O‘zbekiston | 15:30 / 03.09.2022
45185
9 daqiqa o‘qiladi

Qariyb 3 barobar qimmatlagan maktab darsliklari: Bundan korrupsiyaning isi kelmoqda

Yangi o‘quv yili boshlanishi arafasida Xalq ta’limi vazirligi yana bir qarori bilan trendga chiqdi. Maktab darsliklarining ijara haqi o‘tgan yilgiga nisbatan 2–3 barobarga oshdi.

Kishining kulgisi qistaydi, Xalq ta’limi vazirligi “aksilxalqona” qarorlar e’lon qilib, so‘ngra e’tirozlar kuchayavergach “tuflagan tupugini qaytib olish” borasida 2022 yilda sovrindor o‘rinlardan birini egallashga kirishgan, shekilli.

Avval 2025 o‘quv yiligacha kechiktirilgan o‘quvchilar uchun yagona maktab formalari 2022/23 o‘quv yilidan boshlab majburiy bo‘lishi to‘g‘risida hukumat qarori e’lon qilindi. Boshida bu qarorni qo‘llab-quvvatlab, formalarning katta qismi tikilayotgan Namanganga jurnalistlar uchun press-tur uyushtirgan vazirlik, ko‘p o‘tmay, majburiyat yana ortga surilganini e’lon qildi.

So‘ngra 15 yillik mehnat stajiga ega va shu yil bahorda attestatsiyaga jalb etilmagan oliy toifali o‘qituvchilar eng quyi toifaga tushib qolayotgani shov-shuv bo‘ldi. XTV yana munosabat bildirib, bunday o‘qituvchilarning toifasi umrbod oliy bo‘lib qolishini bildirdi.

Keling, maktab darsliklari masalasiga qaytaylik.

2022/23 o‘quv yili uchun darsliklar ijara narxlari ikki-uch barobarga oshirilgan. Ijara narxlarini o‘qib ota-onalar ham, o‘qituvchilar ham hayron. Vazirlik bu masalani tushuntira turib, darsliklar uchun ijara narxlari Moliya vazirligi tomonidan belgilanganini aytdi.

Ammo, ijtimoiy tarmoqda tarqalgan hujjat – xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari U.Sharifxodjayev imzolagan xat nusxasiga ko‘ra, darsliklarning ijara to‘lovi miqdori Respublika maqsadli kitob jamg‘armasi vasiylik kengashining 2022 yil 31 avgustdagi 37-09-08/75-sonli bayonnomasi bilan tasdiqlangan.

XTV axborot xizmati rahbari Laylo Rustamova xatning vazirlikka tegishli ekanini inkor qolmagan holda, Vasiylik kengashi bayonnomasi nusxasini berish haqidagi so‘rovimizni javobsiz qoldirdi.

XTVdan olingan ma’lumotga ko‘ra, yangi o‘quv yilida O‘zbekistondagi 10 130 ta maktabda 6,6 mln o‘quvchi ta’lim oladi. 1-sinflarga 700 ming o‘quvchi qabul qilingan.

Prezidentning “2022–2026 yillarda xalq ta’limini rivojlantirish bo‘yicha milliy dasturni tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida 3-, 6-, 7- va 10-sinflar uchun mo‘ljallangan darsliklar to‘liq yangidan chop etiladi. Shuningdek, 2–3-sinflar uchun mashq daftarlari, barcha sinflar uchun ingliz tili, nemis tili va rus tili fanlaridan jami 60 million nusxa yangi avlod darsliklari chop etilib, noyabr oyi oxirigacha maktablarga yetkaziladi.

Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmatining tushuntirishicha, joriy yilda yangi darsliklarni chop etish xarajatlari oshgani ijara haqi keskin oshishiga sabab bo‘lgan. 2022 yilda jahonda qog‘oz narxi 60-70 foizga balandlagani, qog‘oz importida transport xarajatlari keskin oshgani, bu esa tannarx ko‘tarilishiga sabab bo‘lgani aytilyapti.

Joriy o‘quv yilida o‘rtacha bir dona darslik (mashq daftari) uchun yagona ijara to‘lovi 5707 so‘mni tashkil etmoqda va o‘tgan 2021/22 o‘quv yilidagi miqdor (2740 so‘m)ga nisbatan 2967 so‘m (108 foiz)ga oshgan.

Bitta darslik uchun ijara narxi qanday shakllanadi?

Darsliklar to‘plami uchun ijara to‘lovi miqdorlari darsliklar uchun sarflangan xarajatlarni o‘quvchilar soniga bo‘lish orqali hisoblanadi. Bunda xarajatlar proporsional tarzda darslikning ishlatilish muddatiga bo‘linadi.

Misol uchun: bir dona darslikning tannarxi 25 ming so‘m bo‘lsa, uning 5 yil ishlatilishi, har yili 5 ming so‘mdan yig‘ish kerakligini anglatadi. Jami bir yildagi barcha darsliklarning summasini davriylikka bo‘lib, bitta darslik summasi shakllantiriladi. Bu yil bu 5707 so‘mni tashkil etdi (2021 yilda 2740 so‘m bo‘lgan).

