O‘zbekiston | 14:45 / 31.08.2022
17146
10 daqiqa o‘qiladi

“Vazirliklarni qo‘shamizmi, bo‘lamizmi, farqi yo‘q, strategiya bo‘lmasa, natija ham bo‘lmaydi” - Bahodir G‘aniyev

Sobiq “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati raisi Bahodir G‘aniyev Kun.uz’ga bergan intervyusida ta’lim vazirliklarini birlashtirish, buning sifatga ta’siri, shuningdek, O‘zbekistonda sohalarni rivojlantirishda mazmun bilan emas, shakl bilan ishlash ustunlik qilayotgani, bu esa kutilgan natijalarni bermasligi haqida gapirdi.

“Biz oxirgi 5-6 yilda ko‘p e’tiborni shakllarga berib yubordik. Ko‘pincha shakllarga e’tibor qaratyapmiz. Vazirliklar bir bo‘linadi, bir qo‘shiladi, qaysidir qismi agentlikka aylantiriladi, keyin yana qayta vazirlikka qo‘shib yuboriladi. Barcha vazirliklar bu holatdan bir necha barobar o‘tib chiqdi. Mazmun o‘zgarmasa, shaklning farqi yo‘q, natija bir xil bo‘laveradi.

U vazirlikni birlashtiramizmi yoki alohida bo‘lib yuboramizmi, bunga bog‘cha vazirligini qo‘shib yuboramizmi, hech narsa o‘zgarmaydi. Bizda strategiya bo‘lmasa, unga erishish uchun million marotaba yoziladigan va bir tiyinga qimmat chora-tadbirlar emas, aniq mexanizmlari bor, mutaxassislar tomonidan uch kunda emas, oylar davomida ishlab chiqilgan, natija beradigan choralar kiritilib, ularga o‘sha choralarni amalga oshiradigan mexanizmlarni moliyalashtirish, ularni amalga oshirish uchun malaka va ko‘nikma bilan ta’minlanmasa, nomini o‘zgartirib, qo‘shib, ajratib va yo‘q qilib yuborgan bilan hech narsa o‘zgarmaydi.

Hozir vazirliklarni bir-biriga qo‘shib, ajratib faqatgina shakl bilan ishlayapmiz. Institutsional xotira degan narsa bor. Bizda yomoni, masalan rahbarlarning tez almashishi ham, vazirliklarning shakli o‘zgarishi ham, ozgina, misqollab yig‘ilgan institutsional xotirani ham to‘liq yo‘qotib yuboradi. Oddiy misol, “Kamolot”ni oladigan bo‘lsak, yetti yil davomida shu tashkilotning raisi bo‘ldim. Yetti yil ichida jamoa ham shakllandi. Institutsional xotira shakllandi. Yoshlarga qiziq ko‘p loyihalar qilindi. Hamma narsa ideal, zo‘r bo‘lgan demayman. Chunki bizning ham xato-kamchiliklarimiz bo‘lgan. Lekin “Kamolot” Ittifoqqa aylandi. Ittifoqning bazasida agentlik yaratilib, ittifoq saqlanib qoldi. Hozir agentlik bilan ittifoq nima bo‘ladi bilmayman. Oxirgi to‘rt yil ichida bu tashkilot uch marta transformatsiyadan o‘tdi.

Har bitta transformatsiya bu tizim uchun shok. Xodimlarga noaniqlik signalini beradi. Malakali kadrlarning qo‘l siltab, chiqib ketishiga olib keladi. O‘rniga vaqtincha shu yerda ishlab turay, balki yaxshi bo‘lib qolar, degan odamlar kelib qolishiga olib keladi. Institutsional xotiraga ega bo‘lgan odamlar chiqib ketgan sari, bu kamayib boraveradi.

