbonlikka qiziqish bildirishmadi. 4-5 yil avval nomzodlar qatorida bor edi, ammo talablarimizni qo‘yganimizdan so‘ng keyinroq arizani qaytarib olishdi.

— Toshkentda o‘tgan Osiyo Kubogi U-23da biz ko‘rmagan yana qanday kamchiliklar kuzatildi?

— Har bir turnirda muammolar bo‘ladi. Ayrim jamoalar natijaga erisha olmay, aybni tashkilotchilikdan izlaydi.

Bu pandemiyadan keyin o‘tkazgan eng yirik musobaqamiz bo‘ldi. Tibbiyot tomonlama ko‘p ishlashga to‘g‘ri keldi. Bir qancha futbolchilarda koronavirus aniqlandi, ularning o‘rniga boshqa o‘yinchilarni chaqirish imkonini berdik. O‘FA yangi keladigan futbolchilarga tezkor ravishda viza tayyorlab berdi.

Musobaqani iyunda, ya’ni issiqda o‘tkazdik. Kuzda o‘tkaza olmasdik, chunki u paytda hali Osiyo o‘yinlari bekor qilinmagandi. Mayda esa FIFA kunlari bor edi, milliy jamoalar safida 23 yoshgacha bo‘lgan yigitlar ham o‘ynashi mumkinligi inobatga olindi.

Bu musobaqa aslida Xitoyda o‘tishi kerak edi, lekin ularda pandemiya tugamadi va shoshilinch tarzda mezbonlikni O‘zbekistonga berdik.

Toshbo‘ron voqeasi (1/4 finalda O‘zbekiston va Iroq o‘rtasidagi bahsda muxlislar hakam va operatorlarga tosh otishdi). Aslida «Paxtakor» stadioni turnirga tayyor emas edi. Lekin aytganimdek, mezbon topishga ko‘p vaqtimiz bo‘lmadi.

O‘shanda stadionda yetarlicha xavfsizlik xodimlari bor edi. Protokolda stadionda tosh bo‘lishi kerak emasligi haqida yozilgan, ammo tosh otilayotganda xodimlar nima qilishi lozimligi kiritilmagan. Bu voqea OFKga ham dars bo‘ldi.

Toshbo‘ron voqeasi o‘zbekistonlik futbolchilarga foyda bo‘ldi, deb o‘ylayman. Ba’zida sun’iy bo‘lsa-da, o‘yinchilarning shashtini qo‘zg‘atish kerak bo‘ladi. Fikrimcha, toshbo‘ron bo‘lmaganda futbolchilarimiz jasorat ko‘rsata olishmasdi, g‘alabani Iroq olib ketardi.

— OFK mezbonlikni berayotganida qaysi mamlakatlardan ko‘ngli to‘q bo‘ladi?

— Turnir yakunlanmagunicha bunday bo‘lmaydi, chunki hamma mamlakatning o‘ziga yarasha muammosi bo‘ladi.

Biz iloji boricha musobaqalarni mezbonlik berilmagan mamlakatlarda o‘tkazishga harakat qilamiz. Masalan, Qatar doim istalgan musobaqani qabul qilishga rozi. Lekin faqat oson yo‘lni tanlamay, futbol geografiyamizni kengaytirishimiz kerak. O‘rtalikni topish qiyin. Jamoalarga safar o‘yinlari uchun 20 ming dollardan berardik. Yaponiya «bizga 50 mingdan beringlar, reyslar qimmat» derdi.

OFKni UYeFA bilan taqqoslab, ko‘p tanqid qilishadi. O‘qib turaman. Yevropada hammasi tartibli, deyishadi. Keyin aytaman: «Kel, Osiyoda musobaqa o‘tkazib ko‘r», deyman. Oddiy misol — viza masalasi. Yevropada bir davlatdan ikkinchisiga bemalol o‘tasiz. O‘zbekistondan Tojikistonga borish uchun viza qilishimizga to‘g‘ri kelardi. Yana til, madaniyat va din borasida to‘siqlar bor. Arablar «Ramazonda o‘ynaymizmi?» deyishardi. Saudiya haj vaqtida turnir o‘tkazmaymiz desa, Xitoy yangi yilda mamlakat yopiq bo‘lishini aytadi.

