520 kishi halok bo‘lgan dahshatli aviahalokat: Japan Air Lines’ga qarashli Boeing 747 nega qulab tushgandi?
1985 yilda Yaponiyada fuqaro aviatsiyasi tarixidagi eng yirik aviahalokat sodir bo‘ladi. Tokio-Osaka yo‘nalishida parvoz qilgan Boeing 747 samolyoti Tokiodan 100 kilometr uzoqlikdagi tog‘ga qulab tushadi. Oqibatda samolyot bortida bo‘lgan 524 kishidan 520 nafari halok bo‘ladi.
Dunyo fuqaro aviatsiyasida juda ko‘p halokatlar sodir bo‘lgan. 1985 yilda Yaponiyada sodir bo‘lgan Japan Air Lines’ga qarashli Boeing 747 halokati ular orasida ajralib turadi. Mazkur halokat bitta samolyot bilan sodir bo‘lgan halokatlar orasida eng yirigi hisoblanadi.
Bu hodisada 506 nafar yo‘lovchi va 14 nafar ekipaj a’zosi halok bo‘lgan. Faqat ikki nafar yosh qizcha, bir nafar yo‘lovchi ayol va bir nafar styuardessa tirik qoladi.
Eng ko‘p odam o‘lgan aviahalokatlar umumiy ro‘yxatida Japan Air Lines’ga qarashli Boeing 747 halokati 4-o‘rinni egallaydi. Undan oldinda 2011 yilda AQShda terrorchilar tomonidan olib qochilgan ikkita samolyot halokati va 1977 yil 27 mart kuni Niderlandiyaning KLM va AQShning Pan Amerikan aviakompaniyalariga tegishli samolyotlarning o‘zaro to‘qnashgan hodisasi joylashgan.
Boeing 747 haqida
Boeing 747 samolyotining loyihasi o‘tgan asrning 60-yillarida tayyorlangan bo‘lib, uning ilk parvozi 1969 yilda amalga oshirilgan. Oradan besh yil o‘tib, 1974 yildan boshlab Boeing 747 samolyotlarini mijozlarga yetkazib berish boshlangan.
Boeing 747 samolyotlari 1969 yildan 2020 yilgacha o‘ndan ortiq modifikatsiyalarda 1570 dona ishlab chiqarilgan. Bu turdagi samolyotlardan eng ko‘p Atlas Air aviakompaniyasida 50 dona, UPS Airlines 39 dona, Lyuksemburgning Cargolux aviakompaniyasida 30 dona, Germaniyaning Lufthansa aviakompaniyasida 27 dona bo‘lgan.
1970-yillarda Boeing 747 samolyotlarining narxi 1970-yillarda 35-40 million, 2007 yilda esa 228-260 million dollarni tashkil etgan.
Boeing 747 samolyotlari uzoq masofalargacha to‘xtovsiz ucha olishi bilan qulay bo‘lgan. Masalan, 1989 yilda Avstraliyaning Qantas Airways aviakompaniyasiga tegishli, salonida yo‘lovchilar bo‘lmagan Boeing 747 Londondan Sidneyga 18 ming kilometr masofani to‘xtovsiz uchib borgan. Mazkur parvoz Boeing samolyotlari orasida rekord hisoblanadi.
Yaponiyada halokatga uchragan Boeing 747 samolyoti Japan Air Lines’ga Boeing kompaniyasi tomonidan maxsus buyurtma asosida yasab berilgan va aviakompaniya uni ilk mijozlaridan biri sifatida 1974 yilda qabul qilib oladi.
Halokatga uchragan Boeing 747’ning bortida 500 dan ortiq yo‘lovchi o‘rni bo‘lib, u 2005 yilda Airbus A380 ishlab chiqarilguncha dunyodagi eng katta va eng ko‘p yo‘lovchi tashuvchi samolyot bo‘lgan.
