Jahon | 17:35 / 28.08.2022
16736
6 daqiqa o‘qiladi

Liviya poytaxtida ikki yillik jimlikdan keyin yana janglar boshlandi

Liviyada hokimiyat uchun o‘zaro raqobatlashuvchi siyosiy guruhlar shanba kuni Tripolida jang boshladi - bu so‘nggi ikki yillikdagi eng jiddiy to‘qnashuvlar bo‘lmoqda. BMT missiyasi qonli to‘qnashuvlarni zudlik bilan to‘xtatishga chaqirmoqda.

Tripolida shanba kuni yoqib yuborilgan avtomobil. Foto: Getty Images

Milliy kelishuv hukumati sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, mamlakat poytaxtida boshlangan otishmalar chog‘ida kamida 23 kishi halok bo‘lib, o‘nlab kishilar jarohatlangan.

Janglar Milliy kelishuv hukumati rahbari Abdul Hamid Dbeybaga sodiq bo‘lgan kuchlar va Liviya parlamenti tomonidan saylangan bosh vazir Fathi Bashaga tarafdorlari o‘rtasida kechmoqda.

Reuters agentligi xabar berishicha, qurbonlar orasida tinch aholi vakillaridan 17 kishi bor, ularning biri taniqli komik Mustafo Baraka (suratda).

Bu so‘nggi ikki yillikdagi eng shiddatli janglar bo‘lmoqda, o‘shanda bir necha oylik siyosiy qarama-qarshilik ko‘cha janglariga aylanib ketgandi, hozir ham to‘qnashuv ko‘lami yanada kengayishi mumkin.

Otishma va portlashlar

2011 yili NATO davlatlari qo‘llab-quvvatlovi bilan Muammar Qazzofiy ag‘darilganidan buyon Liviyada tinchlik o‘rnatilmadi. So‘nggi ikki yilda esa mamlakatda nisbatan tinch muhit hukm surdi.

Shanba kuni xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olingan hukumat qurolli kuchlari Liviya parlamenti tomonidan bosh vazirlikka saylangan Bashagaga sodiq bo‘lgan ayirmachilar kolonnasini chekintirish uchun o‘t ochdi.

Poytaxtning bir qator tumanlarida otishma va portlashlar ro‘y bergani aks etgan videolar tarqaldi. Shahar ustida qora tutun ustunlari ko‘tarildi.

Tripolida portlashlardan keyingi tutun ustuni. Foto: Getty Images

Harbiy harakatlar boshlangan tumanlar aholisi evakuatsiya qilingan. Favqulodda xizmatlar bir necha shifoxona shikastlanganini xabar qilgan.

BMTning Liviyadagi missiyasi aholi yashash kvartallariga ham zarbalar yo‘llanganini qayd etib, o‘t ochishni zudlik bilan to‘xtatishga chaqirgan.

Tripoli atrofida harbiylarini joylashtirgan va Milliy kelishuv hukumatini qo‘llab-quvvatlaydigan, 2020 yilda sharqdan qilingan hujumlarni to‘xtatib qolgan Turkiya ham zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirdi.

Ikki bosh vazir

Ikki yillik nisbatan tinch davr saylovlarga olib kelishi kerak bo‘lgan siyosiy jarayonlar bilan kechdi, ammo yakunda bunday bo‘lib chiqmadi. Dbeyba boshqaruvidagi Milliy birlik hukumati Liviya sharqidagi parlament tomonidan qo‘llab-quvvatlangan Bashaga rahbarligidagi ma’muriyat bilan to‘qnashdi.

Reuters agentligi guvohlarga tayanib xabar berishicha, shanba kuni Bashaga bilan aloqador bo‘lgan kuchlar bir necha yo‘nalishlardan kirib Tripolini egallab olishga urinishdi, ammo asosiy kuchlar poytaxtga yetib kela olmasdan, sharqqa, Misurata shahri tomon ketgan.

Ular Tripoliga uch yo‘nalish bo‘ylab harakatlangan. Mahalliy aholi poytaxt shimoli-g‘arbida intensiv to‘qnashuvlar bo‘lib o‘tganini xabar qilishgan. Poytaxtdan janubda, guvohlarning hikoya qilishicha, shiddatli otishmalar kechgan, undan avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda shahar qamal qilinayotgani aks etgan videolar tarqalgandi. 300 dan ortiq avtomobildan iborat asosiy kolonna esa dengiz sohili bo‘ylab shimoli-sharqdan Tripoli tomon harakatlangan.

Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, Bashaga Misuratadagi o‘z bazasiga qaytib ketgan.

Ikki yillik sukunat

2020 yilda parlament Liviya milliy armiyasi qo‘mondoni etib tayinlagan Xalifa Haftar armiyasining sharqdan Tripoli tomon yurishi muvaffaqiyatsizlikka uchragandi. O‘shanda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha sulh tuzilib, BMT ko‘magida tinchlik jarayoni boshlangandi.

Sulh shartlariga ko‘ra, Dbeyba hukumati butun Liviyani boshqarishi va 2021 yil dekabrida umummilliy saylovlar o‘tkazilishini ta’minlashi nazarda tutilgandi. Ammo qator masalalarda kelishuvga erishilmagani tufayli mamlakatdagi siyosiy kuchlar saylovlardan voz kechishdi.

Parlament hukumat rahbarining vakolat muddati tugaganini ma’lum qilib, uning o‘rniga Bashagani saylagan. Dbeybaning hisoblashicha, parlament uni ag‘darish vakolatiga ega emas - u faqat saylovlar o‘tganidan keyin iste’foga chiqishi mumkinligini aytgan.

Bashaga may oyida ham Tripoliga kirishga uringan va shahar atrofidagi hududlarda otishmalar bo‘lib o‘tgandi.

Feldmarshal Haftar hamon sharqda o‘rnashgan parlament bilan qalin aloqalarga ega, uning 2019-2020 yillardagi yurishidan keyin Tripolidagi guruhlar tarkibida u bo‘lgan har qanday koalitsiyaga qarshi chiqadi.

Milliy birlik hukumati bayonotida aytilishicha, Tripolidagi so‘nggi to‘qnashuvlar Bashaga bilan aloqador bo‘lgan jangari guruhlar tomonidan yuzaga keltirildi.

Hukumat Bashagani inqirozni hal qilish bo‘yicha muzokaralardan bosh tortishda ayblagan. O‘z navbatida, Bashaga ma’muriyati o‘z muxolifidan farqli o‘laroq, hech qachon muzokaralardan bosh tortmasligini bildirgan.

Mavzuga oid