Futbol, umuman, sport kerakligi uchun harakat qilamiz. Rahmatli Mirabror Usmonov (O‘FA sobiq prezidenti) bilan tez-tez gaplashib turardim. Shunday degandilar: «Biz nimaga futbolga ko‘p pul sarflaymiz? Chunki odamlar uni ko‘rib, ichidagi bor negativini chiqarib yuboradi va ertasiga ishiga borib, yaxshiroq ishlaydi va samarali natija ko‘rsatadi. Nega Server Jeparovga ko‘p maosh beramiz? Yoshlar futbolchilarga ergashadi, men ham Jeparovdek mashina minaman, deb harakat qiladi, sport bilan shug‘ullanadi. Sog‘lom avlodni tarbiyalash uchun futbolchilarga ko‘p pul beramiz».

O‘ylab ko‘rsam, Mirabror akaning gaplari juda to‘g‘ri. O‘zbekistonda futbol nafaqat birinchi, kerak bo‘lsa, ikkinchi va uchinchi darajali sport turi ham. To‘rtinchi o‘rinda boshqasi turishi mumkin.

Osiyoda, xususan, Yaponiya, Janubiy Koreya va Avstraliyada futbol birinchi raqamli sport turi emas. Lekin o‘sha mamlakatlar shunda ham bizdan yaxshi natijalar ko‘rsatishadi.

— Nega hozirgacha Bruney, Nepal, Kambodja va Ummon kabi mamlakatlarda musobaqa o‘tkazilmaydi?

— Qiziqish bildirishmaydi. Majburlay olmaymiz. Masalan, Bruney — juda kichik davlat. Ichki chempionati ham yo‘q. Bir klubi bor, Singapur chempionatida ishtirok etadi.

Kambodjada kichik turnirlar o‘tkazganmiz. Katta stadioni bor. So‘nggi paytlarda rivojlanish ko‘rinmoqda. Bunda Janubiy Koreya kompaniyalarining o‘rni katta. Klublari tez orada OFK Kubogida yaxshi natijalar ko‘rsata boshlasa, ajablanmayman.

— «So‘g‘diyona» OFK Kubogida keyingi bosqichga chiqsa, Jizzaxdagi stadionda o‘ynay oladimi? Talabga javob beradimi?

— «Paxtakor»ga (2:2) qarshi o‘yinda borib ko‘rdim. Shunchaki mehmon sifatida bordim. Mayda detallarga e’tibor bermadim, lekin «masalliq» bor. Shahar markazida joylashgan, chiroyli. Birinchi taassurotlar ajoyib.

Agar klub «Xo‘jand» to‘sig‘idan o‘tsa (intervyu 7 avgust kuni bo‘lgan), sharoitlarni o‘rganish uchun nazoratchilarni yuboramiz. Talabga javob bersa, jamoa keyingi bosqichdagi barcha o‘yinlarni uyda o‘tkazadi.

— OFK shunday turnirlarni Sharq va G‘arbga bo‘lib o‘tkazishi o‘zini oqladimi?

— Avvallari «bugun OChLda o‘yin bor, men ishlayman» desam, «Iya, haliyam tugamadimi?» deyishardi. Chunki o‘zbek klubi chiqib ketgach, turnirga qiziqish yo‘qoladi. Endi tasavvur qiling, shu narsa butun Sharq va G‘arbda bo‘lsa. Chorakfinaldayoq G‘arb jamoalari qolmasa, Osiyoning katta qismiga musobaqaning davomi qiziq bo‘lmaydi. Bunda homiylar ham katta yo‘qotishga uchraydi, biz ham.

Shu o‘rinda bir yangilikni aytib ketsam: OChL formatini o‘zgartirmoqchimiz. OChLda yuqorida turadigan «Elit liga» yaratish ustida ishlayapmiz. 2024 yildan amalga oshishi mumkin. Homiylar topdik. Unda eng kuchli 20 jamoa yil davomida bir-biri bilan o‘ynaydi. O‘zbekiston klublari ishtirok etadimi yoki yo‘q, bilmayman. Badal va mukofot puli juda katta qyimatga ega bo‘ladi. Maqsadimiz — OChL darajasini YeChLga yaqinlashtirish. Hatto legionerlar cheklovini ham olib tashlamoqchimiz.

