Jamiyat | 18:06 / 08.09.2022
43810
7 daqiqa o‘qiladi

90-yillar parlamenti, Karimovga impichment va SSSRda qolish uchun referendum - Oygul Mamatova bilan intervyu

Kun.uz O‘zbekiston SSR Oliy Kengashi deputati Oygul Mamatova bilan intervyu o‘tkazdi.

Sobiq deputat bilan uning siyosatga kirib kelishi, ilk parlamentning nega hozirgacha eslanishi, mustaqillik deklaratsiyasi va O‘zbekiston mustaqilligining e’lon qilinishi, buning uchun kurashgan haqiqiy qahramonlar hamda bugungi kunlar haqida gaplashdik.

— Oygul opa, intervyu uchun tayyorlangan savollarga birma-bir o‘tamiz va ularga o‘tishdan avval sizning siyosatga qanday kirib kelganingiz, Oliy kengashga qanday saylanganingiz haqida gaplashsak.

— Aslida universitetga kirgan paytimga qadar ham siyosatni u qadar xush ko‘rmasdim desam xato bo‘ladi-kuya, lekin badiiy ijodga ko‘proq qiziqardim. Endi o‘ylab qarasam, adabiyotning o‘zi siyosatning ajralmas qismi ekan. Yozuvchilar, ijodkorlar o‘zlarining asarida o‘sha davr hayoti va insonlar taqdirini aks ettiryaptimi, shuning o‘zi siyosatga daxldor. Men ham ijodkor sifatida tumanda ancha tanildim. 80-yillarda maktabda o‘qituvchi bo‘ldim. Rais muovini bo‘ldim. Fermer xo‘jaligi va odamlarning ichida yurib, ularning dardini qog‘ozga tushirib shu tuyg‘u paydo bo‘ldi. Turg‘unlik yillari edi. Aslida uyg‘onish yillari edi. Orada paxta ishi chiqdi. Odamlarimiz yakka hokimlikka qarshi kurash boshladi. O‘sha paytda mening she’rlarim siyosatga kirishimga ko‘prik bo‘lib xizmat qildi. Ayniqsa, 90 yil saylov boshlanishidan oldin shunday takliflar tushdi, o‘shanda «Saylov to‘g‘risida»gi qonunning bitta moddasiga yangi modda kiritildi, 100 kishidan iborat tashabbus guruhlari o‘zlarining nomzodini ko‘rsatishlari va saylov komissiyasidan o‘tkazish huquqiga ega bo‘ldi. Xuddi o‘sha imkoniyat kelib menga nasib qildi. Buning uchun Oqdaryo xalqidan minnatdorman. Ayniqsa, ziyoli sinf o‘qituvchilaridan. 6 va 2-maktabning direktorlari uyimizga kelib, Oygul, sizning she’rlaringizni eshitib yuribmiz. Dangal chiqib gapira olasiz. Hamma narsani tushunasiz. Sizning nomzodingizni deputatlikka qo‘yamiz, deb taklif qilishdi. Bir tomondan xursand bo‘ldim, bir tomondan oilamdan ruxsat olay, o‘ylab ko‘ray, dedim. Bu hazilakam ish emas. Respublika xalq deputati bo‘lish va o‘shandagi muammolarni o‘zingiz bilasiz: paxta yakka hokimligi, gaz va svetning yo‘qligi. Oziq-ovqat programmasi chiqdi. Bu bekorga chiqmadi.

