O‘zbekiston | 16:27 / 30.08.2022
16869
3 daqiqa o‘qiladi

DTM direktori avvalgi yillarda mandat kechikkaniga izoh berdi

2022 yilda OTMlarga kirish imtihonlari natijalari noodatiy tarzda o‘z vaqtida e’lon qilindi. Avvalgi yillarda mandat doim kechikardi. Majid Karimovning aytishicha, bunga 40 dan ortiq turdagi imtiyozlarning yetarlicha raqamlashtirilmagani sabab bo‘lgan. “Bu ish hozir ham oxiriga yetkazilmagan”, dedi u.

Majid Karimov / Foto: AOKA

Abituriyentlarning imtiyozlariga oid ma’lumotlar elektron bazaga kiritilgani sabab 2022 yilda bakalavriatga qabul natijalari o‘z vaqtida e’lon qilingan. Bu haqda Davlat test markazi direktori Majid Karimov ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

“Mandat hamma uchun bir vaqtda tayyorlanadi. Abituriyentlar 3-5 ta yo‘nalishni tanlaydi, shuni hisobga olib, mandat javoblarini bir vaqtga qilmasak bo‘lmaydi.

Bundan tashqari, bizda turli tashkilot, idoralar beradigan 40 dan ortiq imtiyozlar bor. Hammasi tugaganidan keyin, mana shu imtiyozlarning barchasini ko‘rib chiqish kerak. Ming afsuski, oldingi yillarda bularning ko‘pi elektron raqamlashtirilmagan edi. Mana hozir ham bu ish oxiriga yetkazilmagan. Agar imtiyozlarning hammasi elektronlashtirilib, bazada shakllantirilsa, bizda muammo bo‘lmaydi.

Ammo bazasi yakunlanmay, kimdir qolib ketgan bo‘lsa, tartibi bo‘lmasa, ko‘p ko‘rsatkichlar kiritilmagan bo‘lsa, bu holda muammo bo‘ladi. Muammoning oxiriga yetmaguncha, mandatni qilib bo‘lmaydi. Bitta odam kelib, qolib ketgani borasida DTMga shikoyat qilsa ham, biz mandatni qayta ko‘rib chiqishimizga to‘g‘ri keladi. Shuning uchun imtiyoz beradigan tashkilotlar bilan qayta-qayta ishlaymiz, bunga esa juda ko‘p vaqt ketyapti”, – dedi Karimov 30 avgust kungi matbuot anjumanida.

Uning qo‘shimcha qilishicha, bu yil imtiyozlar masalasida texnik muammolar bo‘lmagani uchun ham mandat vaqtida e’lon qilingan.

Imtihon uchun pul to‘lagan, lekin testda qatnashmaganlarga puli qaytarilmaydi

Sardor Rajabov / Foto: AOKA

DTM direktori o‘rinbosari Sardor Rajabovning aytishicha, bu yil bakalavriatga kirish imtihonlari uchun ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlardan 72 mingdan ortig‘i imtihonlarda qatnashmagan. Ularning puli qaytarib berilishi belgilanmagan.

Rajabovga ko‘ra, maktabni avvalgi yillarda bitirgan abituriyentlardan yig‘ilgan imtihon to‘lovlari summasi 80 mlrd so‘mga yaqin bo‘lgan (ijtimoiy himoya reyestridagi fuqarolar to‘lovdan ozod etilgan). Bu mablag‘ doirasida:

  • abituriyentlar uchun bosh kiyim (kepka) sotib olingan (10 mlrd so‘m ortiq);
  • nazoratchi xodimlarga to‘lov qilingan (kuniga 303 ming so‘mdan, jami 10 mlrd so‘mdan ortiq);
  • joylarda kameralar o‘rnatilgan;
  • AQShdan test varaqlarini skanerlovchi uskuna sotib olingan.

Mavzuga oid