To‘ra Bobolov va “tajang” prokuror tortishuvi. Voqealar rivoji qanday kechishi mumkin?
Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolovga oid audio tarqalishi, u jinoyatchini himoya qilib prokurorni so‘kkan bo‘lishi mumkinligi muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Xo‘sh, voqealar qanday yakun topishi mumkin?
Avval audio asosida voqeaning o‘zini tahlil qilib ko‘ramiz. Yig‘ilishlardan birida To‘ra Bobolov Angor tumani prokuroriga tanbeh beradi. Uni sektor ishlarini olib bormaslikda, eksport ko‘rsatkichlarini bajarmaslikda ayblaydi. Eng muhimi – tadbirkorlarga to‘sqinlik qilayotganini ro‘kach qilib, qattiq gapiradi, haqoratli so‘zlar aytadi.
Bir qarashda hokimning prokurorni bu kamchiliklar uchun koyishiga asos yo‘q, chunki qonun bo‘yicha bu ishlar prokuror vakolati va javobgarligida emas. Ammo sektor tizimi yo‘lga qo‘yilishi ortidan tumanlar prokurorlariga ham ma’lum hudud va qo‘shimcha mas’uliyat yuklangan. Shuning ortidan viloyatdagi barcha hokim oldida hisobdor bo‘lib qolgan.
Angor tumani prokurori Sirojiddin Ramazonov ham baqirishlarga jim qarab turmaydi va tadbirkorlar davlat pulini o‘marayotgani uchun surishtiruvga chaqirganini bildiradi. Bu javob hokimni battar darg‘azab qiladi va prokurorni ochiqdan ochiq so‘kib, haqoratlay boshlaydi. Keyinchalik hokim yana kim bilandir suhbatida bu prokurorning o‘zboshimchaligi ustidan bosh prokurorga arz qilishini ham bildiradi.
Masalaning eng nozik jihati – Bobolov himoya qilayotgan tadbirkor aslida unga yaqin odam bo‘lishi mumkinligida. Bu fakt hali rasman aniqlanmagan bo‘lsa-da, bir necha kishi, jumladan viloyat prokuraturasidagi manba ham tasdiqlagan. Ya’ni Bobolov o‘ziga tegishli odamni himoyalash uchun tergov ishiga bevosita aralashmoqda, deyishga asoslar bor.
Hammani qiziqtirgan savol – endi voqealar rivoji qanday kechadi?
Bu bo‘yicha bir necha ssenariyni taxmin qilish mumkin:
1. Qonuniy chora
Masalaning huquqiy yechimi qonunlarda aniq va ravshan yozib qo‘yilgan.
Audiodan bilish mumkinki, viloyat hokimi To‘ra Bobolov prokurorni turli uyatsiz so‘zlar bilan haqorat qilgan. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-moddasiga ko‘ra haqorat qilish, ya’ni shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini qasddan kamsitish – BHMning 20 baravaridan 40 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Shuningdek, ushbu holatda Bobolovning prokuratura ish yurituvidagi jinoyat ishi tergovi (yoki surishtiruvi)ga ham bevosita aralashgani kuzatiladi. Jinoyat kodeksining 236-moddasiga ko‘ra, tergov qilishga yoki sud ishlarini hal etishga aralashish, ya’ni ishni har tomonlama, to‘la va xolisona o‘rganilishiga to‘sqinlik qilish maqsadida surishtiruvchi, tergovchi yoki prokurorga qonunga xilof ravishda ta’sir o‘tkazish mansabdor shaxs tomonidan sodir etilgan bo‘lsa, muayyan huquqdan mahrum etib, 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Lekin amaliyot shuni ko‘rsatadiki, hokimlar kimnidir so‘kkani yoki tergov ishiga aralashgani uchun hali bunday ayblovlar bilan jazoga tortilmagan. Demak, boshqa, hayotiyroq variantlarni ko‘rib chiqamiz.
