Jahon | 18:04 / 31.08.2022
67488
23 daqiqa o‘qiladi

«Dunyoni o‘zgartirgan odam» - SSSRning so‘nggi yillari va uning so‘nggi rahbari Gorbachyov haqida

Moskvadagi Markaziy klinik shifoxonada SSSRning birinchi va oxirgi prezidenti Mixail Gorbachyov 92 yoshida vafot etdi.

Mixail Gorbachyov sovuq urushni tugatish uchun hammadan ko‘proq harakat qilgan inson sifatida dunyo bo‘ylab chuqur hurmat qozondi. Ammo sobiq sovet ittifoqi hududida ko‘plar uni umrining oxirigacha mamlakat parchalanishida aybladi.

1985 yilda, Gorbachyov KPSS (Sovet ittifoqi kommunistik partiyasi) Markaziy qo‘mitasi bosh kotibi lavozimini egallaganida, o‘zining 54 yoshida u siyosiy byuroning eng yosh a’zosi edi va ungacha mamlakatni boshqarib kelgan boshqa qarib qartayib qolgan apparatchilar fonida alohida ajralib turardi.

Leonid Brejnev, Yuriy Andropov va Konstantin Chernenkoning 20 yillik boshqaruvi davrida sovetlar ittifoqi chuqur turg‘unlikka yuz tutgandi.

1970-yillarda neft dollari oqimi kirib kelishi sovet xalqiga kamtargina bo‘lsa-da, avval misli ko‘rilmagan farovonlik taqdim etgandi. Ammo rejali iqtisodiyotning tizimli muammolari hal etilmagandi.

Pasayish va parchalanish

Sovet iqtisodiyoti sariyog‘ o‘rniga zambaraklar ishlab chiqarardi. Iste’mol tovarlari, jumladan, asosiy oziq-ovqat mahsulotlari taqchilligi sovetlar ittifoqida kundalik turmush tarzini zaharlab, odamlarni juda ko‘p vaqtini navbatlarda turishga sarflashga majbur qilardi.

80-yillar boshida jahon bozorida neft narxi qulashi resurs talab etadigan, rentabellik bilan ishlamaydigan korxonalar faoliyatini saqlab qolishni qiyinlashtiradi. Bu vaqtda sovet qo‘shinlari Afg‘onistonga bostirib kirgandi va u yerda tez orada qonli partizan urushi botqog‘iga kirib qolgandi, bu urushning oxiri ko‘rinmasdi.

Urush, xalqaro izolyatsiya, Ikkinchi jahon urushidan keyingi o‘n yilliklarda ro‘yobga chiqmagan kommunistik mo‘l-ko‘lchilik va’dalari - bularning bari sovet odamlarining hukumatga ishonchiga putur yetkazdi. Bunday ishonchsizlik turli ko‘rinishlarda namoyon bo‘ldi: alkogolizm, davlat mulkini o‘g‘irlash va rejimga bo‘ysunmaslik bo‘yicha tobora jasoratli harakatlar.

Gorbachyovning bosh kotiblikdagi o‘tmishdoshlaridan biri Yuriy Andropov gaykalarni qattiqroq burash orqali tizimni saqlab qolishga urinib ko‘rgandi: ishlab chiqarish intizomini kuchaytirish (militsiya kun bo‘yi zaruratsiz ish joyida bo‘lmaganlarni reyd qilardi), korrupsioner byurokratlarning alohida klanlari ustidan ochiq sud jarayonlari, dissidentlarni ta’qib qilish.

Ammo Andropov oliy lavozimda atigi 15 oyga yaqin o‘tirib, vafot etdi - shundan amalda 10 oyga yaqinida ishladi. Uning o‘rniga kelgan Konstantin Chernenko ham allaqachon munkillab qolgandi va kasal edi - u Andropovdan ko‘ra ko‘proq yashay olmadi va tarixda fuqarolar deyarli tanimagan rahbar sifatida qoldi.

Kuchga to‘lgan davrida hokimiyatga chiqqan Gorbachyov keng ko‘lamli islohotlar dasturini boshladi va uni «qayta qurish» deb atadi.