Oddiy misol, biz “Kamolot”ga yangi kelganimizda nimalar qilinayotganligi haqida ro‘yxatni olganmiz. Ichidan “bo‘lmaydiganlari”ni kesganmiz. Yaxshi va tarixiy loyihalarni nomini o‘zgartirmasdan, meniki demasdan saqlab qolganmiz. «Shunqorlar», «Kamolot shaxmat taxtasi» loyihalari men o‘ylab topgan loyihalar emas, mendan oldingi qilingan loyihani biz yuqoriga ko‘tardik xolos. Bu kabi loyihalar bizdan oldin ham bor edi. Faqat kichikroq masshtabda qilinar edi. Birontasiga tegmadik. Hammasini nomigacha saqladik. Chunki bu bizdan oldingi avlod bizga qoldirgan institutsional xotiraning yaxshi qismi. Yoniga qo‘shdik keyin. Biz kelganimizda 20 ta zo‘r loyiha bo‘lsa, chiqib ketayotganimizda 60 ta zo‘r loyiha bor edi. Bu institutsional xotira albatta saqlanishi va davom etishi kerak. “Bizdan oldingisi 0 ga teng, biz yangidan boshlaymiz” degan rahbar ahmoq bo‘ladi. Bizdan keyin ushbu loyihalarning hammasi esdan chiqdi. Qolib ketdi. Hozir xuddi o‘sha loyihalarni boshqa nom bilan tiklashyapti. Jahlim chiqqani shundaki, nega boshqa nom bilan tiklashadi, bu bor narsa edi-ku, shu loyiha zo‘r bo‘lsa, davom etaversin”, – dedi G‘aniyev ta’lim vazirliklarini birlashtirish ta’lim sifatiga qanday ta’sir etishi haqidagi savolga javoban.

G‘aniyev fikrlari davomida O‘zbekiston kadrlar siyosatida bo‘layotgan va o‘zi noto‘g‘ri, deya hisoblaydigan ayrim holatlarga ham munosabat bildirdi.

“Shakllarni muhokama qilishni yomon ko‘raman. Fikrimcha, davlat boshqaruvida kadrlar siyosati chatoq ahvolda. Chatoqligini mutaxassis bo‘lmagan odamlarni turli sohalarga rahbar etib qo‘yishda ko‘rish mumkin. Yoki vazirlar va vazir yordamchilari darajasidagi odamlarni bir-ikki yil ishlagandan keyin, boshqa yoqlarga o‘tkazib yuborilishidan ko‘rish mumkin.

Bir rahbar biror lavozimga qo‘yilsa, o‘sha lavozimga kirishib olishiga ham yarim yil, bir yil vaqt ketadi. U masalaga kirishib, uni yecha boshlashi uchun 3-4 yil vaqt kerak. Demak, biz o‘sha sohadan natija kutsak, 4-5 yil davomida u rahbarga tegmasligimiz kerak. Bu tizim bo‘ladi. Va o‘sha sohani tushuna oladigan rahbarni qo‘yishimiz kerak.

Xalq ta’limi bu – millatni ko‘taradigan yo‘nalish. Xalq ta’limini ko‘tarmasak, millatni ko‘tara olmaymiz. Savodsiz bitiruvchilar O‘zbekistonni Yangi O‘zbekistonga aylantira olmaydi. Biz faqat mehnat migrantlarini tayyorlab, ularni Rossiyaga tashlab berib, o‘sha davlatlarga qaram davlat sifatida davom etaveramiz. Oddiy misol, Xalq ta’limi nima bo‘ldi? Xalq ta’limida oxirgi 4 yilda uchta odamni ko‘rdim. Sherzod Shermatovdan oldingi vazir bor edi. U odam partiya faoliyatiga o‘tib ketdi. Undan keyin Sherzod Shermatovni qo‘yishdi, chet elda eng nufuzli universitetda o‘qigan, ta’lim muhitini tushunadigan odam. Mayli ta’limning odami emasdir. Lekin zakovatli, yaxshi boshqaruvchi, bir yilda boshqaruvga kirishib olsa, 3-4 yilda yaxshi natija berishiga umid qildim-da shu odamning. Chunki yaxshi boshlagan edi. Ming afsuski, u odamning boshlagan ishi natija bermasidan o‘zining sohasiga qaytarib yuborishdi. O‘zi o‘sha sohadan innovatsiya vazirligiga vazir o‘rinbosari qilib olishuvdi, u yerdan xalq ta’limiga va bu yerdan yana o‘sha sohaga qaytarildi. Ey, baraka topkurlar, bu odam o‘sha sohaga vazir bo‘lgandi o‘zi. U yerdan olib, uch yildan keyin qaytarib qo‘yadigan bo‘lsanglar nima keragi bor edi yeydigan odam yo‘q.

