Turkiya futboli quyoshi botmoqda: Televizion shartnoma arzonlashdi, top-klublar qarzlarga botib ketdi
Turkiyaning «Galatasaroy» klubi 2000 yilda UYeFA Kubogini qo‘lga kiritib, katta shov-shuv keltirib chiqardi. Turkiya milliy jamoasi esa 2002 yilgi jahon chempionatida uchinchi bo‘ldi, biroq, shundan beri «mundial»ga biror marta chiqolmadi. Turk klublari esa 5 yildan beri Chempionlar Ligasi guruh bosqichidan o‘tolmayapti. Turk futboli hozirgi kunda tubanlikka ketmoqda. Inqirozning o‘zbek futboliga o‘xshash jihatlari ham bor.
Turk futboli yuz tutgan inqiroz haqida bir necha faktlar keltirgan holda tasavvurga ega bo‘lish mumkin:
• Turkiya UYeFA reytingida 20-o‘ringa tushib qoldi, vaholanki, 4 yil avval kuchli 10 talikka da’vogar edi.
• Turkiya klublari 2017 yildan beri Chempionlar Ligasi guruhidan chiqa olmayapti va 3 yildan beri so‘nggi o‘rindan yuqoriga ko‘tarila olmayapti. 15 yildan beri guruh bosqichida faqat bitta klub bilan ishtirok etmoqda. Turkiya turnirda ikkita o‘ringa muntazam egalik qilayotgan bo‘lsa-da, ulardan biri saralashdan o‘tolmayapti.
• Yevropa Ligasida so‘nggi 8 yildagi eng yaxshi natija – «Beshiktosh»ning 2017 yilda chorakfinalga chiqishi.
• Turkiyani Yevro-2020 ning eng yomon jamoasi deb atash mumkin. Nol ochko, atigi bitta gol va umuman tushunarsiz o‘yin.
Jiddiy muammolar borligi aniq. Endi ularga batafsil to‘xtalamiz.
Erdo‘g‘an futbolni sevadi, shuning uchun jarayonlarga shaxsan ta’sir qiladi. Yoshligida u «Fenerbahche»da o‘ynashi mumkin edi
Turkiya – futbol mamlakati, uni deyarli hamma yaxshi ko‘radi, shu jumladan prezident ham.
Rajab Toyyib Erdo‘g‘an shunchaki oddiy ishqiboz emas – 27 yoshiga qadar yarimprofessional darajada futbol o‘ynagan va turk futboli gigantlaridan biri «Fenerbahche» nazariga tushgan.
«Futbolchilik faoliyatim 15 yoshimda boshlangan. Men Istanbul chekkasida katta bo‘lganman va biz kun bo‘yi ko‘chada qo‘lbola to‘pni tepardik, dedi Erdo‘g‘an NTVSpor telekanaliga bergan intervyuda. - Keyin meni «Erokspor» havaskorlar klubiga taklif etishdi. So‘ngra «Komialti»ga o‘tdim. U yerdan Istanbulning yetakchi havaskor klublaridan biri «IETT Spor»ga olishdi. U yerda 7 mavsum o‘ynab, sardorlik qildim va 5 ta sovrinni qo‘lga kiritdim».
«IETT Spor» - Istanbul shahri tramvay va tunnel boshqarmasining jamoasi. Yosh Erdo‘g‘an bu yerda beshinchi raqamda, yarimhimoyada o‘ynagan va muxlislar orasida «Toyyib Bekkenbauer» laqabi bilan mashhur bo‘lgan.
Prezident biografi Sulton Fotih Kor so‘zlariga ko‘ra, «Fenerbahche» bosh murabbiyi Tomislav Kaloperovich shaxsan Erdo‘g‘an o‘yinini ko‘rish uchun kelgan va unga professional shartnoma imzolashni taklif qilgan.
Erdo‘g‘anning hayoti butunlay boshqacha kechishi mumkin edi, ammo otasi, sohil qo‘riqchilari ofitseri bunga mutlaqo qarshi bo‘lgan. «U o‘qishi, kasb-hunar egallashi va pul topishi kerak», - deb prezident otasi so‘zlarini keltirmoqda biograf. «To‘p tepish ham ishmi?».
– Bugun yoshlar bir vaqtning o‘zida sport bilan shug‘ullanishi va bilim olishi mumkin. Yoshligimda buning iloji yo‘q edi. Shu tufayli ta’limni tanladim, deb tushuntiradi Erdo‘g‘an.