Yeyishga non qolmagach, o‘z-o‘zini boqishni har bir respublikaning o‘ziga tashlashdi. Holat shu darajagacha keldiki, men «Lenin yo‘li» deb nomlangan viloyat gazetasida «Ming savolga bir javob» degan maqola yozgan edim. U paytda kolxozda ishlab yuribman. Raisning oldiga non so‘rab kelishdi. Qog‘oz bering, borib do‘kondan non olay, deb. Rais bu odamning qarzi bor-yo‘qligini so‘radi. Hisobchi keldi-da, uning qarzi borligini aytdi va non bermadi. Xuddi shu narsa menga qattiq ta’sir qildi. Ustozim Ozod Sharafiddinov romanimning so‘z boshisida shu haqda yozib o‘tgan. «Bu voqea Afg‘onistonda emas,O‘zbekistonda bo‘lgan. Oygul shu voyealarni ko‘rib, shu asarni yozgan». Demak, siyosatga kirib kelishimga shu sabab bo‘lgan. Qarang, xalqning ichida yashab, xalqning dardi bilan yurganim sabab. Et bilan tirnoqni ajarata olmaysiz. Oldin iqtisod, keyin siyosat, deyishadi-ku. ammo ikkalasini bir-biridan ajratib bo‘lmaydi. Iqtisod qiynalyaptimi, siyosatning noto‘g‘ri ekanligi kelib chiqdi. O‘sha maqolamda nega o‘zbek paxtasi jahon bozorida shuncha narxda turadi-yu, nega kolxozchiga falon miqdorda to‘lanadi, deb ko‘rsatganman. Nima uchun dehqon nonga pul topa olmaydi-yu, jahon bozorida uni maqtaymiz? O‘sha narsalarni ko‘tarib chiqdim. 90-yillarda shu saylovda nomzodimni qo‘ydim. Ikki maktab meni qo‘llab-quvvatladi. Ikkinchi tomon Kommunistik partiya edi. U Respublika KGB o‘rinbosari Yuriy Sariyevich edi. Juda katta kurash bo‘ldi. Shu uch oy davomida Oqdaryo xalqi hammasi familiyamni eslab qolishgan. Saylovda qatnashib, uchrashuvlarga borganimizda u kishi ham kelib gapiradi. Raykom, raykomning hamma apparati, militsiya u tomonda, u kishini katta-katta mashinalarda olib borishadi. Biz esa o‘qituvchilar bilan bitta mashinani topib, shu mashina bilan aylanganmiz barcha uchrashuvlarni. Odamlar qarab, xulosa qilishdi-da. Men chiqib, agar deputat bo‘ladigan bo‘lsam, faqat tuman emas, paxta ishini hal qilamiz yoki narx-navoni hal qilamiz, degan dastur bilan chiqdik. 18 fevral kuni saylov bo‘ldi. 68 foiz ovoz to‘plab, g‘olib bo‘ldim. Bayram bo‘lib ketdi. Kechasi bilan saylovchilarim tabriklab bayram qilishdi. Rahbariyatdan odam kelib tabrikladi. Bu bir ayol uchun juda katta baxt-da.

«Jannat qushi» romanimni chiqarishga harakat qilib yurganman. Yana juda ko‘p shartlar qo‘yildi. Ijodni tashlashimni aytishdi. Agar deputatlikdan nomzodimni qaytarib olsam, kitobimni chiqarib berishlarini aytishdi. Mashina olib berishmoqchi bo‘lishdi. Qayniakam 12 yilga qamalgan edi. Biz deputat bo‘lmasimizdan oldin Oliy sud raisining oldiga borib, kira olmay rosa ovora bo‘lganmiz. Paxta ishining ichida bo‘lganmiz. Qaynikam qamaldi. Biz esa hech narsa qila olmadik. Ana shularning ham alami bor-da, ichimda. Agar nomzodingdan voz kechsang, akangni qamoqdan chiqaramiz, deyishdi. Turmush o‘rtog‘im bilan qarindoshmiz. Agar yo‘q desam, turmush o‘rtog‘imning o‘zi menga qarshi bo‘lib qoladi-da. Qamalgan akamning otasi 85 yosh edi o‘shanda. U kishining yoniga bordim. Siz nima desangiz shuni qilaman, dedim. U kishi «Bolam, sen u kattalarga ishonma. Agar sen deputat bo‘lsang, sen chiqarasan akangni. Ularga ishonma, ular chiqarmaydi» dedi. Ana shu bilan nomzodimdan kechmaydigan bo‘ldim va birinchi sessiyada borib, paxta ishini ko‘tardik. Yaxshi natijaga erishganmiz.

Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Jahongir Aliboyev.

Mavzuga oid