O‘zbekiston | 14:26 / 31.08.2022
25108
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda ikki sudya ustidan jinoyat ishi ochildi

Kun.uz manbasiga ko‘ra, ular noqonuniy egallangan yer uchastkalari bo‘yicha ishlarni manfaatdorlar foydasiga hal qilib berganlikda gumonlanyapti.

Foto: Kun.uz

Toshkent shahar sudining iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudyasi H.I. (ayol kishi) hamda Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining sudyasi H.I. (erkak)ga nisbatan jinoiy ish ochilgan.

Kun.uz manbasining xabar berishicha, har ikkala sudya noqonuniy egallangan yer uchastkalariga egalik huquqini belgilashga doir ishlar bo‘yicha manfaatdor shaxslar foydasiga hal qiluv qarorlarini chiqarib bergan.

Sudyalar oliy kengashi matbuot kotibi Tursunali Akbarovning Kun.uz so‘roviga javoban ma’lum qilishicha, bu sudyalarning vakolatlari oliy sudlovni amalga oshirishda yo‘l qo‘ygan xato va kamchiliklari uchun bundan 2 oy muqaddam kengash qarori bilan muddatidan avval tugatilgan.

“Sudyalarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganiga oid ma’lumot kengashda mavjud emas. Bu masalada Bosh prokuraturadan izoh olinsa maqsadga muvofiq bo‘ladi”, deydi Akbarov.

Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov holat yuzasidan aniqlashtirib, ma’lumot berishini ma’lum qildi.

Mavzuga oid