Stalinizmdan ko‘ngil qolish

Mixail Rossiya janubidagi dehqon oilasida voyaga yetgan. Foto: Getty Images

Mixail Sergeyevich Gorbachyov 1931 yil 2 martida Stavropol o‘lkasida oddiy dehqon oilasida tug‘ilgan. Uning oilasi ham Katta terrordan chetda qolmagan, garchi boshqalar bilan solishtirganda oson qutulgan bo‘lsa-da: onasi tomonidan bobosi 1937 yilda trotskizm uchun hibsga olingan - bu shunchalik nohaq ayblov bo‘lganki, bir yil o‘tib uni qo‘yib yuborishgan.

Keyinroq Gorbachyov uning bobosi bilan sodir bo‘lgan voqea bo‘lajak bosh kotibning sovet tuzumiga bo‘lgan qarashlarini o‘zgartirganini aytadi. Ammo bu ancha keyinroq bo‘lgan.

Stalin boshqaruvi davrida odamlar buni xayol qila olishmagan va «shubha ostiga olingan» qarindoshlardan voz kechishgan.

BBC bilan intervyuda Gorbachyov maktabda bitiruv inshosi mavzusi Stalin bo‘lganini eslaydi. Va bobosi hibsga olingani yosh kolxozchining ijtimoiy lift bo‘ylab ishonch bilan ko‘tarilishiga hech qanday to‘sqinlik qila olmaydi.

1948 yilda Gorbachyovning otasi, o‘rim-terim yig‘inida faollik ko‘rsatgan kombaynchi Sotsialistik mehnat qahramoni yulduzini oladi, unga yordamchilik qilgan o‘smir o‘g‘li esa Mehnat qizil bayroq ordeni bilan taqdirlanadi.

19 yoshida ilg‘or va faol sifatida Kommunistik partiya a’zoligiga tavsiya etiladi hamda MGU (Moskva davlat universiteti)ning nufuzli yuridik fakultetiga qabul qilinadi. U imtihonlarsiz o‘qishga kirgan - ya’ni akademik muvaffaqiyat uchun emas, balki chekk hududdan bo‘lgan o‘smirda umidli istiqbol ko‘rgan partiya ma’murlari ko‘rsatmasi bilan.

Moskvada ta’lim olishi Gorbachyovga yangi ufqlarni ochadi. 1953 yilda Stalin vafot etadi. Gorbachyov boshqa mamlakatlardan bo‘lgan talabalar bilan tanishadi va do‘stlashadi - u eng yaqin do‘sti deb Chexoslovakiyadan bo‘lgan Zdenek Mlinarjni aytadi, u Gorbachyov hokimiyatga kelishidan ancha oldin, 1968 yilda sovet tanklari bilan bostirilgan «Praga bahori» me’morlaridan biri bo‘lgandi.

Mixail Gorbachyov va rafiqasi Raisa Gorbachyova Reykyavikda, bu yerda Gorbachyovning Reygan bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tgan. 1986 yil 13 oktyabr.
Nick Didlick / Reuters / Scanpix / LETA

MGUda Gorbachyov butun umrlik muhabbatiga aylangan Raisa Titarenkoni uchratadi. Ular 1953 yilda turmush qurishadi.

«U bilan ishlash mumkin»

Universitetni tamomlab, yurist diplomini olgach u vataniga, Stavropolga yo‘l oladi, ammo mahalliy prokuraturada uzoq vaqt ishlay olmaydi. Uni tezda komsomollik ishiga o‘tkazishadi.

Partiya iyerarxiyasida izchillik bilan yuqorilab, 1966 yilda Gorbachyov KPSSning Stavropol o‘lkasi qo‘mitasi birinchi kotibi bo‘ladi, 1971 yildan esa Markaziy qo‘mita a’zosiga aylanadi.

Stavropol o‘lkasi hududida Kavkaz mineral suvlari sanatoriyasi joylashgandi va bu yerga siyosiy byuroning keksaygan a’zolari sog‘ligini tiklash uchun tez-tez tashrif buyurishardi. Moskvadan keladigan hurmatli mehmonlarni kutib olish va ularga qulayliklar yaratish davomida Gorbachyov zarur aloqalar o‘rnatadi. Aytishlaricha, shaxsan KGBning qudratli rahbari Yuriy Andropov uning homiysi bo‘lgan.