Mazkur samolyotning palubasi ikki qavatli bo‘lgan. Samolyot kattaligi bois unga to‘rtta dvigatel o‘rnatilgan. Halokat sodir bo‘lgancha u 18 835 marta uchish-qo‘nishni amalga oshirgan va jami 25 ming soat parvoz qilgan edi.
Halokat tafsilotlari
1985 yil 12 avgust kuni mahalliy vaqt bilan soat 16:50 larda Boeing 747 samolyoti Tittose-Tokio yo‘nalishi bo‘yicha uchib kelib Tokiodagi Xaneda aeroportiga qo‘nadi. Samolyotga yoqilg‘i quyilgach unga Tokio-Osaka qatnovi bo‘yicha yo‘lovchilar chiqarila boshlanadi.
Soat 18:04 da samolyot havoga ko‘tariladi. Parvoz jadvali bo‘yicha u bir soatdan keyin Osakaga qo‘nishi kerak edi. Parvozdan 20 daqiqa o‘tib uning dum qismidagi muvozanatni ushlovchi qurilma (stabilizator) uzilib ketadi.
Shundan so‘ng Boeing 747 salonida havo bosimi pasayadi va samolyot boshqaruvni yo‘qota boshlaydi. Ekipaj kabinasi ogohlantirish signali ishga tushadi.
Samolyot bir tekisda parvoz qilishda davom etgani uchun uchuvchilar avvaliga vaziyatning jiddiy ekanini bilishmaydi. Biroz o‘tib samolyot boshqaruvida muammolar yuzaga kela boshlaganda ular muvozanatni ushlovchi qurilmaning uzilib ketganini sezishadi.
Shu paytda bortmuhandis samolyotdagi gidravlika tizimi ishdan chiqqanini xabar qiladi. Ekipaj komandiri zudlik bilan ortga qaytish haqida buyruq beradi. Ammo endi kech bo‘lgandi.
Samolyotni ortga burmoqchi bo‘lishganda uning boshqaruv chambaragi uchuvchilarga bo‘ysunmaydi. Samolyotni boshqarishni mutlaqo iloji yo‘q edi va u o‘zi parvoz qilardi.
Birozdan so‘ng ekipaj komandiri samolyotning dvigatellari bor kuchi bilan ishlata boshlaydi. Ammo shunda ham boshqaruvni tiklashning iloji bo‘lmaydi.
Ekipaj komandiri nosozliklar haqida dispetcherlarga xabar berib, ortga qaytishga urinishayotganini aytadi. Dispetcher ularga yaqin masofada joylashgan Tyubu aeroportiga yoki Yokotedashi AQShga qarashli harbiy baza aerodromiga qo‘nishni buyuradi.
Bu paytda boshqaruv tizimi ishdan chiqqan samolyot dengiz sathidan 6 ming metr balandlikda, goh o‘nga, chapga, goh yuqoriga va pastga sho‘ng‘ib uchishda davom etar, uchuvchilar muvaffaqiyatsiz tarzda samolyot boshqaruvini tiklashga urinishardi.
Boeing 747 Fudziyama tog‘lari yaqinidan uchib o‘tayotganda uchuvchilar har ehtimolga qarshi uning tezligini keskin pasaytirishadi va shassilarni ochishadi. Shu payt samolyot soatiga qariyb 200 kilometr tezlikda 4 ming metr radiusda aylana boshlaydi. Uchuvchilar amallab uning yo‘nalishini to‘g‘rilashadi.
Nosozlik boshlangandan keyin Boeing 747 yarim soatdan ko‘proq o‘z holicha parvoz qiladi. Uchuvchilar boshqaruv tizimini tiklash uchun qattiq harakat qilishadi, ammo buning iloji bo‘lmaydi.
Soat 18:56da salonida 509 nafar yo‘lovchi va 15 nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan Boeing 747 Tokiodan 100 kilometr uzoqlikda, Otsutaka tog‘laridagi dengiz sathidan 1,5 ming metr balandlikdagi nishablikga qulab tushadi.
