O‘zbekiston | 19:28 / 07.09.2022
34260
7 daqiqa o‘qiladi

1-sinfga borgan ayrim qizaloqlarga qop-qora ryukzaklar berildi

5 sentabr kuni 1-sinfga qadam qo‘yib, Prezident sovg‘asi, xususan maktab ryukzagini olgan ayrim bolalarning ota-onalari ularga boshqa ryukzak olib berishga majbur bo‘lyapti. Bozorda sotilmay qolgan mahsulotni Prezident sovg‘asi sifatida o‘tkazib yuborishgandek go‘yo. Ayrim o‘g‘il bolalarga esa qizlar uchun mo‘ljallangan gulli sumkalar berilgan.

Kollaj: Kun.uz

Har yili 1-sinfga qadam qo‘ygan bolalarga 12 xil turdagi o‘quv qurollari, portfel va darsliklar jamlangan Prezident sovg‘asi beriladi. 5-sentabrdan barcha ta’lim tashkilotlarida darslar boshlanganini hisobga olsak, shu kunda 702 ming nafar bola bu sovg‘alarni olgan bo‘lishi kerak edi.

Ammo komplektlar hammaga ham vaqtida yetib bormagan, berilganlarining esa ko‘rinishi (ehtimol sifati ham) turlicha.

Misol uchun, Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov va Izboskan tumani hokimi shu tumandagi maktablarda tarqatgan ryukzaklarni xuddi shu viloyatning boshqa tumanlarida 1-sinf o‘quvchilariga berilgan sovg‘alar bilan taqqoslash mumkin.

Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov / Foto: Hokimlik matbuot xizmati
Izboskan tumani hokimi Serobiddin Ismoilov / Foto: Hokimlik matbuot xizmati

Hokimlar nisbatan bejirim ryukzaklarni tarqatgan bo‘lsa, sovg‘ani hokimning qo‘lidan olish nasib qilmaganlarga didsiz, sifati va narxi gumonli sumkalar nasib qilgan.

“Hammaga qop-qora sumkalar berildi, hech bo‘lmasa qizlarniki ajralib tursa bo‘lardi”

Yuqoridagi suratlardan ko‘rish mumkinki, Shuhrat Abdurahmonov qiz bolalarga qizil rangli, o‘g‘il bolalarga ko‘k rangli sumkalar tarqatgan. Lekin viloyatning boshqa qator maktablarida aksariyat o‘g‘il-qizlarning sovg‘alari inkubatordan chiqqandek bir xil qop-qora.

Jalaquduq tumanidagi maktablardan biri / Foto: Kun.uz

Boz ustiga, ularning ustiga Gucci, Fila, Nike kabi xorijiy brendlar logotipi tushirilgan. O‘z-o‘zidan ayonki, aslida bu sumkalarning birortasi original emas. Qizlardan biriga berilgan qora ryukzakka sport sumkasi deb yozib qo‘yilgani ham g‘alati.

Mas’ullar o‘z farzandlariga shunday sumkani ravo ko‘rmasligi esa aniq.

Jalaquduq tumani / Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

“Bizda qiz bola-yu, o‘g‘il bolaga bir xil qop-qora sumkalar berildi. Hech bo‘lmasa, qizlarniki ajralib tursa yaxshi edi. Nima ham derdik, boriga shukr. Ammo qizlarning ota-onalari boshqa olib beramiz deyishdi”, – dedi Kun.uz suhbatlashgan ota-onalardan biri.

Ayrim o‘g‘il bolalarga qizlar uchun mo‘ljallangan gulli sumkalar Prezident sovg‘asi sifatida berilgan. / Foto: Kun.uz

Yuqoridagi kamchiliklar “Prezident sovg‘asi” nomiga yarashmaydi. Qaysidir bolaga sifatliroq, boshqasiga xorij brendlarining logosi katta va beso‘naqay qilib tushirilgan, arzongarov, qop-qora bo‘lgani uchun bozorda birov olmaydigan ryukzakning berilishini qanday izohlash mumkin?

