Jahon | 19:46 / 10.09.2022
27274
18 daqiqa o‘qiladi

Qirolicha endi bu yerda yashamaydi. Yelizaveta Ikkinchining umr yo‘li

Taxtda o‘tirgan har qanday monarxning dunyodan o‘tishi muhim tarixiy voqeadir. Lekin qirolicha Yelizaveta Ikkinchining o‘limi XX asrning ikkinchi yarmi va XXI asrning dastlabki yigirma yilini o‘z ichiga qamrab olgan bir inson umriga teng ulkan davrga intiho yasadi.

Qirolicha Yelizaveta II, 2018 yilning 10 iyuli. Londonda. Foto: Max Mumby/Indigo/Getty Images

Bu nozik ayolning misli ko‘rilmagan kuch-qudrati qirollik hokimiyatining ming yillik an’analariga shaksiz hurmat, umr bo‘yi sadoqatga asoslangan. Qirolicha o‘zini so‘nggi nafasigacha bu an’analar qo‘riqchisi hisoblar edi, deb yozadi publitsist Sergey Nikolayevich.

Qirollik etiketi monarx ayol garderobida qora rangning qachon ishlatilishini aniq-tiniq qilib belgilab beradi. Yelizaveta o‘z turmush o‘rtog‘i Edinburg hersogiga o‘n kun motam tutdi. Qirolicha onasiga esa bir hafta. Malika Dianaga — uch kun. Hamma kampirlar ertami-kechmi hayotning qayg‘uli kunlariga duchor bo‘lib, qora libosga burkanishadi. Yelizaveta Ikkinchi bunday qila olmas edi. Uning uchun motam libosi faqat dafn marosimida edi. Hayotda esa yorqin ranglar, guldor ko‘ylaklar, yengil patlar va ipakdan yasalgan atirgullar yopishtirilgan kulgili shlyapalar. Umuman, odamlar qirolicha paydo bo‘lganida xursand bo‘lishi va olqishlashga mahkum, qo‘rqishi yoki uning qariyaligi va ojizligidan rahmi kelmasligi kerak, deb hisoblardi u.

Bejizga shu yil yozda taxtga o‘tirganining 70 yilligi nishonlanayotganida u Bukinghem saroyi balkoniga chiqishni qat’iy rad etishga harakat qilmagan. U qo‘lidagi hassa bilan ommaga ko‘ringisi,  yurishga qanchalik qiynalayotganini namoyish etgisi, eri Filipp o‘lgach qanchalik o‘zini oldirib qo‘yganini ko‘rishlarini istamagan. Lekin bu — burch. Boz ustiga, o‘g‘li shahzoda Charlz «Oyi, xalqqa ko‘rinish berish kerak. Ular tushunadi», deya qistalang qilgan deyishadi.

U juda bardoshli stoik edi. Britaniya imperiyasining so‘nggi askari edi. Imperiya allaqachon o‘chgan, u esa tirik edi. Barchasi eski ipak matodek sirg‘alib, tarqalib, buzilib, vayron bo‘lib, talamon bo‘lib ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Faqat u o‘z postida edi. Xizmat vazifasida. Shlyapa, o‘ng qo‘liga ilingan sumka, qo‘lqoplar, og‘ir-vazmin, ayrim hollarda esa teshib o‘tgudek o‘tkir nigoh. Holbuki, tabiatan Yelizaveta aslo qattiqqo‘l emasdi. Shunchaki besabab jilmayishni yomon ko‘rardi. Kinoyulduzlarga tabassum yarashadi. Uning onasi chiroyli tabassum qilardi, qirolicha-ona o‘zining shohona tabassumi bilan hech kimni benasib qoldirmasdi. Yelizavetaga bu yuqmagan edi. Ba’zan u bundan afsus ham qilardi.

Qirolicha Yelizaveta II Balmoraldagi darvoza oldida. 2021 yilning 9 avgusti. Foto: Jane Barlow - WPA Pool/Getty Images

— O, agar hozir shu yerda onam bo‘lganida, xalq bundan uch barobar ko‘proq yig‘ilardi, — degan u kunlarning birida qandaydir ikkinchi darajali yig‘inda o‘zi paydo bo‘lganidan so‘ng odamlarning kamligini ko‘rganda.