Erdo‘g‘an prezident bo‘lganidan keyin ham futbolga bo‘lgan qiziqishini saqlab qoldi. Shu sababli, Turkiyada futbol kelajagi bilan bog‘liq qarorlar eng oliy siyosiy darajada qabul qilinadi.
Turkiya Superligasi televideniye pullarini yo‘qotmoqda, UYeFA reytingida pastga sho‘ng‘iyapti
Ko‘p yillar davomida Turkiya futboli muvaffaqiyatining kaliti kuchli chempionat edi. 10 yil oldin UYeFA koeffitsiyentlari jadvalida Turkiya ishonchli tarzda kuchli o‘ntalikdan joy olgan – taxminan Rossiya, Niderlandiya va Portugaliya bilan bir xil darajada.
Bugungi kunda Turkiya 20-o‘ringa tushib qoldi. Agar hozirgi dinamika saqlanib qolsa, undan ham pastga tushishi, bir-ikki yil ichida uni Kipr, Isroil va Shvetsiya ortda qoldirishi mumkin.
Qulashning sababi nima? Hammasi juda oddiy – Liga qashshoqlashib bormoqda, agar davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanmaganida yetakchi klublar allaqachon bankrot bo‘lardi. Lekin yordamning ham chegarasi bor – Turkiya keng ko‘lamli iqtisodiy inqirozni boshidan kechirmoqda, bunda davlatning futbol klublarini inqirozdan qutqarish imkoniyati tobora kamayib boryapti.
Turkiya Superligasi juda foydali televizion shartnomalar tufayli kun ko‘rayotgan edi. Turklarning futbolga bo‘lgan mehri translatsiyalarni eng yuqori reytingda ushlab turgandi, bu esa xorijiy teleradiokompaniyalarni o‘ziga jalb qildi.
2016 yilda translatsiya huquqini Digiturk sotib oldi (Qatarning BeIN Spors kompaniyasi bo‘limi). Shartnomaga ko‘ra, qatarliklar Turkiya Superligasiga yiliga 500 million dollar to‘lashdi – juda katta mablag‘.
Shu bilan birga Superligaga pulning yarmi dollarda, yarmi turk lirasida tushar edi. 2019/20 mavsumidagi kovid tanaffusi va bo‘sh stadionlarda o‘tkazilgan o‘yinlar tufayli shartnoma 340 millionga qisqartirildi. O‘tgan mavsumda Superliga 410 million dollar oldi, ammo barcha to‘lovlar turk lirasida amalga oshirildi. U esa inqiroz tufayli qadrsizlanishda davom etmoqda.
2022 yilda mediashartnoma muddati tugadi, ammo yangisini imzolash cho‘zilib ketdi. Buning sababi – BeIN Spors va «Fenerbahche» o‘rtasida yuzaga kelgan ziddiyat edi. Istanbul grandi teleradiokompaniyani fitnada aybladi, go‘yoki ularning o‘yinlarida sharhlovchilar boshqa klublarni qo‘llab-quvvatlagan. Translatsiya paytida esa «Fener» muxlislarini haqoratlovchi qo‘shiqlar eshitilib turgan. Klub manfaatiga oid bahsli holatlarning takroriy videolavhalari berilmagan.
Oqibatda «Fenerbahche» futbolchilari va murabbiylari BeIN Spors kompaniyasiga boykot e’lon qilishdi, tanaffus vaqtida va o‘yindan keyin intervyu berishdan bosh tortishdi.
Mart oyidagi birinchi tenderda BeIN Spors shartnoma uchun yiliga 150 million dollar taklif qildi – bu avvalgisidan uch baravar kam edi. Turkiya federatsiyasi bu taklifni rad etdi, asabiy savdolar boshlandi.
Nihoyat yangi shartnoma iyul oyida imzolandi, uning qiymati mavsumiga 370 million dollar atrofida bo‘ldi. Muddati avvalgisidan uch barobar qisqa – faqat ikki mavsumga mo‘ljallangan edi. Ammo bundan ham battarroq bo‘lishi mumkin edi.
Turk futbolida budjetdan pul oladigan klublar, siyosiy loyihalar va daromadiga yarasha xarajat qilmaydigan klublar bor
Turkiyaning ko‘plab mahalliy klublari budjet pullariga kun kechiradi - Sozcu gazetasi ularning soni 21 ekanini hisoblab chiqqan.
