Iroqdagi noroziliklar: halok bo‘lganlar va yaralanganlar soni oshmoqda
Shialar yetakchisi siyosatdan yakuniy tarzda ketgani va unga aloqador muassasalar yopilganini e’lon qilganidan so‘ng, Muqtada as-Sadr tarafdorlari Bag‘doddagi «yashil hudud»ga bostirib kirishdi.
Iroqda 29 avgust, dushanba kuni radikal shialar voizi Muqtada as-Sadr tarafdorlari Bag‘dodda hukumat idoralari va diplomatik idoralar missiyalari joylashgan, qattiq qo‘riqlanadigan «yashil hudud»ga bostirib kirishga urinishlari oqibatida kamida 15 kishi halok bo‘ldi, 270 ga yaqin kishi jarohatlandi. Bunday ma’lumotlar AFP agentligi va Al Arabiya telekanali tomonidan taqdim etilgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, as-Sadr tarafdorlari va qarshi shialar guruhi vakillari o‘rtasida otishma bo‘lgan. Harbiylar ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz ishlatgan, keyin esa butun mamlakat bo‘ylab komendantlik soati joriy qilingan. Shuningdek, as-Sadr tarafdorlarining norozilik namoyishlari Iroqning boshqa shaharlariga ham yoyilgani xabar qilingan.
Avvalroq al-Sadr o‘zining Twitter mikroblogi orqali siyosatdan yakuniy tarzda ketishini e’lon qilib, uning ismi yoki oilasi bilan bog‘liq deyarli barcha muassasalar yopilishini ta’kidlagan edi.
Birlashgan millatlar tashkiloti bosh kotibi Antoniu Guterrish tomonlarni xotirjamlik, vazminlik va keskinlikni zudlik bilan yumshatishga chaqirdi hamda zo‘ravonlikka yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida ogohlantirdi. Birlashgan millatlar tashkiloti bosh kotibi inqirozdan konstruktiv chiqish yo‘lida «ixtiloflardan ustun turish, kechiktirmasdan tinch va keng qamrovli muloqotga o‘tish» zarurligini ta’kidladi.
Birlashgan millatlar tashkilotining Iroqqa yordam ko‘rsatish missiyasi (UNAMI) namoyishchilarni hukumat qarorgohini zudlik bilan tark etishga chaqirdi va bu «o‘ta xavfli kuchayish» ekanligini ma’lum qildi. «Davlatning omon qolishi xavf ostida», - deya BMT missiyasi bayonotidan iqtibos keltirgan AFP.
Eron davlat axborot agentligi INA va davlat televideniyesiga ko‘ra, ayni paytda as-Sadr zo‘ravonliklar to‘xtamaguncha ochlik e’lon qilgan. Voizning idorasi bu ma’lumotni hali tasdiqlagani yo‘q.
Iroqdagi siyosiy inqiroz as-Sadr partiyasi 2021 yil oktyabr oyida bo‘lib o‘tgan saylovlarda g‘alaba qozongan, biroq hukumat tuza olmagani va shialar yetakchisi o‘z deputatlarini parlamentdan olib chiqqanidan so‘ng bir yilga yaqin davom etmoqda. Qariyb bir yil davomida Iroq prezident va bosh vazirsiz qolmoqda.
2022 yil iyul oyida al-Sadr tarafdorlari yangi saylovlar o‘tkazish talabi bilan parlament binosini egallab olishi ortidan inqiroz avj oldi. Hokimiyat uchun kurashda al-Sadr harakati sobiq hukumat rahbari Nuri al-Malikiy atrofidagi siyosiy raqiblariga hukumatni shakllantirishga to‘sqinlik qilmoqchi.
Saddam Husayn diktaturasi qulagandan so‘ng, Qo‘shma Shtatlar Iroqda proporsional boshqaruv tizimini joriy qildi, unga ko‘ra, prezidentlik lavozimini doimo kurd jamoasining vakili egallaydi, bosh vazir esa shialar vakili hisoblanadi, parlament spikeri - sunniy.
48 yoshli as-Sadr o‘tmishda AQShning Iroqda bo‘lishiga eng ashaddiy muxoliflardan biri bo‘lgan, unga bo‘ysunuvchi harbiylashgan kuchlar esa bir necha bor amerikalik harbiylar bilan jangovar harakatlar olib borishgan. Keyinchalik u bu tuzilmalarni tarqatib yubordi va siyosiy partiya tuzdi. Uning maqsadlaridan biri boshqa shialar siyosiy kuchlariga qarshi ittifoq tuzish edi, ularning aksariyati Erondan harbiy va moliyaviy yordam oladi, shuningdek, o‘zlarining harbiylashtirilgan guruhlariga ega.
2014 yilda al-Sadr siyosiy hayotda ishtirok etishdan bosh tortishini va bundan buyon parlamentda hech qaysi fraksiyadan vakil bo‘lmasligini ma’lum qilgan edi.
Mavzuga oid
11:30 / 21.12.2024
Qo‘rqmas jangchi – Saddam Husaynning nabirasi amerikalik askarlarga qarshi qanday jang qilgandi?
08:17 / 09.12.2024
Gurjiston parlamenti yonida «norozilik» archasi paydo bo‘ldi
14:23 / 21.11.2024
Gurjistondagi noroziliklar tashkilotchilari yangi harakat rejasini ishlab chiqadi
09:20 / 31.10.2024