Qirollik oilasi Buyuk Britaniyada qiziqishdan qolgan davrlar ham bo‘lgan. Bu 60-yillarning oxiri — 70-yillarning boshi. O‘shanda yoshlar namoyishi, «Bitlz», Tviggi mini-yubkalarning urfga kirishi, Oyga inson qadami yetishi fonida ular umidsiz qoloq, zerikarli, barcha tugmalari o‘tkazilgan, o‘zlariga xos ko‘hna va qadimiy Queen’s Englishda so‘zlashadigan insonlar bo‘lib ko‘ringan edi. Ayniqsa bu BBC 1969 yilda Balmoral qasriga kameralar o‘rnatib, Vindzorlar oilasi haqida ilk hujjatli film ishlaganida yanada yaqqol namoyon bo‘lgan. Aslida, bu Edinburg hersogidan chiqqan g‘oya edi — xalqqa yaqinroq bo‘lish uchun. Shu maqsadda qirolichani kichik o‘g‘li shahzoda Edvard bilan do‘konga allaqaysi narsani xarid qilishga jo‘natishadi. Sumkasidan karmonini chiqarib, ichidan o‘zining tasviri tushirilgan tangalarni olib, ularni qiynalib sanayotganini ko‘rishning o‘zi u bu ishni hech qachon qilmaganidan dalolat berib turardi. Bu hattoki, odamning ko‘nglini yumshatadigan darajada qiziq edi.

Yoki malika Diananing o‘limidan so‘ng monarxiyaning reytingi qulay boshlab kiritik ko‘rsatkichlarga yaqinlashgach, qirolichani negadir London pablaridan biriga «xizmat safari»ga jo‘natishadi. Holbuki u qirollik oilasida pivodan jirkanadigan yagona inson ekanligini barcha bilardi. Lekin shunda ham barmen bilan lutf alishgach, unga bir kanistr filtrlanmagan pivo sovg‘a qilishadi.

«Bu oilangizdagi erkaklar uchun, mem! — deydi barmen, so‘ng ovozini biroz pastlatib, mug‘ombirona qo‘shib qo‘yadi: — Albatta, oyingiz uchun ham!» Bunga qirolicha kiprik qoqmasdan javob qaytaradi: «Menimcha, bu kanistr oyimning o‘zidan ortmasa kerak».

Qirolicha Yelizaveta II Avstraliyaga safari chog‘ida, 1970 yilning apreli. Foto: William Lovelace/Daily Express/Getty Images

Umuman, Yelizaveta Ikkinchida oniy hozirjavoblik va o‘ziga xos yumor hissi bor edi. O‘ta britancha, bosiq, biroz kulgili sovuqlik, sanchib oladigan o‘ynoqilik, quvnoq topqirlik va pichingga yo‘g‘rilgan va buni tushunadigan, baholay oladiganlarga mo‘ljallangan yumor. Biroq juda ko‘p holatda uning atrofidagilar yengil falaj bo‘lib qolib, lablarini faqat «Yes, mam!» yoki «No, mam!» deyishgagina juftlay olishardi. U esa qo‘llarni siqishda, savol berishda va vaziyat taqozo etsa hazil qilishda davom etardi.

Qariyb yuz yoshida Yelizaveta bir necha marta barchaning muhabbatiga sazovor bo‘lish davrlarini boshdan kechirdi. Birinchisi, hali qizaloqligida u opasi malika Margaret bilan tushgan surati poytaxt va provinsiyadagi barcha do‘konlarga joylashtirildi. Bu portretlar rangli jurnallardan qirqib olindi, ularni fotoatelelarda maxsus buyurtma qilishdi, gazeta ko‘shklarida ulgurji va chakana xarid qila boshlashdi. Ideal mitti malikalar. Urush iskanjasida qolgan Yevropada tinchlik va xotirjamlik ramzlari bo‘lishdi.