Turkiyada bundan norozilar bor. Nufuzli futbol mulozimlaridan biri, «Fenerbahche» klubining sobiq prezidenti Aziz Yildirim davlat faqat havaskorlar futboliga homiylik qilishi mumkinligini, aks holda qonunbuzarlik sodir bo‘lishini aytdi.
Biroq, muammo hech qanday tarzda hal etilmadi, chunki davlat subsidiyalarisiz klublar yo‘qolib ketadi. Rasmiylar xususiy sektorda investorlarni topishga va’da berishadi, lekin ular hech qachon topilmaydi.
Xususiy investorlarga ega klublarda ham vaziyat yaxshi emas. Turk muxlislari lug‘atida «siyosiy loyiha» so‘zi bor yoki yo‘qligi noma’lum. Lekin muvaffaqiyati eng yuqori darajada oldindan belgilab qo‘yilgan klublar Superligada bor.
Asosiy siyosiy loyiha, albatta, 2019/20 mavsumi chempioni – «Istanbul Boshoqshehir». Dastlab Istanbul shahri meriyasiga tegishli kamtarona klub «Istanbul Buyukshehir Belediyespor» nomi bilan quyi ligalarda o‘ynagan. Ammo 2013 yildagi hukumatga qarshi namoyishlarda Istanbulning eng yirik klublari muxlislari ishtirok etganidan so‘ng, hukumat futbolni tartibga solishga qaror qildi. Ular klubni Istanbulning g‘arbiy chekkasidagi Boshoqshehir tumaniga ko‘chirishdi – birinchidan, bu yerda Superligada ishtirok etadigan klub yo‘q edi, ikkinchidan, bu hudud aholisi har bir saylovda Erdo‘g‘anning partiyasiga faolroq ovoz berdi.
Klub Go‘ksel Gumushdog‘ boshchiligidagi hukmron Adolat va taraqqiyot partiyasiga yaqin sarmoyadorlar guruhi tomonidan xususiylashtirildi. U Erdo‘g‘anning yaqin qarindoshlaridan biri edi. Klub nomi o‘zgartirildi, yangi stadion qurildi. Uning ochilishida shaxsan prezidentning o‘zi ishtirok etdi. Yuqori martabali amaldorlar va professional futbolchilar ishtirok etgan o‘rtoqlik o‘yinida Erdo‘g‘an het-trik qayd etdi.
Prezidentning sevimli klubi ranglari ko‘k va jigarrangga o‘zgartirildi, uning partiyasi ham shunday ranglarga ega.
Turk futbolining yana bir siyosiy loyihasi – Istanbulning «Qosimposho» klubidir. Kamtarona jamoa 2012 yilda, Erdo‘g‘anning mashhurligi ortishi ortidan Superligaga yo‘l oldi. Gap shundaki, Turkiyaning hozirgi prezidenti shu hududda ulg‘aygan. Uning bolaligida to‘p tepib, katta bo‘lgan joyida yangi stadion qurildi.
Top-klublar muxlislardan transferlar uchun pul so‘rashyapti
Turkiyaning eng yirik klublari – «Beshiktosh», «Galatasaroy» va «Fenerbahche» badavlat korporatsiyalarga emas, balki yuz minglab muxlislarga tegishli. Aynan ular moliyaviy va sport boshqaruvi bilan shug‘ullanadigan menejyerlarni yollashadi. Turli ijtimoiy so‘rovlarga ko‘ra, Turkiyadagi muxlislarning 80 foizi o‘zini «katta uchlik» klublaridan birining fanati deb biladi.
Biroq, amaliyot bunday formatda «yashirin bomba» borligi ko‘rsatdi va bu turk futbolining dolzarb muammolaridan biriga aylandi.
Turkiya qonunlariga ko‘ra, «xalq klublari» davlat tomonidan iqtisodiy jihatdan deyarli nazorat qilinmaydi, chunki ular jamoat tashkilotlari sifatida rasmiylashtirilgan. Moliyaviy boshqaruvga muxlislar vakillari tomonidan saylangan prezident javob beradi. Qoidaga ko‘ra, ular yirik turk biznesi vakillari bo‘lib, «Katta uchlik» klubidan biriga rahbarlik qilishi elita olamidagi «kerakli eshiklarni» ochadi.
