O‘zbekiston | 17:00 / 31.08.2022
40276
7 daqiqa o‘qiladi

Attestatsiya mojarosi. Xalq ta’limi vazirligi o‘qituvchilarni “tajriba quyonchasi”ga aylantirmoqda

O‘zbekiston hukumati minglab o‘qituvchilarning oyligini salkam 1 mln so‘mga kamaytiradigan qaror chiqardi. 15 yildan ortiq stajga ega bu o‘qituvchilarning oliy toifasi o‘zlariga bog‘liq bo‘lmagan sabab bilan bekor qilinib, ular oddiy mutaxassis darajasiga tushirib qo‘yilyapti.

Shu yil mart-iyun oylarida maktab o‘qituvchilarining attestatsiya imtihonlari bo‘lib o‘tgan edi. Unda 294 mingdan ortiq talabgor ishtirok etish uchun murojaat qilgan. Ammo ko‘plab o‘qituvchilar bu imtihonlardan hukumat qarori tufayli qolib ketishgan. Bu esa endi ularga qimmatga tushyapti.

Holat qanday yuzaga kelgan?

Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 17 sentabrdagi 572-sonli qarori bilan, bog‘cha, maktab, kollej va texnikumlarning pedagog kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlangan.

Nizomning 6-bandida ta’lim tashkilotlarida 15 yillik uzluksiz ish stajiga ega oliy malaka toifali o‘qituvchilar navbatdagi majburiy attestatsiyaga jalb etilmasligi yozilgan edi.

Ayni shu tartib tufayli 2017 yilda oliy toifa olgan va 15 yillik uzluksiz ish stajiga ega minglab o‘qituvchilar 2022 yil mart-iyun oylarida o‘tkazilgan attestatsiya imtihonlariga jalb etilmagan.

Vazirlar Mahkamasining 2022 yilning 2 avgust kuni qabul qilingan 425-sonli qarori bilan esa nizomning 6-bandiga o‘zgartirish kiritildi. Unga ko‘ra, oliy toifani olganidan keyin uni 15 yil davomida saqlab kelgan va uzluksiz ish stajiga ega o‘qituvchilar navbatdagi majburiy attestatsiyaga jalb etilmaydi.

Pedagog kadrlar har 5 yilda bir marta navbatdagi majburiy attestatsiyadan o‘tkaziladi. Ammo oliy toifaga 2017 yilda o‘tgan va 15 yillik uzluksiz ish stajiga ega minglab o‘qituvchilar hukumat qarori bilan tasdiqlangan nizom talabiga binoan shu yil bahorda attestatsiya imtihonlariga bormagan.

Endilikda esa kiritilgan o‘zgartirish tufayli ular o‘zlariga bog‘liq bo‘lmagan holatda sentabr oyidan oddiy mutaxassis toifasiga tushirib qo‘yilmoqda.

“Pedagogning aybi nimada?”

Ayni shu masalada saytga murojaat qilgan fuqaroga ko‘ra, bu yerda Xalq ta’limi vazirligi adolatsizlik qilyapti.

“Endilikda minglab oliy toifaga 2017 yilda o‘tgan va staji 15 yildan ortiq pedagoglar sentabr oyidan oddiy mutaxassis toifasiga tushirib qo‘yiladi. Shu toifa asosida haq to‘lanadigan bo‘ldi. Bu yerda pedagogning aybi nimada? Axir ular Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlangan Nizom asosida attestatsiyadan o‘tishmagan-ku?

O‘sha paytda Xalq ta’limi vazirligi mard bo‘lib: “Biz bilmay karor chiqartirib ko‘ydik, shunaqamiz, aytaveramiz ham, qaytaveramiz ham, maqsadimiz pedagoglarni kasbidan bezdirish, pirovardida O‘zbekiston ta’limini yemirish”, deb aytganida, bu kabi arosatda qolganlar yozda toifadan o‘tib olishardi”, – deydi murojaatchi.

O‘qituvchilar oyiga qariyb 1 mln so‘m yo‘qotadi

Attestatsiya imtihonidan o‘tgan o‘qituvchi oliy, birinchi yoki ikkinchi darajali malaka toifasini olishi va uni 5 yilgacha saqlab turishi mumkin. Mana shu toifalarga qarab, pedagoglarning oylik maoshi ham o‘zgaradi.

Hozirda oliy toifali pedagogning bazaviy tarif stavkasi 3 mln 550 ming, oliy ma’lumotli pedagog (mutaxassis)niki esa 2 mln 575 ming so‘m. Oradagi farq – salkam 1 mln so‘m.