Malika Yelizaveta singlisi Margaret bilan. 1940-yillar Foto: Nypost.com

Ularning bolalik fotosurati Amsterdamdagi Anna Frank uy-muzeyida ham bor. Axir ular tengdosh edilar. Yurti bosib olingan Anna o‘shanda ham britaniyalik malikalar haqidagi har bir xabarni yutoqib kutardi: Ular Londonda, bombalar ostida qanday kun kechiryapti ekan-a, deb. Aslida, ular Vindzor qasridan boshpana topishgan edi. Kanadaga evakuatsiya qilish haqida ham gap-so‘zlar bo‘layotgan edi. O‘shanda ona-qirolicha o‘zining tarixiy so‘zlarini aytgan: «Malikalar doim men bilan bo‘lishadi. Men hech qachon qirolni tashlab ketmayman, qirol esa Angliyani tark etmaydi». Shunday bo‘lib ham chiqdi. «Bizning to‘rtligimiz», — derdi o‘zi va oilasi haqida qirol Jorj VI.

Shundan so‘ng Yelizaveta o‘sib ulg‘aydi, tillasochli norg‘ul yunon shahzodasi Filippning rafiqasi bo‘ldi. Butun Britaniya, albatta, rashk qildi. Nega endi yunon? Yana tomirida nemis qonlari oqayotgan? Lekin Filippni rad etish oson emasdi. Valiahd tug‘ilgach, Yelizavetani yanada qattiqroq yaxshi ko‘rib qolishdi.

Malika Yelizaveta (keyinchalik qirolicha Yelizaveta II) va uning kuyovi Filipp Mauntbetten nikohlari e’lon qilingach Bukinghem saroyida. 1947 yilning 10 iyuli. Foto: Topical Press Agency/Hulton Archive/Getty Images

Shundan so‘ng qirol Jorj IVning o‘limi, toj kiydirish marosimi va hukmronligining dastlabki yillari bo‘ldi. Bugundan turib qaralsa o‘shanda uning gardaniga qanchalik og‘ir yuk kelib tushganini anglash mumkin. Bularning barchasiga chidash va sabr qilish kerak edi! XX asr ikkinchi yarmining barcha asosiy voqealari markazida bo‘lish. Shu holatda ham qirollik masofasini saqlay olish. Barcha siyosatchilar va davlat rahbarlari bilan shaxsan tanish bo‘lish, biroq oddiy odam va qirolichani ajratib turuvchi chiziqdan qadam bosib o‘tmaslik.

U katta buvisi qirolicha Viktoriya singari dono hukmdor obraziga darhol kirishib keta olmadi, unda Indira Gandining salobati, Jaklin Kennedining tug‘ma zeboligi, Margaret Tetcherning hukmdorlik quvvati yo‘q edi. Bu ayollar oldida u, ehtimol, juda jo‘n va sodda ko‘ringandir. Yelizaveta bu haqda bilar, lekin bundan aslo tortinmasdi. Uning jiyani shahzoda Maykl Kent o‘zi tanlagan qiz, nasabdor baronessa Mariya Kristina fon Reybnitsga uylanayotganida, qirolicha behazil so‘ragan: «Kelinimiz biz uchun nihoyatda katta grand-xonim emasmi?» Ya’ni Mariya «qirolichalik» qilishga haddan ziyod kirishib ketmasmikan, degan mazmunda.

Darvoqe, mana shu yerda ichki tuyg‘usi qirolichani aldamagan edi. U o‘sha vaqtning o‘zida nosamimiyat, soxtalik va hisob-kitobni ko‘rgan edi. O‘zi juda kamtar, hattoki tortinchoq inson bo‘lganigamikan, bayramona va shohona dabdabani unchalik xushlamas, imkon tug‘ildi deguncha insonlardan ko‘ra ko‘ppaklari va otlari bilan «suhbatlashish»ni ma’qul ko‘rardi. Unda so‘nggi soniyalargacha qishloq ayoli yashadi. U qishloq yarmarkalarini sevar, u yerda qo‘lda to‘qilgan paypoqlar, jun kardiganlar va sviterlarni Mavlud sovg‘alari sifatida xarid qilar edi. Qasrlar doimo salqinroq bo‘ladi. Shu sababli qirolicha uchun eng zo‘r sovg‘a — to‘qilgan g‘ilof ichidagi isitgich edi. Qo‘l-oyoqlari ming xil tashvish bilan bog‘langan bo‘lmasin, u qo‘lidan kelgancha o‘z yaqinlari va atrofidagilarning hayotini oddiy insonlar hayotiga o‘xshatishga harakat qilardi. Buni o‘zining burchi, agar ta’bir joiz bo‘lsa, dunyoga kelishidan maqsadi deb bilardi! Balandparvoz gaplardan doim qochishga harakat qilardi.

