Sport | 12:20 / 29.08.2022
13408
10 daqiqa o‘qiladi

«PSJ» prezidenti va UYeFA rahbari qalin do‘st – ba’zi qarorlar bamaslahat qabul qilinmoqda

«PSJ» prezidenti Nosir Al-Xilayfiy va UYeFA rahbari Aleksandr Cheferin o‘rtasidagi do‘stlik munosabatlari sport jamoatchiligini tinch qo‘ymayapti. The New York Times bu borada kichik surishtiruv o‘tkazdi.

Foto: Getty Images

Nashrga bir necha holatlar yoqmayapti:

  •  «PSJ» prezidenti Chempionlar Ligasi 1/8 finalida «Real»dan nokautga uchraganidan keyin hakamlar xonasiga kirishga uringani uchun jazolanmadi. «Bernabeu»dagi o‘yindan so‘ng Nosir va sobiq sport direktori Leonardo hakam Danni Makkeli bilan orani ochiq qilishga urinishgan edi. UYeFA faqat Leonardoni jazoladi.
  • AQSh futbol federatsiyasining sobiq rahbari, Cheferinning yaqin do‘sti Sunil Gulati yangi moliyaviy feyr-pley (MFP) qoidalarini amalga kiritish uchun mas’uldir. «Barselona» prezidenti Joan Laporta ushbu qoidalar bilan «PSJ» kabi yirik homiylarga ega klublar yanada ko‘proq pul sarflashi mumkinligidan g‘azablanmoqda.
  •  «PSJ» prezidenti Nosir Al-Xilayfiy hozirda Yevropa klublari assotsiatsiyasiga rahbarlik qilyapti. Shuningdek, UYeFA ijro qo‘mitasi a’zosi. Bundan tashqari, sayyoradagi deyarli eng yirik telekompaniya - beIN Spors direktorlar kengashi raisi bo‘lib ishlayapti. Lavozimlar sonining bunchalik ko‘pligi manfaatlar to‘qnashuvini keltirib chiqarmoqda. Lekin UYeFA bundan xavotirlanmayapti.

Har bir bandni batafsil ko‘rib chiqamiz.

Nosir hakamga tashlandi va hatto bayroqchani sindirdi

Movistar muxbiri Monika Marchante so‘zlariga ko‘ra, Chempionlar Ligasi 2021/22 mavsumining 1/8 finalidan o‘rin olgan «Real»ga (1:3) qarshi o‘yindan keyin Al-Xilayfiy tezda tribuna ostidagi binoga tushib, baqir-chaqir qilgan va yo‘lida uchragan narsalarga zarba bergan. U sobiq sport direktori Leonardo bilan birga hakamlar xonasini izlagan va Makkeli bilan orani ochiq qilishga uringan. 

Nosirning g‘azabiga «Real»ning birinchi goli bilan bog‘liq vaziyat sabab bo‘lgan – Karim Benzemaning bosimi ostida darvozabon Donnarumma ahmoqona xatoga yo‘l qo‘ygan edi. Parijliklar xo‘jayini bunda Benzema o‘yin qoidasini buzgan, hakam esa golni inobatga olmasligi kerak degan fikrda bo‘lgan.

O‘sha vaqtda «PSJ» bosh murabbiyi bo‘lgan Maurisio Pochettino: «Qanday sharmandalik! Fol bor edi. Bunday qo‘pol xato haqida jim turib bo‘lmaydi. 2022 yilda bunday holat bo‘lishi mumkin emas», degan edi.

Marca nashrining yozishicha, «PSJ» prezidenti dastlab hakamni topa olmagan va tasodifan «Real» delegati Megia Davila xonasiga kirgan. Shundan so‘ng Al-Xilayfiy hakam xonasini topgan. Bosh hakam undan chiqib ketishni so‘raganida, prezident yordamchi hakamning bayrog‘ini sindirgan. Vaziyatni suratga olayotgan «Real» xodimiga esa hissiyotlarga berilgan holda «o‘lim» bilan tahdid qilgan.

