“Inson astoydil harakat qilsa, pul yig‘sa bo‘lar ekan” - gul sotib Umraga ketgan ayol
Farg‘ona shahridagi supermarket yonida tunda bir ayol gul sotadi. Samimiy va mehnatkash ayoldan odamlar atay gul sotib olishadi. U halol mehnati bilan yolg‘iz qizini oliygohda o‘qitdi. Asosiy ishidan tashqari vaqtlarda gul sotib, Umraga borish uchun pul to‘pladi...
Dilfuzaxon opa Qo‘ziyeva – Farg‘ona yog‘-moy zavodida oddiy ishchi. Yolg‘iz qizini 4 yil maosh olmay Farg‘ona davlat universitetida bakalavr yo‘nalishida, 1 yil magistraturada shartnoma asosida o‘qitdi. Hozirda qizi magistraturaning 2-bosqichiga o‘tgan.
Ayol yolg‘iz farzandini o‘qitish uchun kunduzi zavodga borib ishladi, hovlisida anvoyi gullar parvarishladi, dalaga borib maymunjon terib kelib, kechasi soat 24:00 gacha supermarket qarshisida ularni sotdi.
46 yoshli hamyurtimiz to‘rt yarim yil davomida Umra safariga borish uchun misqollab pul yig‘di...
Biz opani yo‘qlab u yashaydigan Farg‘ona tumani Avval qishlog‘ida bordik. Ayolning ko‘chasiga kiraverishda taksi to‘xtab ayol mashinadan tushdi. U mashina bagajidan 5-6 ta tugunni quchib yerga tushira boshladi. Salom-alikdan so‘ng unga o‘zimni tanishtirdim va qishloqqa u bilan suhbatlashish maqsadida kelganimni aytdim. Opa jurnalist ekanimni bilib, xijolatdan bir zum o‘ylanib qoldi...
Dilfuza opa mashinadan tushirilgan kiyimlarni yetim-yesirlarga ehson qilish uchun sotib olgan ekan.
Qahramonimiz – tabiatan juda mehnatkash ayol. U qizini o‘qitish uchun kunlik yumushlaridan ortib, o‘zgalarning xonadonida peshona teri bilan ishlab pul topgan.
“Erta tongda bomdodga turaman. Ibodatni qilganimdan keyin hovliga chiqaman. Kechasi bilan olmalar tagiga to‘kilgan bo‘ladi. Ularni to‘g‘rab qoqi qilaman. Molimni dalaga olib chiqaman. Tovuqlarga don beraman. Ozodalikni juda yaxshi ko‘raman.
Yerga avval kartoshka ekdim. Hosilni yig‘ib bo‘lib orqasidan makka ekib qo‘ydim. Pomidor ekdim. Banka berkitishga o‘zimizdan chiqdi. Gul ko‘chatlarni ko‘paytiryapman. Saraton issig‘ida ham bir joydan gul ko‘chati olib kelib ekib qo‘ysam ko‘karaveradi.
Bu dunyoda bitta-yu bitta qizim bor. O‘g‘lim yo‘q. U yoshligidan sportni tanladi. Farg‘ona davlat universitetining jismoniy madaniyat fakultetiga o‘qishga kirdi. Bakalavrni tamomlab, biroz ishladi. Magistraturaga kirganida xursandligimdan o‘zimni qo‘yarga joy topa olmay qoldim. Kontrakt to‘lovlarini qildik. Kontrakt uchun pulni Yaratganning o‘zi yetkazar ekan. “Keyingi yili grant asosida o‘qiyman, yana topshiraman” deganingiz bilan bunday imkoniyat qaytib kelmasligi mumkin.
Kontrakt to‘lovini to‘lash uchun 4 yil oylik olmadim. Pul topish uchun boylarning uyida ham ishladim. Men ishlagan xonadon sohibalari haligacha hurmat qilishadi. Hozir ham ishga chaqirib turishadi.
Shunday qilib zavodda, bozorda, xonadonlarda ishlab yolg‘iz qizimni o‘qitdim. Bu orada qizimni mashina minishga o‘rgatdim. Eskiroq bo‘lsa ham Matiz sotib oldik”, – deydi u.
Dilfuza opa zavodda bir kun ishlab, ikki kun dam olar ekan. Gul sotib ko‘proq pul topgan kuni uyiga taksida keladi. Qolgan kunlarda esa yo‘lovchi mashinaga minadi.
“1997 yildan beri yog‘-moy ishlab chiqaruvchi zavodda ishlayman. Otamning daraxt bir joyda ko‘karadi, bir joyda ishlash kerak degan gapiga amal qildim. Oylik-maoshimiz ish kunimizga qarab. Bir oy tinimsiz ishlasak 1 million 700 ming, agar ish kam bo‘lsa 800 ming – 1 million so‘m oylik olamiz. Chigit bo‘lmay, zavod gohida to‘xtab qoladi. Allohga shukr, ishlayapmiz. Haftada 1 kun ishlab, 2 kun dam olamiz.
Gullarni soat 16:00 larda uzishni boshlayman. Keyin qishloq ko‘chalari oralab “po puti” mashinada katta ko‘chagacha chiqib olaman. Supermarketlar kech soat 24:00 gacha ishlaydi. Salqinda shu do‘kon yonida gulimni sotib tugataman. Sotib olgan odam guli eski ekan, deb og‘rinmasligi kerak.
