Sport | 20:38 / 07.09.2022
14528
5 daqiqa o‘qiladi

Tuxelning «Chelsi»dagi 589 kuni: YeChLdagi g‘alaba, Konte bilan tortishuv va kutilmagan iste’fo 

«Chelsi» bosh murabbiy Tomas Tuxelni juda kutilmagan paytda iste’foga chiqardi. 

Foto: Getty Images

«Yangi xo‘jayinlar klubni 100 kundan beri boshqarmoqda. Ular «Chelsi»ni rivojlantirish uchun astoydil harakat qilishmoqda. Yangi xo‘jayinlar fikriga ko‘ra, murabbiyni o‘zgartirish vaqti keldi», deyiladi klub matbuot xizmatining iste’foga bag‘ishlangan xabarida. 

Tuxelning «Chelsi»dagi davri qisqa, ammo voqealarga boy bo‘ldi. U 589 kun davom etdi – Frenk Lempardnikidan atigi 18 kun ko‘proq. 

2021 yil 26 yanvar – bosh murabbiy etib tayinlandi;

2021 yil 29 may – Chempionlar Ligasida g‘alaba qozondi;

2021 yil 11 avgust – UYeFA Superkubogida g‘alaba qozondi;

2021 yil 26 avgust – UYeFA tomonidan yilning eng yaxshi murabbiyi deb e’lon qilindi;

2022 yil 17 yanvar – FIFA tomonidan yilning eng yaxshi murabbiyi deb e’lon qilindi;

2022 yil 12 yanvar – klublararo jahon chempionatida g‘alaba qozondi;

2022 yil 7 sentabr – iste’foga chiqarildi. 

• Tomasning bir yarim yillik faoliyatiga yana ikkita mahalliy mukofot sig‘adi – u ikki marta Premer-Ligada oyning eng yaxshi murabbiyi deb topildi (2021 yilning mart va oktyabr oylarida); 

• Tuxelning «Chelsi»dagi so‘nggi transfer oynasi rekord darajada bo‘ldi – klub yangi futbolchilarga 279 million yevro sarfladi; 

• Chempionlar Ligasi guruh bosqichidan o‘rin olgan Zagrebning «Dinamo»siga (0:1) qarshi bahs Tuxelning «Chelsi»dagi 100-o‘yini bo‘ldi. Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, oxirgisi. 

Chempionlar Ligasidagi g‘alaba, yana ikkita sovrin va Konte bilan tortishuv – Tuxelning «Chelsi»dagi eng muhim voqealari 

Tuxel 2021 yilning yanvar oyi oxirida «Chelsi» bosh murabbiyi etib tayinlangandi – o‘sha paytda londonliklar Premer-Liga jadvalining to‘qqizinchi pog‘onasida turishgandi. 

«Chelsi» Tuxel qo‘l ostida birinchi marta faqat aprel oyi boshida mag‘lub bo‘ldi. Ammo zarba kuchli va kutilmagan edi – «Vest Bromvich» «Stemford Brij»da londonliklarni 5:2 hisobida mag‘lub etdi. 

O‘sha mavsumda «Chelsi» APLda 4-o‘rinni egalladi, ammo asosiy yutuq Chempionlar Ligasidagi g‘alaba bo‘ldi. 

1/8 finalda jamoa birorta ham gol o‘tkazmasdan «Atletiko»ni (1:0, 2:0) ortda qoldirdi. 

Chorakfinalda «Portu» (2:0, 0:1) to‘sig‘idan qiyinchilik bilan o‘tildi. 

Yarimfinalda «Real » bilan «Santyago Bernabeu»da 1:1 va «Stemford Brij»da 2:0 hisobi qayd etildi. 

Finalda esa Kay Haversning yagona goli «Man Siti» ustidan g‘alaba keltirdi. 

Avgust oyida Tuxel UYeFA Superkubogini qo‘lga kiritdi - «Vilyarreal» penaltilar seriyasida mag‘lub etildi. 

Tuxel Premer-Liganing 2021/22 yilgi mavsumini kuchli boshladi. Dastlabki olti turda atigi ikkita gol o‘tkazib yuborildi – «Liverpul» va «Man Siti»dan. Yakunda «Chelsi» shu jamoalardan ortda qolib, uchinchi o‘rinni egalladi. 

2022 yil fevral oyida londonliklar klublararo jahon chempionati finalida «Palmeyras»ni 2:1 hisobida mag‘lub etishdi. 

Chempionlar Ligasi g‘olibi unvonini himoya qilishning iloji bo‘lmadi – chorak finalda «Real»dan mag‘lubiyatga uchradi. 

Avgust oyida The Athletic Premer-Liganing 2021/22 mavsumi bo‘yicha tadqiqot o‘tkazdi va Tuxel murabbiylar orasida eng ko‘p bahona izlaganini aniqladi. Ochko yo‘qotganidan keyin bergan 19 ta intervyuning 11 tasida u aybni yengillashtiruvchi omillarni qidirgan. 

Nemis mutaxassisining «Chelsi»dagi so‘nggi yorqin «qilig‘i» «Tottenhem»ga qarshi o‘yinda Antonio Konte bilan yuzaga kelgan mojaro bo‘ldi. Mutaxassislar butun o‘yin davomida bir-biriga gap otishdi, final hushtagidan so‘ng esa mushtlashib ketishlariga sal qoldi. 

Tuxelning «Chelsi»dagi faoliyati mana shu lahzalar bilan yodda qoldi.

Mavzuga oid