Xalq ta’limiga ikki yilda nima natija bera oladi u? Faqat boshlashi mumkin ikki yilda. Natijalar boshlash uchun unga 4-5 yil kerak edi va bu vaqtgacha unga tegish kerak emas edi. U odam ketdi va o‘rniga boshqa odam qo‘yildi. Yangi rahbarni shaxsan tanimayman. Lekin internetdagi biografiyasiga ko‘ra, nomutaxassis odam. Umuman ta’limga yaqin odam ham emas. Bu odam masalaga kirishishiga yana bir-bir yarim yil vaqt ketadi. Bu ta’lim tizimida o‘qiyotgan bola uchun uvol bo‘lgan vaqt hisoblanadi. Bizda shuncha yo‘qotadigan yillab vaqtimiz bormi degan savol tug‘iladi? Nahotki biz ta’limga jiddiy qaray olmaymiz. Eng muhim bo‘g‘in, ta’lim vazirligi-ku. Boshqa barcha sohalardan ham muhim bu.

Moliya vazirligi pul bo‘lsa, hisoblay oladi, iqtisodiyot vazirligi kapital bo‘lsa, taqsimot va strategiyani qila oladi. Malakali odam bo‘lsagina u yerda moddiy boyliklar paydo bo‘ladi. Agar u malakali odam bo‘lmasa, kim bu boylikni paydo qila oladi? Yangi rahbarlar qaysi maktablardan keladi? Amerikadan maktab bitiruvchi olib kelmaymiz-ku innovatsiyalarni qilishga. Ertaga davlat boshqaruviga Rossiyadan zo‘r bitiruvchilarni olib kelmaymiz-ku, O‘zbekiston fuqarosi bo‘lmagan odamlarni. O‘zimizning qora ko‘zlar qayerda qoladi? Qirq million aholisi bor davlatning iqtisodiyotini ko‘tarish uchun bizga prezident maktablarini har yili bitiradigan 1000-1500 kadr urvoq ham bo‘lmaydi”, – dedi u.

Bahodir G‘aniyev intervyu davomida Prezident maktablariga kirish tizimining murakkabliklari haqida ham gapirdi. U jumladan, kambag‘al insonlarning xususiy maktab yoki alohida kurslarga qatnamagan bolalari bu maktablarga kirolmasligini aytib, buni “adolatsiz tizim” deya atadi.

“Prezident maktabiga kirish ham imtihon asosida bo‘ladi. Imtihonning savollari juda og‘ir. Kambag‘alning bolasi bu imtihonlarga bittayam kursga bormay turib kira olmaydi. U yerga bolaligidan xususiy maktablarda, xalqaro maktablarda, o‘quv markazlarida yurgan bolalar kirib ketadi. O‘sha prezident maktablari ham hozirgi holatda, fikrimcha, g‘irt adolatsizlik. Zo‘r maktab. Saviya zo‘rdir, lekin adolatsizlik. Kambag‘alning bolasi u maktabga kirish talabiga javob bermaydi”, – dedi ayni paytda Osiyo taraqqiyot banki loyiha rahbari va xususiy maktablar bo‘yicha konsultant sifatida ishlayotgan Bahodir G‘aniyev.

Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Mavzuga oid