Mojaroning kattalashib ketishiga «PSJ» xavfsizlik xizmati yo‘l qo‘ymagan. Qo‘riqchilar o‘z boshlig‘ining yo‘lini to‘sib, uni olib ketishgan. Leonardo xodimdan yozib olingan videoni o‘chirishni talab qilgan, biroq u bunday qilmagan. Keyinchalik video UYeFA komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqilgan.

Rasmiylar holat bo‘yicha yakuniy qaror chiqarishni ancha orqaga surishdi. Faqat iyun oyiga kelib, Leonardo bir o‘yinga diskvalifikatsiya qilindi. Al-Xilayfiy esa negadir jazodan qutulib qoldi.

«PSJ» yangi MFP qoidalarini ilgari surmoqda

«PSJ» va «Manchester Siti» moliyaviy feyr-pley qoidalarini buzganlikda boshqalardan ko‘ra ko‘proq gumon qilinadi. 2014 yilda ular UYeFA tomonidan jarimaga tortilib, Chempionlar Ligasi qaydnomasini qisqarishi bilan jazolangan edi. Ammo bu qarorga e’tiroz bildirib, tez orada sudda yutib chiqishdi. Keyinchalik ular MFP qoidalarini chetlab o‘tish uchun homiylik shartnomalarini sun’iy ravishda oshirganlikda gumon qilindi.

Yaqinda UYeFA yangi moliyaviy feyr-pley qoidalarini e’lon qildi. Uning asosiy talabi - «moliyaviy barqarorlikni oshirish» yoki egasi tomonidan kiritiladigan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarga qo‘yilgan cheklovni yumshatish. Oldingi qoidalar «daromadga yarasha buromad» tamoyiliga asoslangan va klublar daromadidan kelib chiqqan holda transferlarga pul sarflashi mumkinligini anglatar edi. Yangi qoidalarda esa «moliyaviy barqarorlik» degan tushuncha kiritilmoqda. Endi xo‘jayinlar klubning emas, balki o‘z daromadidan kelib chiqqan holda transferlarga pul sarflashi mumkin. Ya’ni, «barqarorlik» ularning hamyonidagi pullarga bog‘liq.

New York Times buning ortida Sunil Gulati turibdi deb hisoblamoqda. U oldin FIFA tashkilotida ishlab, «boylarga yordam berish» bilan shug‘ullangan. Hozirda «PSJ» ushbu MFP qoidalarini ilgari suryapti.

«Al-Xilayfiy – boshqa saviyadagi odam. U barchamizni ahmoq qilmoqchi va xuddi takabbur boyvachcha kabi dars bermoqchi. Aslida «PSJ» uchun hech qanday qoida amal qilmaydi», deydi La Liga rahbari Xaver Tebas yangi MFP qoidalari haqida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, «PSJ» prezidentining bunday xatti-harakatlari Yevropa futboliga xavf soladi.

«Biz Nosir Al-Xilayfiy UYeFA ijro qo‘mitasi a’zosi va Yevropa klublari assotsiatsiyasi rahbari bo‘lganidan keyin kelajakda bunday amaliyotdan o‘zini tiyishi va bu zararli ekanini tushunishiga umid qilgan edik. Ammo hammasi aksincha bo‘lib chiqdi. «PSJ»ga juda katta sarmoyalar kiritilmoqda. Bu to‘g‘ri emas.

Bu xatti-harakatlar davlatga tegishli klublarning futboldagi qoidalarni hurmat qilmasligi va qilishni ham istamasligini yana bir bor ko‘rsatmoqda. Bu qoidalar yuz minglab ish joylarini saqlab qolish uchun zarur. «PSJ» prezidentining bunday xatti-harakati Yevropada Superliga tashkil qilinishiga olib kelishi mumkin», dedi Tebas.

Nosir UYeFA prezidenti Cheferinga ta’sirini o‘tkaza oladi

Ba’zilar «PSJ» prezidenti juda ko‘p muhim lavozimlarga ega ekanidan norozi.