1978 yil 19 sentabrida Leonid Brejnevning maxsus poyezdi (unga Konstantin Chernenko hamrohlik qilayotgandi) Mineral suvlarda to‘xtaydi. Bu vaqtda «Qizil toshlar» sanatoriyasida hordiq chiqarayotgan bo‘lgan Andropov u yerga Gorbachyovni olib boradi. Shu tariqa, perronda bir vaqtning o‘zida KPSS markaziy qo‘mitasining to‘rt bosh kotibi uchrashgan. Xabarlarga ko‘ra, aynan o‘shanda Gorbachyovni poytaxtga o‘tkazish masalasi hal bo‘lgan.

O‘sha yilning 27 noyabrida Gorbachyov Markaziy qo‘mitaning qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha kotibi bo‘ladi, 1980 yil oktyabrida esa - siyosiy byuro a’zosiga aylanadi.

Istiqbolli yosh siyosatchi ko‘p marta xorijga safarlar qiladi va unga xorijdagi hayot ma’qul bo‘ladi. U sovet ittifoqi «chiriyotgan kapitalizm»dan ko‘p narsa o‘rganish mumkin deb hisoblaydi.

G‘arbda ham bir qancha tarixiy tanishuvlar bo‘ladi.

Gorbachyovlar oilasi Katta teatrda — Buyuk Britaniya bosh vaziri Margaret Tetcher bilan. 1989 yil aprel.
Georges De Keerle / Getty Images

1984 yil dekabrida Londonda Gorbachyov Britaniya bosh vaziri Margaret Tetcher bilan uchrashadi va unga yoqib qoladi. Tetcher xonim BBC uchun intervyularidan birida shunday degandi: «Bu odam bilan ishlasa bo‘ladi».

Kanadada Gorbachyov sovetlar elchisi Aleksandr Yakovlev bilan tanishadi, u keyinroq o‘tkazilajak islohotlardagi muhim ittifoqchisiga aylanadi.

Ochiqlik va qayta qurish

1985 yil 11 martida hokimiyat tepasida paydo bo‘lgan Gorbachyov ro‘y berajak ulkan o‘zgarishlar haqida signal berishni ortga surmaydi. Leningradga safar vaqtida u olomon oldiga chiqadi - sovet yo‘lboshchilar uchun bu juda g‘ayrioddiy harakat edi.

O‘tmishdoshlaridan farqli o‘laroq, Gorbachyov tez-tez rafiqasi bilan jamoat joylarida ko‘rinish bera boshlaydi. G‘arbda bu unga oddiy insonlarga xos hech narsa begona bo‘lmagan shaxs imijini shakllantirish imkonini beradi. SSSRda orasta kiyinadigan va zakovatli Raisa Maksimovna (ilk yillardagi hazillarda u «sovet rahbarlari rafiqalari orasida turmush o‘rtog‘idan yengilroq vaznda bo‘lgan ilk birinchi xonim» ekani aytilardi) turlicha reaksiyalarga sabab bo‘ladi. Ko‘plar uning siyosiy rolini bo‘rttirib ko‘rsatishga moyil edi, shu bilan birga, konservatorlar ham, «qayta quruvchilar» ham u eriga yomon ta’sir ko‘rsatganiga amin edi.

Avvaliga Gorbachyovning ochiqlik siyosati sovet fuqarolarida katta taassurot uyg‘otgandi.
TASS/YuRIY LIZUNOV

Yangi rahbarning ilk shiori «tezlashtirish» bo‘ladi - birinchi navbatda texnologik yangilanishlar. Ammo tezda u boshqa maqsadlarga o‘tadi - «oshkoralik» (davlat institutlari ochiqligi va shaffofligi, ularni OAV orqali tanqid qilish imkoniyati), «yangicha fikrlash» va nihoyati «qayta qurish».

Oshkoralik kursi 1986 yil aprelida Chernobil AESda ro‘y bergan falokat vaqtida sinovdan o‘tkazildi. Bir necha kun mobaynida, radioaktiv chang buluti tarqalayotgan mahalda Ukrainaning katta qismi, Belarus va Rossiya hududlaridagi aholi bu hodisadan bexabar edi yoki xavfdan qanday qochish haqidagi mish-mishlar bilan oziqlanishga majbur edi

Gorbachyovning ommaviy aroqxo‘rlikka qarshi kurashmoqchi bo‘lishi esa islohotchining mashhurligiga zarba bo‘ldi va salbiy iqtisodiy oqibatlarga olib keldi.