Vazirlik bexabar

Biz holat bo‘yicha Andijon viloyati Xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati bilan bog‘landik. Mas’ul xodimning aytishicha, bu hadyalarning har xilligini ko‘rib, ularning o‘zi ham ajablanishgan.

“Xalq ta’limi vazirligi ba’zi o‘quv qurollari va maktab portfeliga talab kattaligi uchun sovg‘alarning ko‘rinishi har xil bo‘lib qolganini, ularning qiymati va sifatining farqi yo‘qligini aytdi. Bizga bu sovg‘alar “O‘quv ta’lim-ta’minot” DUK tomonidan kelgan, keyin ularni tarqatganmiz.

Reja bo‘yicha “O‘quv ta’lim-ta’minot” DUK beradi, lekin u kimdan va qayerdan olgani bizga ma’lum emas. Vazirlik qanday tartibda qilganini bilmaymiz, o‘zi kechikayotgan edi, berilishi bilan oldik va tarqatib yubordik.

Boshqa viloyatlar bilan ham telefonda gaplashdik, ularda ham shu ahvol ekan”, – dedi viloyat XTB vakili.

U boshqa tumanlarda sovg‘alar berilishi nima uchun kechikayotgani bo‘yicha ham izoh berdi. Ma’lum bo‘lishicha, ba’zi joylarda Prezident sovg‘asidan faqat maktab portfeli kelgan, lekin uning ichidagi o‘quv qurollari va darsliklar kelmagani uchun sovg‘alar kechroq tarqatilgan.

Xalq ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Usmon Sharifxo‘jayev / Foto: Kun.uz

Sovg‘alarning turlichaligi yuzasidan xalq ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Usmon Sharifxo‘jayev 6 sentabr kuni AOKAda o‘tgan matbuot anjumanida quyidagicha izoh berdi:

“Bu bo‘yicha batafsil javob berishimiz qiyin bo‘lsa kerak. Prezident sovg‘alari komplektida nimalar berilishi bo‘yicha tasdiqlangan ro‘yxat bor. Tender savdolarida turli (yetkazib beruvchi) korxonalar g‘olib bo‘lgan bo‘lsa, farqi shundan bo‘lishi mumkin. Uni batafsil ko‘rib, aniqroq ma’lumot kiritsak bo‘ladi. Aniq va batafsil ma’lumotga ega bo‘lmaganimiz uchun qiynalamiz javob berishga”.

XTV axborot xizmatining bergan ma’lumotiga ko‘ra, yuqoridagi holatlar bo‘yicha axborot mas’ullarga yetkazilgan, ayni vaqtda surishtiruv davom etmoqda.

Prezident sovg‘alari jami 11 ta kompaniyadan xarid qilingan

1-sinf o‘quvchilari uchun Prezident sovg‘alarini tayyorlash va yetkazib berish uchun Xalq ta’limi vazirligi qoshidagi “O‘quv ta’lim-ta’minot” DUK tender o‘tkazadi. Bu tenderda g‘olib bo‘lgan korxonalar Prezident sovg‘alari komplektini tayyorlash va yetkazib berish bilan shug‘ullanadi.

“O‘quv ta’lim-ta’minoti” DUK xaridlarni tashkillashtirish bo‘limi Kun.uz'ga bergan ma’lumotga ko‘ra, tender savdosida har bitta lot uchun 8-9 ta korxona ishtirok etgan, so‘ngida esa jami 11 ta lot uchun 11 ta korxona g‘oliblikni qo‘lga kiritgan.

“Bu yil tender uchun jami 117 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ ajratildi. Lekin biz bu summadan ancha past olganmiz, chunki tadbirkorlar chiqib, o‘zining taklifini berayotganda narxni pasaytirishadi. Puldan iqtisod qilingani uchun 117 mlrd so‘m emas, undan pastroq chiqqan. Shunga muvofiq, tadbirkorlar bilan tuzilgan shartnomalar ham pastroq narxlarda bo‘lgan”, – deydi bo‘lim xodimi Go‘zaloy Xudoyberdiyeva.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili ham ayrim o‘quvchilar “Birinchi qo‘ng‘iroq” kunida Prezident sovg‘alarini ololmagandi.

Mavzuga oid