O‘zbekiston | 21:12 / 29.08.2022
21261
3 daqiqa o‘qiladi

Qoraqalpog‘iston voqealari sabab qamoqqa olingan shaxslardan ayrimlariga ehtiyot chorasini yengilrog‘iga almashtirish so‘raldi

Parlament komissiyasi va Jo‘qorg‘i Kenges Bosh prokuraturaga taklif kiritdi. Qilmishidan pushaymon bo‘lgan, qaramog‘ida voyaga yetmagan farzandlari bor, oilaviy sharoiti og‘ir va oilada yolg‘iz boquvchi bo‘lgan fuqarolarga tayinlangan qamoq ehtiyot chorasini yengilrog‘iga almashtirish so‘ralmoqda. Ular orasida ayollar ham bor.

3 iyul 2022 yil, Nukus / Foto: Kun.uz

Qoraqalpog‘iston voqealarini tekshirish o‘tkazish bo‘yicha parlament komissiyasi va Jo‘qorg‘i Kenges Bosh prokuraturadan ba’zi fuqarolarning qamoq ehtiyot chorasini yengilrog‘iga almashtirishni so‘radi.

Qamoqdan ozod qilish so‘ralganlarning ro‘yxatiga qilmishidan pushaymon bo‘lgan, qaramog‘ida voyaga yetmagan farzandlari bor, oilaviy sharoiti og‘ir va oilada yolg‘iz boquvchi bo‘lgan fuqarolar kiritilgan.

Komissiya axborotiga ko‘ra, yakkama-yakka shaklda o‘tkazilgan suhbat davomida ular vaziyatni yaxshi anglamagan holda yolg‘on axborotlar ta’siriga tushib qolishganini, sodir etgan qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon ekanliklarini bildirishgan. Ayniqsa, ayollar farzandlarini juda sog‘inishgani va bo‘lib o‘tgan voqealardan to‘g‘ri xulosa chiqarishganini aytishgan.

“Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi komissiya a’zolari tomonidan shakllantirilgan ro‘yxatdagi shaxslarga mahalliy tuman kengashlari deputatlarini jamoatchilik kafilligi asosida biriktirish taklifini qo‘llab-quvvatladi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, komissiya va Jo‘qorg‘i Kengesi tomonidan sodir etgan qilmishlaridan pushaymon bo‘lgan, qaramog‘ida voyaga yetmagan farzandlari bor, shuningdek oilaviy sharoiti va ijtimoiy holati og‘ir hamda oilada yolg‘iz boquvchi bo‘lgan fuqarolarga insonparvarlik tamoyili asosida qamoq ehtiyot chorasini jamoatchilik nazorati va uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasiga almashtirilishini so‘rab Bosh prokuraturaga taklif kiritildi”, – deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 1-2 iyul kunlari bo‘lib o‘tgan namoyishlar sabab, 4 iyulda berilgan rasmiy xabarga ko‘ra, 516 kishi hibsga olingan; ulardan aksariyati ma’muriy jarima qo‘llangan holda qo‘yib yuborilgani aytilgandi.

  • Parlament komissiyasi, tegishli nizomga muvofiq, Qoraqalpog‘istonda ro‘y bergan voqealarni mustaqil o‘rganishi lozim. Davlat idoralari tomonidan komissiya faoliyatiga aralashuviga yo‘l qo‘yilmasligi belgilangan. Komissiya aholi va jamoatchilik fikrini o‘rganishga zarur deb bilgan har qanday holat va ma’lumotlarni olish huquqiga ega.

Mavzuga oid