Navbatdagi attestatsiya imtihonlari oktyabr-noyabr oylarida o‘tkaziladi va toifalari o‘zgargan pedagoglar kelgusi yil yanvar oyidan belgilangan tartibda maosh olishadi. Demak, o‘zlariga bog‘liq bo‘lmagan holatda mutaxassis toifasiga tushirilayotgan o‘qituvchilar 2023 yil yanvargacha har oyda qariyb 1 mln so‘m yo‘qotishadi.

Kun.uz'ga murojaat qilgan pedagog agar bunaqa bo‘ladigan bo‘lsa, 2017 yilda oliy toifa olganlar may-iyun oylarida attestatsiyaga nega chaqirilmaganiga oid savol yuzasidan o‘z tanqidiy fikrini bildirib o‘tgan: “Chunki o‘qituvchini, pedagogni tajriba quyoni qilishga o‘rganib qolishgan”.

Xalq ta’limi vazirligi aybini tan oladimi?

Xalq ta’limi vazirligi 9 avgust kuni shu masala yuzasidan rasmiy munosabat bildirgan.

“Unga muvofiq, oliy malaka toifaga ega bo‘lganidan so‘ng uni 15 yil davomida saqlab kelgan va uzluksiz ish stajiga (shu jumladan, dekret ta’tili davri ham) ega bo‘lgan pedagog kadrlar majburiy attestatsiyaga jalb qilinmaydigan pedagoglarga aniqlik kiritildi. Hozirgi aniqlashtirilgan tahrirga asosan pedagog-kadrlar oliy toifali bo‘lib, o‘z darajasini 3 marta majburiy attestatsiyada tasdiqlaganlaridan so‘ng umrbod oliy toifali bo‘lishlari mumkin”, – deyiladi xabarda.

Lekin vazirlik bu o‘zgartirish nega kech qilingani, nima uchun o‘qituvchilar attestatsiyaga vaqtida jalb etilmagani hamda endilikda ularning toifasi va oylik maoshi nima bo‘lishiga oid savollarni ochiq qoldirgan.

Yo‘l qo‘yilgan xato tuzatiladimi, degan savol bilan Kun.uz bog‘langan Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati savollarimiz mas’ullarga yetkazilgani, bu masalani rahbariyat ko‘rib chiqayotganini bildirdi.

Ta’lim inspeksiyasi nima deydi?

O‘qituvchilarga nisbatan bunday munosabat ularning o‘z ishiga munosabati ham o‘zgarishi, bu esa yakunda ta’lim sifati yomonlashishiga olib kelishi mumkin. Lekin Ta’lim sifatini nazorat qilish inspeksiyasi bundan xavotir olayotganga o‘xshamaydi.

Kun.uz bog‘langan inspeksiya matbuot xizmati uning organi ishlab chiqqan qarorga o‘zgarishni boshqalar kiritganini ma’lum qildi, lekin bunga o‘z munosabatini bildirmadi.

“Shu yildan boshlab attestatsiya imtihonlari ikki marotaba o‘tkaziladidan bo‘ldi. Keyingi attestatsiyaga jalb qilinadigan bu o‘qituvchilar oddiy toifadan oliy toifagacha bo‘lgan jarayonni bosib o‘tmaydilar. Bu o‘qituvchilar qaysi toifada bo‘lishsa, shu toifa bilan attestatsiyaga hujjat topshiradi. Deylik, bir o‘qituvchining oliy malaka toifasi muddati 1 iyun kuni tugab qoldi. U noldan boshlamaydi barcha ishini, biz uni mana shu oliy toifani himoya qilishi yoki birinchi toifadan oliyga, ikkinchi toifadan birinchi darajaliga o‘tishi uchun chaqiramiz.

Bu qaror (VMning 425-sonli qarori) loyihasi muallifi biz emasmiz. Bu o‘zgartirish nima uchun kiritilganiga javobni Xalq ta’limi vazirligi beradi. Biz faqat Vazirlar Mahkamasining 572-sonli qaror loyihasining muallifimiz. Oylik masalasi bo‘yicha esa Xalq ta’limi va Moliya vazirliklari qanday xulosa bersa, shunga qarab yo‘l tutiladi”, – dedi inspeksiya axborot xizmati rahbari Shavkat Xo‘jaqulov.

Dilshoda Shomirzayeva,
Kun.uz

Mavzuga oid