G‘arb bilan yaqinlashuv

Gorbachyov iqtisodiy islohotlar harbiy xarajatlar yukini kamaytirishni talab etishini tushunar va buning uchun G‘arb bilan nisbatan do‘stona munosabatlar o‘rnatish zarur deb hisoblardi.

80-yillarning birinchi yarmida Brejnev davridagi «yumshash» o‘rnini Sharq va G‘arb o‘rtasidagi munosabatlarning yangi keskinlashuvi egallagandi: bu asosan Afg‘oniston va Polshadagi voqealar hamda Janubiy Koreya «Boing» yo‘lovchi samolyoti urib tushirilishi oqibatida yuzaga keladi. Bu vaqtda AQSh va Britaniyada hokimiyatga SSSR bilan munosabatlarda yanada qat’iy pozitsiya egallash tarafdori bo‘lgan yetakchilar kelgandi.

Mixail Gorbachyov, Ronald Reygan va Jorj Bush. Nyu-York, 1985 yil.
Universal History Archive / Universal Images Group / Getty Images

Eng murosasiz rahbar AQSh prezidenti Ronald Reygan edi, u o‘z nutqlaridan birida sovet ittifoqini «yovuzlik saltanati» deb ataydi.

Gorbachyov va Reyganning 1985 yil oxirida Jyenevada uchrashuvi muzni ko‘chirishga yordam beradi. Mavjud barcha kelishmovchiliklarga qaramay, har ikki rahbar bir-birini yaxshi tushunadi va ikki tomonlama yadro qurollarini qisqartirish jarayonini boshlaydi.

Rejimning obro‘sizlanishi

Shu bilan birga, sovet ittifoqi ichkarisida ochiqlik siyosati jinni shishadan chiqarib yuborgandi.

Sovet odamlari ko‘p vaqt davomida ulardan xunuk haqiqatlarni yashirib kelishganini anglay boshlashadi: Stalin qatag‘onlari ko‘lami, Molotov-Ribbentrop paktining maxfiy protokollari, siyosiy nomenklaturaning shohona hayot tarzi, Afg‘onistondagi yo‘qotishlar hamda armiyadagi «boshboshdoqliklar».

SSSR xalq deputatlari I qurultoyini tarixchilar Gorbachyov siyosiy faoliyatidagi guldasta deb atashadi
TASS/IGOR ZOTIN

Mamlakatni oziq-ovqat mahsulotlari va xo‘jalik buyumlari bilan ta’minlashdagi uzilishlar yanada kuchayadi. Oshkoralik sharoitida norozilik ochiqchasiga keng tarqala boshlaydi.

1989 yilda sovet rahbariyati ilk marta xalq deputatlari qurultoyiga nisbatan raqobatli saylovlar tashkil etib, jamoatchilik tomonidan qo‘llab-quvvatlovga ega bo‘lishga harakat qilgan.

1990 yilda KPSS gegemonligiga chek qo‘yilib, unga muxolif bo‘lgan partiyalar tuzishga ham ruxsat berildi. Ko‘ppartiyaviylik reallikka aylanib ulgurdi. Ularning ayrimlari KPSS bilan raqobatlasha boshladi va mamlakatdagi siyosiy holat murakkablashuviga sabab bo‘layotgan sotsialistik tuzumni, KPSSning davlat hokimiyatiga bo‘lgan monopol huquqini inkor eta boshladi. 

Odatda zerikarli bo‘lgan davlat televideniyesi qurultoy majlisini to‘g‘ridan to‘g‘ri efirga uzata boshlaganida ulkan ittifoqning millionlab aholisi ekranlardan ko‘zini uza olmay qoladi.

Odamlar partiya rahbariyati demokratik o‘zgarishlar tarafdori bo‘lgan ommaviy harakat qarshisida ojiz qolganini his qilishadi.