Turkiyaning top-klublarida prezidentlik muddati 2-3 yildan oshmaydi. An’anaga ko‘ra, nomzodlar saylovchilar qalbini zabt etish uchun yulduzlarni olib kelishni va’da qiladilar va faxriy futbolchilar bilan shartnoma imzolash uchun mablag‘ ayamaydilar.
O‘tgan yigirma yil ichida Turkiyada qaysi futbolchilar to‘p tepdi? Uesli Sneyder, Dide Drogba, Lukas Podolskiy, Radamel Falkao («Galatasaroy»); Roberto Karlos, Nikolya Anelka, Robin van Persi («Fenerbahche»), Guti, Pepe, Kuarejma, Mario Gomes («Beshiktosh»), ro‘yxatni davom ettirish mumkin.
Legionerlarga aqlbovar qilmas darajada katta mablag‘ beriladi. Masalan, turk matbuotining yozishicha Drogba va Sneyder yiliga 7,5 million dollar olgan.
Klublar faoliyati ustidan moliyaviy nazoratning yo‘qligi korrupsiya haqida gap-so‘zlarga sabab bo‘lmoqda. Muxlislar orasida futbol mulozimlari yirik transferlar va qimmat futbolchilarning rekord darajadagi maoshidan ulush olishi haqidagi mish-mishlar tarqalgan.
Ammo asosiy muammo shundaki, yillar davomida klublar kredit hisobiga «bazm» qilishgan.
2016 yilda Turkiyada iqtisodiy inqiroz boshlandi va bugungi kungacha davom etmoqda. 20 yil ichida Superliga klublarining qarzi 60 million dollardan 2,3 milliard dollarga oshgan. Shundan 1,7 milliarddan ortiq qarz katta uchlik klublariga to‘g‘ri keladi. 2021 yil boshida «Fenerbahche»ning qarzi 714 million dollarni, «Galatasaroy»niki 494 million dollarni, «Beshiktosh»niki 536 million dollarni tashkil qilgan.
Futbol klublarining qarzi Turkiyada butun boshli politsiya kuchlarini saqlash uchun zarur bo‘lgan yillik xarajatlardan ko‘proq va Izmirdagi vayronkor zilzila oqibatlarini bartaraf etish xarajatlaridan esa to‘rt barobar ko‘p.
Lira qiymati tushib ketishi oqibatida qarzlarni qaytarishning iloji yo‘q. Chunki klublar asosiy daromadni qadrsizlanayotgan milliy valutada olishadi va futbolchilar maoshiga qiymati oshib borayotgan dollar yoki yevroda sarflashadi.
Pul yetishmasligi sharoitida kulgili holat yuzaga kelmoqda – deyarli barcha klublar muxlislardan transfer uchun mablag‘ so‘rashadi. Masalan, o‘tgan mavsumda «Fenerbahche» muxlislari O‘zilning transferiga pul yig‘ishgan edi.
Har qanday Yevropa ligasida bunday qarzi bo‘lgan klub bankrot deb topilib, quyi divizionga tushirib yuborilardi. Ammo Turkiyada bu xavfli – millionlab mahalliy muxlislarning noroziligi tartibsizliklarga sabab bo‘lishi mumkin.
Muammoni hal qilish uchun Turkiya futbol federatsiyasi (TFF) Turkiya bankirlar uyushmasidan 2 milliard dollar kredit olish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Amalda bu kreditni so‘ndirish uchun yangi kredit olinishini anglatar edi. Futbolni qutqarish rejasi muxolifat tomonidan tanqid qilindi va ular sportga emas, qiynalgan fermerlarga yordam talab qilishdi.
Bundan tashqari, yana bir chora ishlab chiqildi. TFF moliyaviy feyr-pleyga o‘xshash cheklovni joriy qildi: o‘tgan mavsumlarning transfer balansidan kelib chiqqan holda klublarning transfer xarajatlari chegarasi o‘rnatildi. Masalan, 2020/21 mavsumining birinchi yarmi uchun «Galatasaroy»ga 43 million, «Beshiktosh»ga 29 million, «Fenerbahche»ga esa atigi 15 million yevro kvota «ajratildi».
«Fenerbahche» buni ham yana bir fitna sifatida ko‘rdi. Ammo yakunda klub bir qator yangi futbolchilar bilan shartnoma imzoladi va qandaydir tarzda kvota chegarasidan chiqmadi. Qanday qilib bunga erishganini hech kim aniq tushuntira olmaydi.
