Sport | 13:37 / 05.09.2022
28892
5 daqiqa o‘qiladi

«Lokomotiv» sardori o‘z o‘yiniga pul tikkanmi? Bukmekerlik kompaniyasi barcha dalillarni FIFAga yubormoqchi

Foto: Lokomotiv

4 sentabr, yakshanba oqshomida O‘zbekistondagi bir qator sport nashrlari va futbol klublari elektron pochtasiga Osiyodagi nomdor bukmekerlik kompaniyasi rasmiy vakili nomidan xat jo‘natildi. Unga ko‘ra, kompaniya Toshkentning «Lokomotiv» klubini Superliga bahslarida kelishilgan o‘yinlarda ishtirok etishda ayblagan. Xatda «temiryo‘lchilar» sardori Kaxi Maxaradzening nomi qayd etilgan.

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi, futbol tashkilotlari, OAV va klublarga jo‘natilgan xatda o‘zini 188Bet bukmekerlik kompaniyasi nazoratchisi sifatida tanishtirgan shaxs «Lokomotiv» klubi va uning sardori Kaxi Maxaradzening kelishilgan o‘yinda qatnashganini iddao qilib, bir qator dalillarni keltirgan. Qayd etilishicha, tashkilot qing‘irliklarni isbotlay oladi.

«Biz bu borada barcha dalillarga egamiz, marhamat tekshiring», deyiladi xatda va quyidagi o‘yinlar ro‘yxati hamda dalillar keltiriladi:

  1. 10 avgust, 2022 yil. OKMK - «Lokomotiv» o‘yini.
  2. 17 iyun, 2022 yil. «Lokomotiv» - «So‘g‘diyona» o‘yini
  3. Pul tikilayotgan holat suratlari
  4. O‘yinchining (Kaxi Maxaradze) pul tikayotgan videosi.
  5. Barcha ishtirokchilarning videoyozuvlari.
Foto: Lokomotiv

«Muammo 100 foiz «Lokomotiv» klubida. O‘yinchilar va o‘rtadagi shaxslar orasida o‘tkazilgan so‘rovlarga ko‘ra, har bir klubdan besh nafardan o‘yinchi kelishilgan o‘yinlarda ma’lum bo‘ldi. Texnik qurilmalarimiz orqali so‘nggi tekshiruvlardan keyin bu holatdagi barcha tranzaksion yozuvlar, chatlardagi yozishmalar, skrinshotlar, futbolchilarning qancha pul tikkani hamda kelishilgan o‘yinlar davomida qayd etilgan g‘ayritabiiy pul tikishlarni aniqladik.

Klub juda ko‘p turnirlarda ishtirok etgan. Biz FIFAga ko‘proq dalillarni taqdim etamiz va O‘zbekiston hukumatidan, amaldorlar, jurnalistlar, politsiya, o‘yinchilar, klub prezidentlari va murabbiylardan ushbu holatdagi barcha aloqadorni tekshirishni so‘raymiz. Kompaniyamiz ushbu vaziyatni butun dunyoga boricha ko‘rsatadi. O‘zbekiston hukumatiga ham xat jo‘natiladi», - deyiladi xatda.

Tashkilot rasmiysi xatga ilova sifatida kelishilgan o‘yinda ishtirok etganlikda gumonlanayotgan Kaxa Maxaradzening chatlardan biridagi suhbati suratini dalil sifatida keltirgan. Unda gruziyalik legionerning ikki kishi bilan videokonferensiya rejimida suhbatlashayotganini ko‘rish mumkin. Uchinchi shaxs ko‘rsatilmagan:

Yana bir rasmda kelishilgan o‘yin bo‘yicha ingliz tilidagi dialogdan skrinshotlar keltirilgan:

Ilovadagi yana bir suratda «Tony», Kakhi va «E.K» profilidagi shaxslarning guruhdagi o‘zaro suhbati skrinshoti keltirilgan. Guruhda 19 kishi borligini, unda Kaxining ovozli xabar jo‘natgani, «E.K» profilidagi shaxsning «Ular 8 daqiqadan keyin ishni boshlaydi, hozir o‘yinchilar jahl qilishmoqda va jamoa sardori Kaxidan pul so‘rashmoqda. Ular butun mavsum ishlamoqchi. Sababi klubda pul bor», - deya yozishmalarini ko‘rish mumkin.

Bukmekerlik kompaniyasi nazoratchisi tomonidan jo‘natilgan xatdagi o‘yinlarga nazar soladigan bo‘lsak, 10 avgust kuni o‘tgan OKMK - «Lokomotiv» uchrashuvida Olmaliq klubi yirik 4:0 hisobida zafar quchgan.

17 iyun kungi «Lokomotiv» - «So‘g‘diyona» (0:1) bahsida esa Jizzax klubi Toshkentdan minimal hisobdagi g‘alaba bilan qaytgan.

E’tiborlisi, shu kuni Maxaradze 53-daqiqada oddiy vaziyatda jizzaxliklar forvardi Shoxruz Norxonovning oyog‘ini bosgan va qizil kartochka olib maydonni tark etgan.

3-rasmdagi skrinshotda «E.K» profilidagi shaxsning «Ular 8 daqiqadan keyin ishni boshlaydi», deya yozilganini inobatga olsak, bu yozishma ushbu bahsning tanaffusida bo‘lgani va guruh a’zosi Kaxi Maxaradze tanaffusdan keyin 8 daqiqa o‘tib, maydonda o‘zining chetlatilishini sahnalashtirgani tasdilanadi. Avgust oyida «Lokomotiv» bosh murabbiyi Denis Korostichenko iste’foga chiqarilib, uning o‘rniga Server Jeparov bosh murabbiy sifatida ish boshlagani bu voqealarga qanchalik aloqador ekani, noma’lum.

Ushbu shov-shuvli xat va voqealar yuzasidan O‘FA va PFL xabar topgan bo‘lsa-da, tashkilotlardan hozircha rasmiy javob yangramadi. «Lokomotiv» klubi ham rasmiy munosabat bildirishdan hozircha tiyilmoqda. Bunday qing‘irliklarda birgina Kaxi Maxaradze va «Lokomotiv» emas, raqib jamoalar ham aralashgani hech gap emas. Superliga bahslari endi qizg‘in pallaga kirayotganda bu voqea turnirga soya solmasligini istardik. Buning uchun endi gumondorlar «sayrashi» va aybdorlar jazolanishi shart. 

Mavzuga oid