Jahon | 08:38 / 01.09.2022
10553
4 daqiqa o‘qiladi

BMT Shinjondagi qonunbuzarliklar haqida hisobot e’lon qildi

BMT IHOKB hisobotida Xitoyning uyg‘urlar va boshqa musulmon ozchiliklarning huquqlarini poymol qilishi bayon qilingan, ammo genotsid haqida so‘z yuritilmagan.

Foto: AP

Birlashgan millatlar tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissar boshqarmasi (IHOKB) Xitoyning Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayonidagi (ShUAR) huquqbuzarliklar haqida uzoq kutilgan hisobotini e’lon qildi. Hujjatda mintaqadagi uyg‘urlar va boshqa musulmon ozchiliklar huquqlarining bir qator buzilishi tafsilotlari bayon etilgan, ammo AQSh va boshqa davlatlar tomonidan aytilgan ayblov - genotsid haqida so‘z yuritilmagan, deb xabar berdi 1 sentabr, payshanba kuni AFP.

«Uyg‘urlar va boshqa asosan musulmonlar guruhlarining o‘zboshimchalik va kamsitish asosida hibsga olinishi... xalqaro jinoyatlar, xususan, insoniyatga qarshi jinoyatlar bo‘lishi mumkin», deyiladi hisobotda. 

Mishel Bachelet / Foto: GETTY IMAGES

«Men hisobotni vakolatim tugaguniga qadar e’lon qilishimni aytgandim va shunday qildim», - dedi inson huquqlari bo‘yicha oliy komissar Mishel Bachelet. Uning so‘zlariga ko‘ra, «bir qator davlatlar tomonidan inson huquqlari bilan bog‘liq jiddiy muammolarni siyosiylashtirish vaziyatni yaxshilashga yordam bermadi». 

«Hukumatning terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash strategiyasi kontekstida ShUARda inson huquqlarining jiddiy buzilishiga yo‘l qo‘yilgan», deb ta’kidladi hisobot tuzuvchilari. Unda «Kasb-hunar ta’limi va tayyorlov markazlari» deb atalgan joylarda saqlanuvchi shaxslarga nisbatan munosabatdan xavotir bildirilgan. 

«Qiynoqlar yoki shafqatsiz munosabat holatlari, jumladan, majburiy davolash va qamoqda saqlashning yomon sharoitlari haqidagi xabarlar, jinsiy va gender zo‘ravonlikning alohida holatlari haqidagi da’volar kabi ishonchlidir», deb davom etgan hisobot mualliflari. 

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, 2017-2019 yillar oralig‘ida maxsus markazlarda ushlab turilganlar soni «juda ko‘p edi hamda uyg‘urlar va boshqa asosan musulmon ozchiliklarning muhim qismini tashkil etgan». Mutaxassislar Xitoyni hududdagi ayollarni majburiy sterilizatsiya qilish amaliyotida ham aybladi. 

Bir qator nohukumat tashkilotlar, jumladan Human Righs Watch (HRW) va Amnesty International bu hisobot Pekin bo‘yicha keyingi harakatlar uchun boshlang‘ich nuqta bo‘lishi kerakligini aytgan. 

Xitoyning Jyenevada joylashgan BMTdagi doimiy vakolatxonasi hisobotni qoraladi va uning nashr etilishiga keskin qarshi chiqdi. Xitoylik diplomatlar «Xitoyga qarshi kuchlar tomonidan to‘qib chiqarilgan dezinformatsiya va yolg‘on kampaniyasi» hamda Xitoyning ichki ishlariga aralashish haqida gapirdi. 

May oyida Pekinga tashrif buyurgan komissar inson huquqlari tashkilotlari, xususan, HRW, shuningdek, bir qator G‘arb davlatlari, jumladan, AQSh tomonidan Xitoy rahbari Si Tszinpin bilan o‘zaro munosabatlarni o‘rnatishda o‘ta yumshoq va sodda bo‘lgani uchun tanqid qilindi. HRW bu bahorgi tashrifni falokatli deb baholadi. 

Oradan ko‘p o‘tmay, Mishel Bachelet shaxsiy sabablarga ko‘ra ikkinchi muddatga nomzodini qo‘ymasligini e’lon qildi, biroq ketish oldidan ShUAR bo‘yicha hisobot e’lon qilishga va’da berdi. 

Bachelet 2018 yilda IHOKB rahbari lavozimini egallagan. Bungacha komissar ilgari Chili prezidenti lavozimida ishlagan. Hisobotni tayyorlashga Xitoyning keskin qarshiliklari fonida deyarli bir yil vaqt ketdi. 

Mavzuga oid