Turkiyaning kelajagi - Superligaga aloqasi yo‘q futbolchilar
Turk futbolidagi inqirozning boshqa tomoni – xorijlik futbolchilar soniga qo‘yilgan cheklov. 2022/23 mavsumida ro‘yxatga 12 nafar xorijlik futbolchini kiritish mumkin, ulardan faqat 7 nafari bir vaqtning o‘zida maydonga tushishga haqli.
Prezident Erdo‘g‘an limitni izohlar ekan, turkiyalik yosh futbolchilar mahoratli xorijliklar bilan birga o‘ynab, katta tajriba orttirishi mumkinligini aytgan.
Amalda esa boshqacharoq edi: asosiy tarkibga ko‘pincha xorijlik legionerlar kiritilar, mahalliy yoshlar esa zaxira o‘rindig‘ida o‘tirishardi. Asosiy tarkibda tushadiganlari esa katta maosh so‘ray boshladilar.
2017 yilda terma jamoa bosh murabbiyi Mircha Luchesku ushbu muammoga e’tibor qaratdi. U klublarda zaxira o‘rindig‘ida o‘tirgan futbolchilar bilan tarkibni yoshartira olmasligini aytdi. Oradan besh yil o‘tsa-da, vaziyat hamon o‘zgarmadi.
«Superliga Turkiya terma jamoasiga o‘yinchilar tayyorlamaydi», - dedi jurnalist Alp Cholak. - Yevropa chempionatida ishtirok etgan futbolchilarning atigi ikki nafari Superligada 75 foizdan ortiq ko‘proq vaqt o‘ynagan - darvozabon Chaqir (95 foiz) va O‘zon To‘fon (75 foiz)».
Turkiya iqtisodiyoti va futbolidagi inqiroz vaziyatni biroz o‘zgartirdi. Qimmatbaho legionerlar mamlakatdan chiqib keta boshladi. Masalan, 2020 yilda Maks Kruze va Loris Karius maoshlar kechiktirilayotgani bahonasida mos ravishda «Fenerbahche» va «Beshiktosh» bilan shartnomani bekor qilishdi. «Beshiktosh»ning 35 yoshli sardori, butun faoliyatini vatanida o‘tkazgan Burak Yilmaz «Lill»ga o‘tdi. U o‘tgan mavsumda Turkiyada «deyarli maosh olmaganini» aytdi.
Turkiya Superligasi klublari transferlarini 15 yil oldingisi bilan taqqoslab bo‘lmaydi. Joriy mavsumda amalga oshirilgan eng katta transferlarga Lukas Toreyra («Arsenal»dan «Galatasaroy»ga 6 million yevroga) va Jyedson Fernandesh («Benfika»dan «Beshiktosh»ga 6 million yevroga) transferini kiritish mumkin.
So‘nggi mavsumlarda bir futbolchi uchun 2-3 million yevrodan ortiq mablag‘ni faqat «katta uchlik» klublari va «Trabzonspor» sarflay olgan xolos. Kuchli to‘rtlikdan tashqari eng katta xaridni «Istanbul Boshoqshehir» amalga oshirdi – Leo Duarte uchun «Milan»ga 2 million yevro to‘ladi.
Bu jarayonlarning natijasi o‘laroq, Turkiya milliy jamoasi tarkibida yo mamlakatni yoshligida tark etgan (Jyengiz Under, O‘zon Qoboq, Demiral) yoki umuman Turkiyada o‘ynamagan futbolchilar – asosan Germaniyadan kelgan turk emigrantlari avlodlari ko‘payib bormoqda. (Hoqon Chalhono‘g‘li, Mert Muldur, Kaan Oyxon). Va ular hech qachon o‘z vataniga qaytmasa kerak.
Mavzuga oid
21:04 / 22.12.2024
Turkiyada tibbiy vertolyot shifoxona binosiga urilib, qulab tushdi
11:37 / 22.12.2024
O‘g‘rilikda ayblanib 4 yildan buyon qidiruvda bo‘lgan ayol Turkiyadan O‘zbekistonga deport qilindi
14:21 / 21.12.2024
Hokimlar va futbol. Yil boshidagi maqsad va xarajatga yarasha qanday natijaga erishildi?
20:38 / 20.12.2024