Bitta sinfda qancha o‘quvchi o‘qishiga ruxsat berilgan? – Mutaxassis javobi
Bir sinfda eng ko‘pi bilan 35 nafar bola o‘qishi mumkin. Oldingi yillarda bu norma buzilgan bo‘lishi mumkin, lekin endilikda elektron raqamlashtirish tizimi orqali tartibga solingan.
Xalq ta’limi vazirligi mutaxassislari ko‘pchilik muhokamasida bo‘lgan bitta sinfda necha nafar o‘quvchi o‘qishiga ruxsat berilgani va bu ta’lim sifatiga qanday ta’sir qilishi haqida ma’lumot berdi.
Vazir o‘rinbosari Temur Komilovga ko‘ra, amaldagi qonunchilikda bitta sinfda o‘quvchi maksimal 35 nafardan ortmasligi kerak. Oldingi yillarda bu norma buzilgan bo‘lishi mumkin, lekin endilikda elektron raqamlashtirish tizimi orqali tartibga solingan.
Vazir o‘rinbosarining gapiga Xalq ta’limi vazirligi moliya departamenti direktori Ilhom Sirojyev qo‘shimcha qildi. Unga ko‘ra, ayrim hollarda sinflarda o‘quvchi soni 35 nafardan kam ham bo‘lib, xonalar ham kamroq sinf o‘quvchisiga moslashtirilgan.
“Olis hudud va moslashtirilmagan binolarda shunaqa holatlar mavjud. Bu yil bir sinfga 35 nafardan ortiq o‘quvchi qabul qilinmagan, lekin oldingi yillari bundan ko‘p o‘quvchilar bo‘lgan. Bu 1-sinfdan 35talik me’yorga tushadi”, – dedi Sirojyev.
XTV o‘tkazgan tadbir davomida vazir o‘rinbosari Temur Komilov sinfdagi o‘quvchilar soni o‘qish sifatiga ta’siri qay darajada ekanligiga ham to‘xtaldi. U 45 minutni 25 o‘quvchiga bo‘lganda ham 2 minutdan to‘g‘ri kelmasligini aytdi.
“Mana amaldagi o‘quv dasturida har bir bolaga individual ajratishga 15 kishi bo‘lsa ham vaqt yetmaydi. Shleyxer tadqiqotlarida ham ta’lim sifati asosan sinfdagi o‘quvchilar soni bilan to‘g‘ri korellyatsiyada emasligi ta’kidlangan”, – dedi u.
XTV ta’lim sifatini oshirish jarayonlarini muvofiqlashtirish departamenti direktori Laziz Xo‘jaqulov zamonaviy ta’limda o‘quvchining soni ta’lim sifatiga ta’sir qiluvchi yagona omil emasligini tadqiqotlar misolida tushuntirdi.
“Sinfdagi o‘quvchilar soni bo‘yicha xalqaro me’yor degan narsa yo‘q. Bu PISA tadqiqotlari bo‘yicha o‘rganilgan. Bu tadqiqotlar dunyoda ta’lim sifatini baholash bo‘yicha tan olingan. Tadqiqotlarda shu narsa ko‘rindiki, BAA kabi boy mamlakatda 22-24 kishi bir sinfda o‘qiydi. Lekin shu bilan bir qatorda natija nuqtai nazaridan 42-43 kishi o‘tiradigan Vetnam bor. Lekin Vetnamning natijalari PISA bo‘yicha BAAdan yuqori. Oldin pedagogikada o‘qituvchi markaz degan tushuncha bor edi. Hozir o‘qituvchi markaz emas. O‘qituvchi o‘qishga yordam beruvchi inson”, – dedi Xo‘jaqulov.
Uning gapini Abdulla Avloniy nomidagi ilmiy-tadqiqot instituti direktori Ayubxon Radjiyev sinf o‘quvchilari soni bo‘yicha dunyo davlatlaridagi holat bilan solishtirdi. Unga ko‘ra, dunyoning 27 mamlakatida bitta sinfda 40dan oshiq bola o‘tiradi. Yana 27 davlatda bir sinfda 30-39 nafar bola o‘qiydi. Ular qatorida Yaponiya ham bor.
“Ta’lim sifatiga ta’sir ko‘rsatadigan faktorlar faqat bola soni emas. Balki katta qismi, mazmun bilan unga yetkazib berilayotgan mutaxassisning mahorati, ya’ni metodologiyaga ko‘proq bog‘liq bo‘ladi. Dunyoda 200ga yaqin davlat bo‘ladigan bo‘lsa, shundan 54tasida 40nafargacha bola o‘tiradi. Va ulardan Yaponiya, Koreya, Xitoy mamlakatlari natijalarini ta’lim sifati nuqtai nazaridan oladigan bo‘lsak, xalqaro tadqiqotlarda havas qiladigan darajada”, –dedi Ayubxon Radjiyev.
Mavzuga oid
11:02 / 19.12.2024
Navoiyda bir maktabdan ketma-ket uch o‘quvchi vafot etdi
09:30 / 04.12.2024
Dunyodagi eng qimmat 10 ta maktab-internat: ularda yillik o‘qish narxi 100 ming dollardan oshadi
23:13 / 28.11.2024
Toshkent viloyatida o‘qituvchi 9-sinf o‘quvchisini kaltakladi
07:30 / 23.11.2024