Eksperimentdan keyingi Toshkent: Avtoturargoh o‘rnida biznes markaz, mahalla guzari o‘rnida ko‘pqavat uylar
2018 yil oktyabr oyidan e’tiboran Toshkentda huquqiy eksperiment boshlangan: shahar hududidan yer ajratish bo‘yicha hokimga kart-blansh berilgan edi.
So‘nggi vaqtlarda Toshkent shahrida bolalar maydonchasi, mahalla guzari, xususiy bog‘cha, avtoturargoh va boshqa ijtimoiy maqsadlar uchun ajratilgan yerlarda ko‘p qavatli uylar, biznes markazlar yoki shunga o‘xshash inshootlar paydo bo‘lmoqda.
Achinarlisi, bu holatga javobgar bo‘lgan tashkilotlar ikki qo‘lini cho‘ntagiga solgancha, jim kuzatishdan nariga o‘tmayapti.
“Sehrgarlar”
Kurbanoff.net Telegram-kanali muallifi Shuhrat Qurbonovning yozishicha, Shimoliy vokzal qarshisidagi sobiq tramvay deposi hududida, avtoturargoh qurish uchun ajratilgan joyda biznes markaz paydo bo‘lib qolgan.
“Ko‘p qavatli avtoturargoh qurish bahonasi bilan yer olinadi, keyin yarim avtoturargoh va yarim supermarket quriladi. So‘ng esa biznes markaz paydo bo‘lib qoladi! Sehrgarlar”, – deya munosabat bildirgan bloger.
“Har bir qaror lupa bilan qaytadan tekshirib chiqilishi kerak”
Iqtisodchi Otabek Bakirovning ta’kidlashicha, yuqoridagi kabi “investitsiyaviy” loyihalarni Toshkentning deyarli barcha hududlarida ko‘rish mumkin.
“Shaxsan o‘zim Chilonzor 9-kvartalda bir qavatli guzar va “uchastkovoy” uchun ajratilgan yer maydonida, buzilgan garajlar o‘rnida ikki qavatli bog‘cha uchun ajratilgan maydonlarda bo‘y cho‘zgan ko‘p qavatli uylar qurilganiga guvohman. Poytaxtda biron bir kvartal yo mahalla yo‘qki, shunday buzg‘unchilikka duch kelmagan bo‘lsa”, deydi u.
Bakirovga ko‘ra, bu qurilishlar Toshkent shahrida 2018 yil oktyabrdan 2021 yil avgustgacha o‘tkazilgan huquqiy eksperiment bilan bog‘liq. Bu eksperiment “Toshkent shahrida investitsiya muhitini yaxshilash bo‘yicha eksperimentni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmon bilan joriy etilgan edi.
“Istalgan hududda istalgan formulirovka bilan yer ajratib olish, uni istalgan vaqtda mazmuni va maqsadini o‘zgartirish mumkin bo‘lgan. Masalan, 2018 yilda 1 qavatli guzar uchun ajratilgan yerda 9 qavatli biznes markaz paydo bo‘lgan bo‘lsa, avvalboshdagi qarorni topish kerak bo‘ladi, agar buni orqa sana bilan qaytadan yasab qo‘yishmagan bo‘lsa. Firmalarga ajratilgan yer maydonlari bo‘yicha ta’sischilarni o‘zgartirish orqali yer sotishlarning, qo‘ldan qo‘lga o‘tishlarning esa sanog‘i yo‘q.
Lekin bu ko‘z yumish, o‘tgan ish o‘tdi, qozonlar yopildi, degani emas. Mening ishonchim komil, bir kun kelib, 2018 yil oktyabrdan 2021 yil avgustga qadar yer ajratish bilan va qurilish ishlariga oid har bir qaror lupa bilan qaytadan tekshirib chiqiladi. Avvalo birlamchi hujjatlarga, investitsiya talablari va majburiyatlariga qaytish kerak (soxtalashtirilmagan bo‘lsa, soxtalashtirilgan bo‘lsa – bu jinoiy ish).
Agar investorning xatosi bo‘lsa, u katta jarima to‘lashi lozim. Qaysidir amaldor shartli guzarni shartli biznes markazga aylantirishga korrupsion yo‘l bilan ko‘mak bergan bo‘lsa, birinchi navbatda amaldor, keyin investor jazolanishi zarur.