FIFA sobiq mulozimi Migel Maduro bu haqda shunday dedi:

«UYeFA rahbariyati «PSJ» klubi tarafida va qoidalarni buzmoqda. «PSJ» tomonidan MFP qoidalariga amal qilinishini tekshirgan qo‘mita a’zolarining ko‘pchiligi o‘z ixtiyoriga ko‘ra ketdi yoki boshqa, moyilroq odamlarga almashtirildi. Manfaatlar to‘qnashuvi borligi aniq. Al-Xilayfiy ham ijroqo‘m a’zosi, ham klub prezidenti, ammo hech kim bunda muammo ko‘rmayapti. Hech kim o‘zining iqtisodiy manfaatlari va ayniqsa siyosiy aloqalari bilan UYeFA ijroqo‘mi a’zosi bo‘lishi mumkin emas».

Tebas ham bu haqda quyidagi fikrlarni bildirdi:

«U juda ko‘p lavozimlarni egallagan va ko‘plab manfaatlar to‘qnashuvi yuz beryapti. 2022 yilda bunga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. U La Liga va Chempionlar Ligasini namoyish etish huquqini sotib oluvchi kompaniyani boshqaryapti, bir vaqtning o‘zida UYeFA ijroqo‘mida ishlayapti, bu mumkin emas».

Nosir Al-Xilayfiy UYeFA prezidenti Cheferin bilan juda yaqin. Ular Superliga bilan kurashish jarayonida qalin do‘st bo‘lib qolishgan.

«Men «PSJ» prezidenti bilan emas, Yevropa klublari assotsiatsiyasi prezidenti bilan yaxshi munosabatdaman. U boshqa klublardan farqli o‘laroq, Yevropa futbol modelini tushunadi va himoya qiladi», - deb tan olgan edi UYeFA prezidenti.

Misol tariqasida Chempionlar ligasi 2021/22 mavsumi finalini keltirish mumkin. ABC nashridagi ispaniyalik jurnalistlar yozishicha, Cheferin finalni Sankt-Peterburgdan Parijga ko‘chirish haqidagi qarorni Al-Xilayfiy bilan maslahatlashgan holda qabul qilgan. Parij meri Ann Idalgo finalni «Stad de Frans»da o‘tkazish xavfli ekani haqida ogohlantirgan, biroq uning so‘zlari inobatga olinmagan. Finalning qayg‘uli oqibatlari barchaga ayon – chiptaga ega bo‘lgan minglab muxlislar o‘yinga kirolmagan, politsiya bilan to‘qnashuvlar yuz bergan, final yarim soatga kechiktirilgan edi.

Shahar meri stadion joylashgan Sen-Deni kommunasida ko‘plab muhojirlar borligi, jinoyatchilik darajasi yuqoriligi, ya’ni ko‘p sonli mehmonlarning xavfsizligini kafolatlash qiyinligi bilan asoslab bergan.

Ammo do‘stlar dueti bu qarorni qabul qilishda o‘z manfaatlarini birinchi o‘ringa qo‘ygan ko‘rinadi. Finalni Sankt-Peterburgdan ko‘chirish masalasi ko‘rib chiqilayotganda «PSJ» nimchorakfinalda «Real»ga qarshi javob o‘yinini hali o‘tkazmagan edi. Ya’ni, Al-Xilayfiy «uy finali» bo‘lishidan umidvor edi.

Uning o‘zi turli ayblovlarga nisbatan har doim mujmal javob qaytarib kelmoqda.

«Biz nima qilishni, qo‘limizdan nima kelishini bilamiz. Boshqa ligalar, klublar yoki federatsiyalar haqida gapirish bizning uslubimiz emas. Biz hech kimga aql o‘rgatmaymiz, bizga aql o‘rgatishlariga ham yo‘l qo‘ymaymiz. Bu gaplar har yili takrorlanmoqda», degan edi Nosir Al-Xilayfiy.

Mavzuga oid