Malinaning yovvoyisi maymunjon inson organizmiga juda foydali. Qon bosimini bir xilda ushlaydi. Qishda tashqaridan sovqotib kelsangizda qaynagan suvga aralashtirib ichsangiz juda foydali. Dalalarga borib maymunjon terib kelaman. Uning xaridori juda ko‘p. Chelakni belimga bog‘lab olib teraman. Terish ozgina qiyin. Dalada hech kim bo‘lmaydi, tinchgina terib yuraman.
Korzinka supermarketi yonida joyim bor. U yerda kech soat 24:00gacha maymunjon va gullarni sotib bo‘lib qishloqqa qaytaman. Supermarketdan uyimgacha yarim soatlik yo‘l. Pulim ko‘proq bo‘lsa, taksi chaqiraman. Mundayroq pulga ishlagan kunim yo‘lovchi mashinada kelaman”, – deydi gul sotuvchi ayol.
Dilfuza opa azaliy orzusi – Umra safariga borish va qizini oliygohda o‘qitish uchun astoydil harakat qildi. Yillar davomida dalada maymunjon terib kelib supermarket yonida gul, olma, uzum bilan birga sotdi. Mehnat ortidan u belidan jarrohlik amaliyotini o‘tadi, revmatizm kasalini orttirdi...
“Umraga ketish uchun yillar davomida pul yig‘dim. Quvasoylik hamkasbimizning ota-onasi Xajdan mushk-anbar olib kelgan ekan. Atirdan menga ham berishdi. Uni qo‘limga surtgan kunimdan boshlab Hajga borish ishtiyoqi menga tinchlik bermadi. Allohimdan Hajga borish uchun yo‘limni ochishini so‘rab yig‘lab duolar qildim.
Inson astoydil bo‘lsa, pul yig‘sa bo‘lar ekan. Ust-boshni kam kiydim. Hajga borish yo‘lida gul, olma, uzum sotdim. 4 yarim yil pul jamg‘ardim. 5-6 oy olgan maoshimni plastik kartada to‘plab, yig‘ilib qolsa, dollar qilib qo‘ydim.
Dalalarda tinimsiz maymunjon terganim belimga dard berdi. Belimdan jarrohlik amaliyotini o‘tadim. Undan keyin revmatizm kasalligiga chalindim. Davolanib turaman.
Hayotdagi eng katta orzu-niyatim farzandim bu dunyoda baxtli bo‘lishi. Ko‘p farzandli bo‘lishi”, – deydi u.
Mehnatkash ayol tovuq tuxumlarni sotib, puliga ro‘zg‘orga go‘sht olib keladi. U bahorda gul sotib orttirgan mablag‘iga g‘unajin sotib olib, uni parvarish qilmoqda.
“Ko‘proq g‘unajinlarni yaxshi ko‘raman. Chunki ular tezda sigir bo‘lib sut beradi. Ularga o‘t, po‘choq berib boqaman. Yem sotib olishga qurbim yetmaydi. Qish faslidan boshlab uyimdan chiqqan gulga bozordan olib kelib qo‘shib gul sotib yurib buzoqcha sotib olish uchun pul yig‘a boshladim. Nihoyat 3 million so‘mga yaqin pul jamg‘ardim. Yaxshi niyatda sigir qilish uchun bozordan kichik bir g‘unajin sotib oldim. Undan avval novvosimiz bor edi. Sotib, qizimning kontraktiga to‘lagan edim.
1 million so‘mga yana bir kichik buzoqcha sotib olib, 19 oy boqdim. Uni erkalatib Charos deb chaqirardim. Jonivor o‘z ismini bilardi. Chaqirsam men tomonga qarardi. Bolalay deganida qo‘shnimga sotib, puliga qizimning to‘yiga kam-ko‘st qildim. Xo‘jayinimni ham ishlash uchun xorijga chiqarmadim. Shu tomorqamiz bizni boqdi.
300 ming so‘mga 10 ta tovuq sotib oldim. Ular hozir tuxumga kirgan. Ro‘zg‘orga ishlatamiz, qolganini sotib kelaman. Puliga go‘sht sotib olaman. Tovuq go‘shtini yaxshi ko‘raman. Tez-tez so‘yib ovqatga qo‘shamiz. Tuxumlarni qarindosh-urug‘larga tarqataman.
O‘tgan 3-4 yil davomida dalada maymunjon ko‘p terdim. Bu esa sog‘ligimga o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmadi. Oyog‘imdan zax o‘tdi. Mart, aprel, may oylarida ayniqsa tinim bilmayman. Tomorqaga ekkan gullarimga qancha tez plyonka o‘rasam, shuncha tez yetiladi.
Gul bozorga borib gulchilardan maslahat so‘rayman. Bilmaganlarimni o‘rganaman. Avvaliga uyda yetishtirilgan gullarni bozordagi gul sotuvchilarga arzon garovga sotib keldim. Endi esa Korzinka oldida gullarni o‘zim sotyapman”, – deydi u.
Maqola tayyorlash jarayonida Dilfuza opa Qo‘ziyevaning qizi bilan telefon orqali bog‘langanimizda onasi 15 avgust kuni Umra safariga uchib ketganini aytdi. Ziyoratlaringiz qabul bo‘lsin!
Sarvar Ziyayev, Kun.uz muxbiri
Montaj ustasi: Abdusalim Abduvohidov.
Mavzuga oid
16:56 / 22.12.2024
Farg‘onada portlash sodir bo‘lgan zapravka buzilmoqda - video
22:57 / 21.12.2024
Farg‘onadagi portlash, Jizzaxga yangi hokim va kadastrdan tadbirkorlarga “qora xat” - hafta dayjesti
21:23 / 21.12.2024
Farg‘onadagi sexda yuz bergan yong‘in oqibatida bir kishi halok bo‘ldi
16:56 / 20.12.2024