Jahon | 11:35 / 02.09.2022
9089
2 daqiqa o‘qiladi

Lufthansa uchuvchilari ish tashlashi 800 ta reysning bekor qilinishiga olib keldi

2 sentabrdagi ish tashlash Lufthansa’ning Germaniyadan 800 ta reyslarini bekor qilishga olib keladi. Uchuvchilar ish haqini katta miqdorda oshirishni va maoshlarni inflatsiya bilan bog‘lashni talab qilmoqda. 

Foto: Getty Images

Germaniyaning Lufthansa aviakompaniyasi uchuvchilari 2 sentabr, juma kuni bir kunlik ish tashlashni boshladi. Frankfurt-Mayndagi Vereinigung Cockpit (VC) uchuvchilar kasaba uyushmasi xabar berishicha, ish tashlash Germaniyadan Lufthansa va Lufthansa Cargo tomonidan amalga oshiriladigan 800 ta reysning bekor qilinishiga olib keladi. Ish tashlash ichki va xalqaro yo‘nalishlarda 130 mingga yaqin yo‘lovchiga ta’sir qiladi va ba’zi hollarda 3 va 4 sentabr kunlari reyslarning bekor qilinishi hamda kechikishi istisno qilinmaydi, deya ogohlantirdi aviatashuvchi. 

Kasaba uyushmasi rahbariyati bir kun avval ish tashlashni tarif kelishuvi bo‘yicha muzokaralarda muvaffaqiyat qozonmagani va rahbariyatning murosaga borishni istamagani bilan izohlagan edi. «Ish tashlashning oldini olish uchun Lufthansa ancha yaxshi taklif bilan chiqishi kerak», deya ma’lum qildi VC. Kasaba uyushmalari bu yil 5000 kapitan va birinchi uchuvchilarning ish haqini 5,5 foizga oshirishni va maoshlarni inflatsiya bilan avtomatik bog‘lashni talab qilmoqda. 

Lufthansa bu talablarni haddan tashqari ko‘p deb atadi va agar ular bajarilsa, kompaniyaning ish haqi va xodimlar xarajatlari yaqin ikki yil ichida 40 foizdan ko‘proq yoki 900 million yevroga oshishini ta’kidladi, bu esa, ta’kidlanganidek, mutlaqo qabul qilinishi mumkin emas. Rahbariyat kasaba uyushmasiga yaxshi va ijtimoiy jihatdan muvozanatli paket taklif qilganini ko‘rsatdi va kasaba uyushmasi rahbariyatini muzokaralar stoliga qaytishga chaqirdi. 

Mavzuga oid