Yig‘ilgan jarimalar eng avvalo shikast yetgan poytaxt infratuzilmasini tiklashga yo‘naltirilishi kerak. Keyin ijtimoiy ne’matlar (jamoat transporti, jamoat maydonlari, piyodalar infratuzilmasi) yaratish uchun.
Bu jazo muqarrarligini qayd etish, istiqbolda bu kabi buzg‘unchiliklar qayta takrorlanmasligi uchun shart va zarur”, deydi Bakirov.
Ma’lumot uchun, Toshkentda qariyb 3 yil davom etgan huquqiy eksperiment yakunlari va undan olingan xulosalar bo‘yicha ayni paytga qadar rasmiy ma’lumot berilmadi. Rasmiy doiralarda, parlament yig‘ilishlarida bu masala savol ostiga ham olinayotgani yo‘q.
“Tezroq investitsiyalar kiritilishi, egiluvchan tizim bo‘lishi uchun bu qilingan edi. Endi tugadi, tamom. Buyog‘iga auksion bo‘lishi shart”, – deya qisqa izoh bergandi adliya vaziri Ruslanbek Davletov o‘tgan yilgi matbuot anjumanida.
Kelishilgan investitsiya majburiyatlari bajarilganmi o‘zi?
Davletovuz Telegram-kanali muallifi Qobil Xidirov investitsiya va tadbirkorlik loyihalarini, ayniqsa Toshkent shahrida qayta ko‘rib chiqish shart deb hisoblaydi.
“Birinchidan, muayyan yuridik yoki jismoniy shaxslarga ajratilgan davlat aktivlari, yer uchastkalarining qancha foizi hali ham o‘sha shaxslar tomonidan tasarruf etilmoqda? Qanchasi boshqalarga sotib yuborilgan (hozirda yer uchastkasi pullashning eng ommaviy usuli)? Buning ortida kelishilgan investitsiya majburiyatlari bajarilganmi?
Ikkinchidan, boshida muayyan maqsad, deylik, xususiy bog‘cha, mahalla guzari va boshqa ijtimoiy maqsadlar uchun ajratilgan yer uchastkalari o‘rni birlamchi loyihadagi kabi turibdimi? Yoki ko‘p qavatli uylar, biznes markazlar paydo bo‘ldimi?
Uchinchidan, servis va boshqa tadbirkorlik faoliyati uchun ajratilgan yer uchastkalarida taqdimotlarda keltirilgan obektlar qad rostladimi yoki mahalla, guzarda kommunal tizimiga ortiqcha yuk bo‘layotgan, tabiat va bo‘sh makonlarning ayovsiz o‘zlashtirilishiga sabab bo‘lgan ko‘p kvartirali uylar va boshqa obektlar qad rostladimi?
To‘rtinchidan, kovorking markazi, yoshlar va ayollar bandligini ta’minlash predlogi bilan ajratilgan yer uchastkalari, davlat obektlari pirovard maqsadiga xizmat qilyaptimi? Xalq va davlatning xotirasi qisqa deya unutib yuborilganmi?
Beshinchidan, dastlabki loyihada ikki, to‘rt yoki olti etajli obekt qurilishi mo‘ljallangan, ammo keyinchalik eniga ham, bo‘yiga ham o‘sgan obektlar qancha? Ya’ni loyihasi bir necha marta o‘zgartirilgan inshootlar tahlili bormi?
Va nihoyat, eng muhimi, bunday ko‘lamdagi umummilliy o‘zlashtirishlar kelajakda takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida biror ish qilinyaptimi? Chunki amaldorlarimiz boshqa investitsiya loyihalarini qayta ko‘rib chiqishni kayfiyatiga qarab shundoq ham qilishmoqda”, deya bir qancha savollarni o‘rtaga tashlagan bloger.
Mavzuga oid
16:35
1 yanvarga o‘tar kechasi Toshkent metropoliteni ish jadvali 2 soatga uzaytiriladi
18:02 / 21.12.2024
Faoliyatda qonun buzilishi, sertifikatsiz o‘qituvchilar va norozi ota-onalar – “NEWTON ACADEMY” o‘quv markazi haqida nimalar ma’lum?
18:36 / 20.12.2024
Toshkentdagi elektromobillarni quvvatlash stansiyalarini demontaj qilish buyurildi
13:54 / 19.12.2024