Ittifoqdosh respublikalarda milliy uyg‘onish harakatlari boshlandi. Har bir respublikada milliy til davlat tili deb e’lon qilindi. Voqealar, ayniqsa 1990 yildan keyin juda tezlashib ketdi. O‘sha yili nafaqat ittifoqdosh respublikalar, balki ularning tarkibida bo‘lgan avtonom hududlarning aksariyati o‘z mustaqillik deklaratsiyasini e’lon qilgan bo‘lsa, yana bir qismi kengaytirilgan avtonomiya talabi bilan chiqdi. Shu tariqa, SSSR so‘nggi kunlarini yashayotgani aniq bo‘la boshladi.

«Bu devorni buzib tashlang»

O‘sha yili shu kabi harakatlar, faqat tez sur’atlarda, Sharqiy Yevropada keng quloch yoya boshladi. Mahalliy kommunistlar Moskva maslahati bilan yashirincha harakat qilib kelgan muxolifat bilan muloqot olib bora boshlashdi, erkin saylovlar o‘tkazishga kelishishdi va mag‘lub bo‘lishdi.

Bu jarayon kulminatsiyasi sovuq urushning eng ko‘zga ko‘ringan ramzi - Berlin devorining qulashi bo‘ldi.

«Mister Gorbachev, bu devorni buzib tashlang!» - degandi 1987 yilda G‘arbiy Berlindagi mashhur nutqida Ronald Reygan.

1989 yil 9 noyabrida, bir kechaning o‘zida Reyganning istagi ro‘yobga chiqdi. Chegaradagi nazorat-o‘tkazish punktlari ochildi, sharqdagi nemislar devorni buzish ishlarida ishtirok etishdi. Germaniya formal jihatdan faqat 1991 yilga kelibgina birlashgan, ammo devor olib tashlanganidan keyin GDRning taqdiri hal bo‘lgandi, Gorbachyov esa chegaraning ikki tomonidagi nemislarning abadiy muhabbatiga sazovor bo‘ladi. 1990 yilda sovet qo‘shinlari Afg‘onistondan olib chiqilgani uchun unga tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti beriladi.

1989 yilda Sharqiy Yevropaning Ruminiyadan boshqa barcha mamlakatlarida «baxmal» inqiloblari bo‘lib o‘tdi. Yil oxirida diktator Nikolaye Chaushesku boshlangan namoyishlarni kuch bilan bostirishga harakat qildi. Bu urinish muvaffaqiyatsiz chiqdi, sovetlar ittifoqi Chausheskuga yordamga kelmadi, mamlakat armiyasi unga qarshi chiqdi. Diktatorni qo‘lga olishdi va otib tashlashdi.

Kommunistlar hokimiyatni kuch bilan saqlab qolgan mamlakat birgina Xitoy bo‘ldi. Pekinning Tyananmen maydonida 1989 yil iyunida ro‘y bergan namoyishlar armiya tomonidan shafqatsizlarcha bostirildi.

Qirg‘in tasvirlari sovet ittifoqidagi jamoatchilik fikriga kuchli ta’sir qildi, ko‘pchilikda Kremlda o‘tirgan eski tuzum tarafdorlari ham shu kabi choralar ko‘rishi ehtimoli haqida savollar tug‘ildi.

Nemezida

Oshkoralik va demokratizatsiya Gorbachyov uchun «qasoskor»ga aylangan shaxsni tarbiyaladi. 1987 yilda haqoratli tarzda Moskva shahar partiya qo‘mitasining birinchi kotibligidan tushirilgan Boris Yelsin bir yarim yil o‘tib, partiya apparatchilarining fitnalariga qaramay, tantanali ravishda Moskva milliy-hududiy okrugidan, ya’ni poytaxtning butun aholisi nomidan deputatlikka saylandi.

Mixail Gorbachyov (chapdan), Boris Yelsin va Askar Akayev SSSR xalq deputatlari qurultoyida. 1990 yil 17 dekabr
Vladimir Bogdanov / FotoSoyuz / Getty Images

1991 yil iyunida Yelsin umumxalq tomonidan RSFSR prezidenti etib saylandi va Gorbachyov maqtana olmaydigan mandatga ega bo‘ldi.