2. Vaziyat qanday bo‘lsa, shundayligicha qoladi
Ya’ni hokim ham, prokuror ham o‘z ishini avvalgidek davom ettirishadi. Aslida shunday bo‘lyapti ham. Chunki aniqlanishicha, bu ziddiyat dekabr oyida bo‘lib o‘tgan. 9 oydan buyon Angor prokuroriga chora ko‘rilmagan, inchunin hokimga ham.
Katta ehtimol bilan bu voqeadan keyin tomonlar an’anaviy murosaga kelishgan.
3. Vaziyatni yumshatish va jamoatchilikni tinchlantirish uchun Bobolov uzr so‘raydi
Bu tajribadan o‘tgan. Yana bir so‘kong‘ich (sobiq) hokim Shuhrat G‘aniyev qator qovun tushirishlardan keyin Senat ahloq komissiyasi va OAV oldida “o‘tinib-o‘tinib” kechirim so‘ragandi.
Darvoqe, Senat hozircha senator Bobolov masalasi bo‘yicha sukutni afzal bilmoqda.
4. Jiddiy tekshirishlar boshlanadi
Audio jamoatchilikka shuncha vaqt o‘tib endi sizdirilishi amalda “Bobolov ishi” bo‘yicha ilk qadam bo‘lishi mumkin. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, prokurorga tahdid qilinishiga sabab bo‘lgan jinoyat ishida To‘ra Bobolov himoya qilgani aytilayotgan angorlik shaxslar davlatga 200 milliondan ortiq zarar yetkazgani ma’lum bo‘lgan. Bu bo‘yicha sud hukmi ham chiqqan, ya’ni jinoyat tasdig‘ini topgan. Qisqa qilib aytganda, viloyat hokimi darajasidagi odam korrupsioner-jinoyatchining yonini olgan bo‘lishi mumkin.
To‘ra Bobolovning o‘zi ham Angor tumanidan ekani hisobga olinsa, taxminlarda jon borday ko‘rinadi. Hokimning jinoyatchilarni himoya qilib, prokurorga tahdid qilishi esa juda jiddiy masala.
5. Bobolov ishdan olinadi
Ko‘pchilik shuni taxmin qilayotgan bo‘lsa-da, amalda bu ancha murakkab jarayon. Chunki hokimni tayinlash bevosita prezident tavsiyasi bilan amalga oshiriladi. Davlat rahbari To‘ra Bobolovni ishchan va sadoqatli hokim sifatida qadrlab kelgan. Shu bois so‘nggi qaror eng yuqori doiralarda qabul qilinadi. Balki bu masala umuman kun tartibiga kirmay qolishi ham mumkin.
Aslini olganda, Surxondaryoda hokim va kuch ishlatar tizimlar o‘rtasidagi ziddiyatlar ancha boy tarixga ega. Sobiq MXXning sobiq xodimi Nodir To‘raqulov uzoq yillar davomida bu viloyatda qilgan ishlarni aholi unutmagan, unutmaydi ham. Uning shoxini bir necha hokim sindira olmagani, faqat Mirziyoyevgina bu qonunsizliklarga chek qo‘ygani ortidan viloyat boshqaruv tizimi tartibga olingani bor gap.
Aynan ana shu voqealardan keyin davlat rahbari tomonidan hokimning mavqeyi ko‘tarildi, kuch ishlatar tizimlar boshboshdoqligiga chek qo‘yildi. Endi jamoatchilikka oshkor bo‘lgan bu voqea “ish jarayonida bo‘lib turadigan kichik kamchiliklar” sifatida qabul qilinadimi yoki “hokimning haddidan oshishi”mi, buni vaqt ko‘rsatadi.
Abror Zohidov
Mavzuga oid
11:26
Tuman va shaharlar hokimliklariga qo‘shimcha ma’muriy vakolatlar beriladi
14:21 / 21.12.2024
Hokimlar va futbol. Yil boshidagi maqsad va xarajatga yarasha qanday natijaga erishildi?
12:49 / 16.12.2024
Kun.uz tanqididan so‘ng: Yangiyo‘l sudyasining shubhali hukmiga prokuratura protest kiritdi
18:14 / 11.12.2024