Bir dona kitob narxi o‘z navbatida bir sinf komplektidagi darslik va mashq daftarlari soniga ko‘paytiriladi. Bitta sinfda 20 ta kitob bo‘lsa, yillik ijara summasi 20x5707=114 140 so‘m bo‘ladi.

Kimgadir 100-115 ming so‘mning nari-berisidagi to‘lov unchalik qiyin ko‘rinmas, ijtimoiy tarmoqlarda yangrayotgan e’tirozlar ayrimlarning ensasini ham qotirar, ayrimlar bitta tushlikka bundan ham ko‘p sarflanishini pisanda qilmoqda. Biroq yurtimiz aholisi, ayniqsa qishloq joylarda yashovchi ko‘p bolali oilalarda 3-4 nafar farzand maktabga boradi, oylik daromadi 1 mln so‘m atrofida bo‘lgan bunday oilalarga birdan 330–450 ming so‘m chiqim katta zarba bo‘ladi. Bunga ular o‘z bolalariga o‘quv qurollari, yangi forma va hokazolar olib berishlarini ham qo‘shing.

Birinchi sinf o‘quvchilari, ijtimoiy himoya reyestriga kiritilgan oilalarning farzandlari, mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari, jismoniy yoki ruhiy rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlari o‘quvchilariga darsliklar bepul ijaraga berilishi belgilangan.

XTV ma’lumotiga ko‘ra, darslikni chop etishga sarflangan mablag‘, darslik foydalaniladigan muddat (yilga) bo‘linib yig‘iladi. Yig‘ilgan mablag‘lar Kitob jamg‘armasida to‘planib, mazkur kitobni keyingi yilda chiqarishga sarflanadi.

Misol uchun: 2017 yilda chiqarilganida bitta darslik tannarxi 5 ming bo‘lgan va 5 yil davomida 1000 so‘mdan yig‘ilgan. 2022 yilda darslikni chiqarish uchun 25 ming sarflangan va tabiiyki, bu mablag‘ni to‘plash uchun 5 ming so‘mdan 5 yil davomida yig‘ib borish kerak.

Ammo XTVning o‘zi bor-yo‘g‘i 4 ta sinf (3-, 6-, 7- va 10-sinf) uchun darsliklar to‘liq yangidan chop etilganini ta’kidlab turibdi. 1-sinflarga ham tekin beriladi. Bolalari 2-, 4-, 5-, 8– va 9-sinflarga boruvchi ota-onalar eski darsliklar uchun ikki-uch barobar oshirilgan ijara haqi to‘laydimi shunda?

Konstitutsiyamizda O‘zbekistonda maktab ta’limi bepul ekani belgilab qo‘yilgan. Ammo mantiqan o‘ylab qaralganda ta’lim bepul deganda o‘qituvchiga pul to‘lanmasliginigina nazarda tutmaslik kerak. Ta’lim olish uchun beriladigan darsliklar ham bepul bo‘lishi kerak emasmi?

Xo‘sh, qog‘oz o‘lgurning narxi keskin oshib ketadigan odati bor ekan, elektron darsliklarni joriy etish va ommalashtirish ustida ishlash kerak emasmi? Tashqarida, agar XTVdagilarning mabodo xabari bo‘lmasa, yigirma birinchi asrning yigirma ikkinchi yili o‘tyapti.

Darsliklarni chop etish bosmaxonalar o‘rtasida tender asosida amalga oshirilar ekan. Hozirgi kunga qadar 2022 yildagi 53 million darslik uchun tenderlar o‘tkazilgan. XTV ma’lumotiga ko‘ra, barcha tenderlar e-tender.uz portali orqali o‘tkazilib, uning g‘oliblari portalda aks ettirilgan.

e-tender.uz saytni ochib ko‘rdik. Tushunarsiz. Qaysi korxona qancha summaga qaysi darsliklarni chop etishni yutib olgani haqidagi ma’lumotni topa olmadim, men masalan. Bu ma’lumotlar aniq-tiniq qilib shaffoflashtirilishi lozim.

Bu masalada Bosh prokuratura va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi jiddiy bosh qotirib ko‘rishi kerakka o‘xshaydi.

Chunki xalq ta’limi tizimi davlat budjetidan eng ko‘p mablag‘ oladigan soha hisoblanadi – 2022 yilda 25,8 trillion so‘m. Shundan 605 mlrd so‘mi Respublika maqsadli kitob jamg‘armasi uchun.

Tarixdan ma’lumki, katta miqdorda pul bor joyda korrupsiya ham bo‘ladi. Qolaversa, darsliklarni chop etish bo‘yicha davlat buyurtmasini bajarish uchun maydonga kirib kelgan “katta o‘yinchilar”da ham gap ko‘p. Kitoblarni chop etayotgan kompaniyalarning ta’sischilari tarkibiga qaralsa, yuqori martabali davlat amaldorlari bilan bog‘liq manfaatlar to‘qnashuvi oydinlashsa ajab emas.

Shuhrat Shokirjonov, jurnalist

Mavzuga oid