Gorbachyov 1990 yil martida SSSR prezidenti etib saylangandi, ammo fuqarolar tomonidan emas, balki qurultoy (s’yezd) tomonidan, qurultoy legitimligiga esa allaqachon dog‘ tushgandi. Bu deputatlar KPSSning yetakchi roli haqidagi konstitutsiyaning 6-moddasi bo‘yicha saylangandi, deputatlar korpusining uchdan bir qismini jamoatchilik tashkilotlari vakillari tashkil etardi.

Ko‘plab tarixchilar umumxalq saylovlariga bormaganini Gorbachyovning asosiy xatosi deb hisoblaydi.

Respublikalardagi mustaqillik uchun harakatlarni kuch bilan bostirishga urinishlar ortishi mahalliy kommunistlar ta’sirini butunlay yo‘qotishiga olib keladi. Ularning o‘rniga yangi siyosatchilar keladi va ularning barchasi qattiq turib mustaqillik talab qila boshlashadi.

1990 yilda Boltiqbo‘yi mamlakatlari - Latviya, Litva hamda Estoniya o‘zini SSSRdan mustaqil davlat deb e’lon qildi.

1991 yil 12 iyunda RSFSR davlat suvereniteti to‘g‘risidagi deklaratsiyani imzolagan Yelsin ham amalda bu jarayonga qo‘shildi.

1991 yil aprelida ittifoq rahbariyati Novo-Ogaryovoda respublikalar bilan ular bilan munosabatlarni qayta ko‘rib chiqish hamda ularga ko‘proq mustaqillik berish maqsadidagi muzokaralarni boshlaydi.

1991 yilgi davlat to‘ntarishi

Ittifoqdosh respublikalar xohlagan vaqtida mustaqil bo‘lishi mumkinligi haqidagi Ittifoq kelishuvini imzolash 20 avgust kuniga belgilangandi. Bir kun oldin esa sakkiz nafar jamoat arbobi (ulardan olti nafari Gorbachyovga yaqin bo‘lgan kishilar edi) davlat to‘ntarishi uyushtirdi (GKChP - Favqulodda vaziyat bo‘yicha davlat qo‘mitasi) va favqulodda holat e’lon qilib, Moskvaga qo‘shin kiritildi.

Avgust oyi boshlarida ta’tilga chiqqan Gorbachyov Qrimning Foros posyolkasidagi dala hovlisida dunyodan uzilib qoldi. 

Xalqqa o‘qib eshittirilgan bayonotda Mixail Gorbachyov salomatligi yomonlashgani uchun o‘z vazifasini bajara olmasligi, shu sabab mamlakatni 6 oy davomida 8 kishidan iborat kengash boshqarishi, yarim yildan so‘ng esa saylovlar o‘tkazilishi ma’lum qilinadi. Mamlakat hududidagi «GKChP»manfaatiga xizmat qilmaydigan barcha nashrlar vaqtincha faoliyatini to‘xtatadi. Ishlayotgan boshqa nashrlar ham qattiq senzuraga olinadi, kompartiyadan boshqa qolgan barcha partiyalar faoliyati cheklanadi. «GKChP» mamlakat nazoratini qo‘lga olishni poytaxt Moskvadan boshlaydi. 

Avgustdagi to‘ntarish Gorbachyov hokimiyatiga uzil-kesil yakun yasadi.
TASS/UTYYFLBQ XAMeLYaNIN

Barchasini Yelsinning qat’iyati hal qiladi, u «GKChP»ning harakatlarini konstitutsiyaga zid deb ataydi va sodir bo‘layotgan voqealar davlat to‘ntarishidan boshqa narsa emasligini ma’lum qiladi. Uning murojaatidan keyin Moskvada 200 mingdan ortiq, Peterburgda 400 mingdan ortiq odam markaziy maydonlarga chiqib, to‘ntarishga qarshi namoyishlarda qatnashadi. 20 avgustdan 21 avgustga o‘tar kechasi Moskvada «GKChP»ga bo‘ysunuvchi askarlar hamda Oq uy himoyasidagi ko‘ngillilar o‘rtasida to‘qnashuv sodir bo‘ladi. 21 avgust tongida SSSR mudofaa vaziri Yazov Moskvadagi barcha qo‘shin va texnikalarni shahardan olib chiqishga buyruq beradi. Bu «GKChP» tugagani va amalda SSSRni saqlab qolish imkonsiz ekanini ko‘rsatardi. Shu tariqa, SSSRni saqlab qolish uchun tuzilgan «GKChP» 3 kun o‘tib barbod bo‘ladi.