Samolyot halokatga uchragandan so‘ng yapon qutqaruvchilari AQSh harbiylari bilan hodisa yuz bergan joyni qidirib topishganda u yer qalin o‘rmon bilan qoplangani va faqat vertolyot yordamida borish mumkinligi oydinlashadi.
Ilk qutqaruvchilar guruhi hodisa joyiga halokat sodir bo‘lgan vaqtdan 14 soat o‘tib yetib borishga muvaffaq bo‘ladi. Tekshirib ko‘rilganda samolyot bortida bo‘lganlardan 506 nafar yo‘lovchi va 14 nafar ekipaj a’zolari voqea joyida halok bo‘lgani, ikki nafar ayol va ikki nafar qizcha tirik ekani ma’lum bo‘ladi.
Keyinchalik ekspertiza tekshiruvlarida ayrim yo‘lovchilar bir necha soat davomida tirik bo‘lib, ular qutqaruvchilar yetib borishidan biroz avval ko‘p qon yo‘qotish va sovuqdan vafot etgani oydinlashadi.
Halok bo‘lgan yo‘lovchilarning 487 nafari va ekipaj a’zolari Yaponiya, qolgan 22 nafar yo‘lovchi o‘nga yaqini xorijiy davlat fuqarolari bo‘lgan.
Halokat sabablari
Halokat sodir bo‘lgandan so‘ng hodisa sabablarini o‘rganish uchun hukumat komissiyasi tashkil etiladi. 1987 yil 19 iyun kuni komissiyaning yakuniy xulosasi e’lon qilinadi.
Komissiya tomonidan samolyotning qora qutisidagi yozuvlar o‘rganilganda halokatga Boeing 747 samolyotining dum qismidagi muvozanatni ushlovchi qurilmaning uzilib ketgani sabab bo‘lgani oydinlashadi.
Komissiya oldida endi ikkinchi vazifa – samolyotning muvozanatni ushlovchi qurilmasi nega uzilib ketganini aniqlash turgandi. Surishtiruvlar davomida uning sababi ham aniqlanadi.
Ma’lum bo‘lishicha, halokatdan 7 yil avval 1978 yil 2 iyun kuni Tokio-Osaka yo‘nalishida parvoz qilgan Boeing 747 Osaka aeroportiga qo‘nish chog‘ida uning dum qismi uchish-qo‘nish yo‘lakchasiga tegib ketadi. O‘shanda samolyotning muvozanatni ushlovchi qurilmasiga zarar yetadi va hech kim unga e’tibor bermaydi. Natijada, Boeing 747 yetti yil davomida muvozanatni ushlovchi qurilmasi nosoz bo‘lgan holda parvoz qilib kelgani oydinlashadi.
Tovon pullari
Halokat Japan Air Lines aviakompaniyasining aybi bilan sodir bo‘lgani aniqlangach kompaniya barcha javobgarlikni o‘z zimmasiga olishini ma’lum qiladi. Japan Air Lines prezidenti iste’foga chiqadi. Aviakompaniyaning texnik xizmat ko‘rsatish bo‘limi boshlig‘i o‘z joniga qasd qiladi.
Hodisa yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi va surishtiruv boshlab yuboriladi. Sud tomonidan aviakompaniya zimmasiga halokatda vafot etganlarning oilasiga tovon puli to‘lash majburiyati yuklanadi.
Japan Air Lines tovon pullarini to‘lab bergach aviakompaniyaga qarshi ochilgan da’vo bo‘yicha olib borilayotgan surishtiruvlar sud tomonidan to‘xtatiladi.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.
Mavzuga oid
12:13
“O‘zbekistondagi nosvoylardan 10 xil zaharli modda aniqladik” - Yaponiyadagi o‘zbek olimi yangi tadqiqoti haqida
20:50 / 23.12.2024
Yaponiyada sun’iy gravitatsiyaga ega Oy majmuasi prototipi quriladi
20:28 / 23.12.2024
Honda va Nissan birlashmoqda. Ular dunyodagi eng yirik uchinchi avtomobil ishlab chiqaruvchiga aylanadi
18:22 / 22.12.2024