— Eron va Saudiyaning manaman degan klublari vaqti kelsa, litsenziya ololmayapti. Lekin bizning qanchadan-qancha klublarimizga berilyapti. Bunda nimaga qaraladi?

— 47 mamlakat bilan ishlaymiz. Barchani o‘ylagan holda minimum talablar qo‘yamiz. O‘zbekiston yoki boshqa davlat klublariga OFK litsenziya bermaydi. OFK talablari asosida mamlakatning o‘zi beradi. Agar biror klubning qarzlari borligi haqida ma’lumot kelsa, keyin biz litsenziyani bekor qilish huquqiga egamiz.

— Falastin, Iroq, Suriya va Afg‘oniston qanday nuqtalar ekanligini bilamiz. OFK shunday mamlakatlarga kirib borishga harakat qiladimi?

— Xohlaymiz. Yamanga borib keldik yaqinda. Mamlakat tez orada futbolga ochilishi mumkin. Iroqda allaqachon musobaqalar o‘tkazyapmiz. Falastinda hech qanday cheklov yo‘q. Pandemiya sababli JCh-2022 saralashini o‘z maydonida o‘tkaza olmadi.

Shu o‘rinda FIFAning cheklovlari ham bor. Hamon Afg‘oniston, Yaman va Suriyada futbol o‘yinlari o‘tkazishga ruxsat yo‘q. Iroqdan taqiqni olishga erishik, tez orada Yaman ham «yechiladi».

— Xitoy va Xitoy Taypeyi. Mojarolar kuzatilmoqda. Qur’ada shunday mamlakatlar klublari bir-biriga to‘qnash kelmasligiga e’tibor beriladimi?

— Rasman taqiq bo‘lsa, albatta. Hozircha bu borada cheklov yo‘q. Hatto JCh saralashida Xitoy va Gonkong bir guruhda o‘ynashdi.

Cheklov bo‘lganda aksini qildik. Masalan, ma’lum muddat Saudiya va Eron klublari o‘zaro o‘yinlarni neytral maydonda o‘tkazishdi.

— Qatardagi JChda ishlaysiz. Vazifalaringiz haqida ma’lumot bersangiz.

— FIFA xalqaro musobaqa o‘tkazganda, konfederatsiyalardan xodimlar chaqiradi. Meni ham taklif etishdi. 8ta stadiondan biri — «Al Janub»da ishlayman.

Jamoalarning stadionga kelib, o‘yinni hech qanday muammosiz o‘tkazib ketishlariga javobgarman. Ularni kutib olaman, faqat men gaplashaman, boshqa hech kim bezovta qilmaydi. Birinchi o‘yinim Fransiya ishtirokidagi bahs bo‘ladi. Jamoalarda qanday savol bo‘lsa, menga murojaat qilishadi. FIFAning o‘sha stadiondagi eng katta vakili sifatida o‘yinni o‘tkazishga javob beraman.

Hakamlar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqada bo‘laman. To‘rtinchi hakam bilan birga o‘tiraman. Qaysidir jamoa kechiksa, irqchilik kuzatilsa yoki boshqa qandaydir sabab bilan bahsni to‘xtatish kerak bo‘lsa, mendan so‘rashadi.

— Siz va Sanjar Rizayev OFKda ishlaysizlar. O‘zbekistonga kelganingizda, davomchilaringizni ko‘rganmisiz? Ya’ni bizdan yana kimlar OFKda ishlay olishi mumkin?

— Hozir rasman 3 kishimiz. 5 avgustdan Ahmad Tillayev ham ish boshladi. Til bilgan istalgan kishi ishlashi mumkin. OFK — tizimli tashkilot. Biz murvatlarmiz. Men daho bo‘lganim uchun u yerda emasman. Shunchaki to‘g‘ri vaqtda to‘g‘ri joyda bo‘lib qoldim.

Osiyo Kubogi U-23da ko‘rdim. O‘FAdagi ko‘p xodimlarimiz OFK vakillari bilan inglizchada bemalol gaplashishmoqda. Demak, xalqaro tashkilotlarda ishlash katta muammo emas.

Bobur Akmalov suhbatlashdi
Operator — Abduqodir To‘lqinov,
Montaj ustasi — Abdusalim Abduvohidov

Mavzuga oid