Gorbachyov o‘z lavozimiga qaytadi, ammo, kuzatuvchilar fikricha, u endi o‘zining soyasiga aylanib qolgandi. Amalda haqiqiy hokimiyat Yelsinning qo‘liga o‘tgandi, ittifoq deputatlari qurultoyi o‘zini tarqatib yuboradi, KPSS faoliyati to‘xtatiladi, respublikalar birin-ketin mustaqil bo‘la boshlaydi.

Gorbachyovning isloh qilingan ittifoqni boshqa nom ostida saqlab qolishga bo‘lgan umidsiz urinishlari jamoatchilik tomonidan qo‘llab-quvvatlanmadi.

Ukrainaning pozitsiyasi hal qiluvchi bo‘ldi, bu yerda 1 dekabr kungi referendumda respublika aholisining 90,3 foizi to‘la suverenitet tarafdori bo‘lgandi.

8 dekabr kuni Rossiya, Ukraina va Belrus yetakchilari Belarus hududidagi Belovej o‘rmonzoridagi qarorgohda yig‘ilib, SSSRni tarqatib yuborish to‘g‘risidagi kelishuvni imzolaydi. Gorbachyov fakt qarshisida qoladi. 21 dekabr kuni Olma-Otada qolgan respublikalar ham ushbu kelishuvga qo‘shiladi.

1991 yil 25 dekabrida Gorbachyov televideniye orqali o‘z iste’fosini e’lon qiladi, bu uni SSSRning nafaqat birinchi, balki so‘nggi prezidentiga aylantiradi.

Iste’fodan keyin

Sobiq sovet ittifoqidagi ko‘plab odamlar hamon ittifoq parchalanishidan afsuslanish bilan yashaydi. Possovet Rossiyaning ikkinchi prezidenti Vladimir Putin ham shunday fikrda, ular buni XX asrning eng yirik geosiyosiy falokati deb hisoblab, bu voqea ayrim joylarda qurolli nizolarga sabab bo‘lganini aytishadi.

Ittifoq parchalanishida ko‘pchilik Gorbachyovni ayblaydi. 1996 yilda u Rossiya prezidentligi uchun nomzodini ilgari surgan va 1 foizdan kamroq ovoz to‘plagan. Avvalboshdan kuzatuvchilarning hech biri uni autsayder deb hisoblamagandi.

Gorbachyovning Rossiyadagi tanqidchilari uning tez-tez xorij safarlariga chiqqanidan, u G‘arbda Nobel mukofoti bilan taqdirlangani, pitssalardan tortib dizaynerlik sumkalari reklamalarida suratga tushishga tayyor bo‘lganidan norozi bo‘lishgan.

1999 yilda sevimli rafiqasi Raisa leykemiyadan vafot etgach, Gorbachyov og‘ir kunlarni boshdan kechiradi.

Sovetlarning so‘nggi rahbari Vladimir Putin siyosatini tanqid qilgan, ammo ancha ehtiyotkorlik bilan. U yakkahokimlik zarari haqida gapirib, «Yedinaya Rossiya»ni KPSS bilan taqqoslaydi, OAV erkinligi cheklanishini qoralaydi, shu bilan birga, ikkinchi prezident davrida olib borilgan tashqi siyosat kursini ma’qullaydi.

Gorbachyov bankirlar va KGBdan chiqqan Aleksandr Lebedev ko‘magida «Novaya gazeta» aksioneriga aylanadi, bu nashr hokimiyatni suiiste’mol qilish holatlarini fosh qilish bilan taniladi.

2019 yilda BBC uchun intervyuda 88 yoshli Gorbachyov yana bir bor yadro quroli xavfi haqida ogohlantirgandi.

«Ommaviy qirg‘in qurollari, birinchi navbatda yadroviy qurollar mavjud ekan, xavf ko‘lami juda ulkan. Barcha xalqlar yadro qurollari yo‘q qilinishi kerakligini aytishi kerak. Biz bu orqali o‘zimiz va sayyorani saqlab qolishimiz mumkin», degandi u.

Mixail Gorbachyovning ikki qizi, ikki nabirasi va bir evarasi qoldi.

Mavzuga oid