«Sayyohlar oldida sharmanda bo‘lyapmiz» – Toshkentda ichki ishlar xodimlari tong sahardan mehmonxonalarni tekshirmoqda
Avgust oyining oxirgi haftasida Toshkentdagi o‘nlab mehmonxonalarga tonggi 5-7 lar oralig‘ida ichki ishlar xodimlari kelib, e-mehmon tizimi orqali ro‘yxatdan mehmonlarning shaxsiy hujjatlarini tekshirgan. IIV xavfsizlikni ta’minlash bilan bog‘liq tekshiruvlar noqulaylik keltirishi tabiiy ekani va bu butun dunyoda to‘g‘ri qabul qilinishini aytdi.
Poytaxtdagi bir qancha mehmonxonalar menejyeri hisoblangan Dilshod Odilovning Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, Toshkent shahar IIBB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi hamda tuman bo‘limlari xodimlari bir necha marotaba uning boshqaruvidagi mehmonxonalarga tashrif buyurgan.
IIV xodimlari “e-mehmon” tizimi orqali ro‘yxatdan o‘tgan mehmonlarning haqiqatda ham o‘sha xonada yashayotganini tekshirishgan. Bu tekshiruvlar uchun hech qanday asos ko‘rsatilmagan. Bundan tashqari, tekshiruvlar soat ertalabki 5-7 oralig‘ida bo‘lgani uchun dam olishga kelgan ko‘plab sayyohlarning noroziligiga sabab bo‘lgan.
Kun.uz bilan gaplashgan Toshkentdagi ko‘plab mehmonxonalar menejyerlari ham ushbu holatni tasdiqladi. Xususan, poytaxtdagi mehmonxona boshqaruvchilarining telegram guruhida o‘tkazilgan so‘rov qatnashchilarining 76 foizi tekshiruv bo‘lganini, 40 foizi IIV xodimlari xonalargacha kirganini tasdiqlagan.
«Dunyoning qaysi davlatida sizni kechasi uyg‘otib pasportingizni tekshirishgan? Bu kabi tekshirishlar hamma mehmonxonalarda bo‘lmoqda. Xavfsizlikni biz ham istaymiz. Lekin evi bilan tekshirish kerak-da!
Sharmanda bo‘lamiz bunaqada turistlar oldida. O‘zi bir nechtasiga sharmanda bo‘lib bo‘ldik. «Davlatingiz sizlarning elektron ro‘yxatga qo‘yganingizga yoki chegarachilaringizga ishonmaydimi?» - deyishyapti.
Prezidentimiz turizmni rivojlantiringlar demoqda, bu yoqda esa turizmga zarar berish uchun qo‘ldan kelganini qilishyapti. Bular esa yana eski O‘zbekistondagi holatga qaytishyapti, chunki bu narsalar 2016 yilgacha bo‘lgan, keyin tekshiruvlar bo‘lmay qolgandi. Hozir yana qaytyapti», - deydi Dilshod Odilov.
Holatga izoh olish uchun Ichki ishlar vazirligiga murojaat qildik. IIV matbuot kotibi Shoxruh G‘iyosovning Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, xavfsizlikni ta’minlash bilan bog‘liq tekshiruvlar ayrim fuqarolarga noqulaylik keltirishi tabiiy va bu choralar butun dunyoda to‘g‘ri qabul qilinadi.
«Fuqarolarning shaxsini aniqlash va tekshirish kabi tadbirlar oldindan belgilangan maxsus rejalar asosida xavfsizlikni ta’minlash, jamoat tartibini saqlash hamda tezkor-profilaktik mazmundagi ishlar jarayonida amalga oshiriladi.
Huquqni muhofaza qilish organlarining barcha harakatlari o‘rnatilgan tartibda va belgilangan qonunchilik doirasida bajariladi. Xavfsizlikni ta’minlash bilan bog‘liq zaruriy tekshiruvlar ayrim fuqarolarga ma’lum darajada noqulaylik keltirishi tabiiy holat, lekin butun dunyoda bunday choralar odatiy va to‘g‘ri qabul qilinadi.
Shunda ham xodimlarning harakatlaridan norozi fuqarolar o‘rnatilgan tartibda shikoyat qilish huquqiga ega ekanliklarini eslatib o‘tamiz», - dedi Shoxruh G‘iyosov Kun.uz so‘roviga javoban.
Lekin IIV xodimlarida tadbirkorlik sub’yekti binolarini ko‘zdan kechirish uchun tegishli order bo‘lgani yoki yo‘qligiga doir savol ochiq qolmoqda.
Turizm va madaniy meros vazirligi holat yuzasidan IIVga xat kiritilganini bildirdi.
«Turizm va madaniy meros vazirligi tomonidan holat bo‘yicha tushuntirish so‘rab va kelgusida turizm sohasi sub’yektlari faoliyatida o‘rganish faqatgina shikoyat mavjud bo‘lgan hollarda va aniq belgilangan vaqt davomida mehmonxonada bo‘lgan sayyohlarga va mehmonxona faoliyatiga xalaqit bermagan holda o‘tkazilishi bo‘yicha yozma ravishda Ichki ishlar vazirligiga xat kiritildi.
Shuningdek, bugungi kunda vazirlik tomonidan xorijlik fuqarolarni Internet tarmog‘i orqali ixtisoslashtirilgan elektron avtomatlashtirilgan dasturi orqali ro‘yxatga olish tizimini yanada takomillashtirish yuzasidan aniq chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda», – deyiladi Turim vazirligi matbuot kotibi Lola Rahmonboyevaning Kun.uz'ga taqdim qilgan ma’lumotida.
O‘zbekistonda 2018 yilda xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni ro‘yxatga olish tizimi - e-mehmon joriy qilingan. Ushbu tizim yordamida chet el fuqarosi va boshqa sayyohlar ro‘yxatdan o‘tish masalasini davlat organlari ishtirokisiz hal qila oladi. Shuningdek mehmonxonalar ham ushbu tizim yordamida mijozlarini ro‘yxatdan o‘tkazadi.
IIV xodimlari tomonidan O‘zbekiston turistik salohiyatini oshirishga harakat qilayotgan prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan, qator davlat tashkilotlari hamkorligida ishlab chiqilgan, qulay va byurokratiyadan xoli e-mehmon tizimiga ham ishonchsizlik bildirayotgani hayratlanarli. Boz ustiga, bu tashkilotning o‘zida e-mehmon tizimiga to‘g‘ridan to‘g‘ri «dostup» bor, sayyohlarni ertalabdan uyg‘otmasdan turib ham, idorasida o‘tirib barcha ma’lumotlarni tekshira oladi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil 1 avgustdan boshlab Ichki ishlar vazirligi 2018 yil oxiriga kelib deyarli to‘liq olib tashlangan Toshkent metropoliteniga kirish joylarining yer ustki qismida nazorat punktlari faoliyatini qayta tiklagani xabar qilingan edi.
Mavzuga oid
22:53 / 16.12.2024
Emin Agalarov Chorvoq bo‘yida Sea Breeze Uzbekistan turistik markazini qurmoqchi
18:14 / 16.12.2024
Surxondaryoning uchta tumanida zamonaviy turistik markazlar tashkil etiladi
09:49 / 13.12.2024
Milliy turizm yagona platformasi ishga tushirilmoqda
09:24 / 12.12.2024