O‘zbekiston | 16:39 / 18.08.2022
7896
2 daqiqa o‘qiladi

“Yo‘lovchilar yaxshiroq sharoitlarni xohlayapti” – Husniddin Hosilov yo‘lovchi tashish vagonlari yangilanishini aytdi

Foto: O‘zbekiston temir yo‘llari

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ raisi Husniddin Hosilov tadbirkorlar bilan uchrashuvda yo‘lovchilar vagonlardagi sharoitlardan qoniqmayotgani va bu borada savollar ko‘pligi haqida gapirdi.

18 avgust kuni prezidentning tadbirkorlar bilan uchrashuvi doirasida Tadbirkorlar bilan muloqot haftaligining ikkinchi kuni bo‘lib o‘tdi. Unda “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ raisi Husniddin Hosilov temiryo‘l orqali yo‘lovchi tashish masalasi haqida gapirdi, deya xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

“Yo‘lovchi tashish sohasining sifat darajasini yaxshilashimiz kerak. Yo‘lovchilar yaxshiroq sharoitlarni xohlashyapti – e’tibor, vagonlardagi sharoitlar bo‘yicha savollar ko‘p. Bu masalada ham ishlashimiz kerak. Qisqa muddatda birdaniga ko‘p mablag‘ tikib vagon parkining katta qismini yangilash masalasi ustida ishlayapmiz”, – dedi Hosilov.

Ma’lum qilinishicha, aholi harakatini yengillashtirish hamda ularga qulaylik yaratish maqsadida 2022-2024-yillarda 42 ta zamonaviy elektropoyezdlar xaridi asosida shahar atrofi yo‘nalishlarida yo‘lovchi tashish hajmi 3 barobarga oshiriladi. Elektropoyezdlarning o‘rtacha tezligini 2 barobarga oshirish reja qilingan.

Bundan tashqari, shahar atrofida temiryo‘l orqali yo‘lovchilarni tashishdan ko‘riladigan zarar bilan yo‘lovchi tashishning haqiqiy xarajati o‘rtasidagi tafovutni yo‘lkira haqini to‘lashning avtomatlashtirilgan tizimi orqali mahalliy budjetdan subsidiya ajratish yo‘li bilan qoplash ham kutilmoqda.

Mavzuga oid