Qirolicha Yelizaveta II va shahzoda Filipp Shotlandiyadagi Balmoral yerida kumush to‘yni nishonlamoqda. 1972 yilning sentabri. Foto: Fox Photos/Hulton Archive/Getty Images

Etiket bo‘yicha qirolichaga savol berish mumkin emas, uni teginish, hattoki mashinadan tushishda ko‘maklashish uchun qo‘l uzatish mumkin emas. Doim o‘zi, doim yakka o‘zi. Edinburg hersogi ham kadrda faqat qirolicha bo‘lishi uchun tavoze bilan tislanishga ko‘nikib qolgan. U qirolicha ham edi-da! Davlat rahbari, Anglikan cherkovi rahbari, Qurolli kuchlar oliy bosh qo‘mondoni, Hamdo‘stlik davlatlari rahbari. U nafaqat buyuk Britaniya, butan inglizsakson sivilizatsiyasini, ayollarga xos sog‘lom fikr hokimiyati, qirollik unvoni hokimiyatini tamsil etardi. Bu hokimiyat burchining o‘zi edi.

Agar o‘ylab qaralsa, o‘zining 70 yillik hukmronligi davrida Yelizaveta Ikkinchi duch kelgan oilaviy krizislarning barchasi zamirida bitta holat yashirin edi: qirollik burchi va saroy qonun-qoidalari oddiy insoniy baxtga bo‘lgan ehtiyoj bilan to‘qnash kelardi.

Barchasi amerikalik juvon tufayli taxtdan voz kechgan uning amakivachchasi Deviddan boshlangan. Keyin singlisi Margarentning baxtsiz sevgi kechmishi ro‘y berdi. U oilasidan ajralgan erkakni deb barcha burch va qirollik imtiyozlaridan voz kechib, butun umr bundan afsuslanib o‘tdi. To‘rt bolasidan uchtasining oilasi buzilgani, Diananing o‘limi, shahzoda Endryuning shubhalarga to‘la, hattoki jinoyatkorona aloqalari, Garri va Meganning yaqinda AQShga qochib ketishi... Bularning hammasi non-stop rejimida jamiki telekanallar efirlari, barcha saytlar va gazetalarning asosiy sahifalarida yoritilib turdi. Bu tuganmas serialni ko‘tarish uchun Yelizaveta kuchni qayerdan topgan ekan, deb o‘ylanib qoladi, kishi. Uning o‘zi bu borada nima fikrda bo‘lgan?

Qirolicha Yelizaveta II, Sassek hersoginasi Megan va Sassek hersogi shahzoda Garri. Foto: Max Mumby/Indigo/Getty Images

Taassufki, bu borada birorta hujjatli dalil yo‘q. Axir qirolicha umri davomida biror marta intervyu bermagan. Biroq aytishlaricha u 9 yoshidan boshlab kundalik yuritgan va unda muhim voqea-hodisalarni qayd qilib borgan. Yana banketlardan birida 1992 yilni Annus horribilis — «dahshatli» deb ataganining videoyozuvi bor. O‘shanda ilk bora uning shamollagan tovushida o‘lasi qilib haqoratlangan insonning dilsiyohligi mujassam bo‘lgan edi. Bularning barchasi nima uchun? Diana bilan mojarolar kam edimi, bolalarining ajrashishlari yetmasmidi, bunga qo‘shimcha ravishda Vindzorda yuz bergan dahshatli yong‘in yangi falokatlarning elchisidek bo‘ldi. O‘shanda Buyuk Britaniya unda qirolichani emas, ilk marta nimadandir shikoyat qilgan, ko‘zoynak taqqan boshlang‘ich sinflarning qartayib qolgan va g‘amgin o‘qituvchisini ko‘rgandek, uni qaytadan yaxshi ko‘rib edi. Boz ustiga, e’tiroz endilikda uncha-muncha odam ishlatmaydigan lotin tilida yangragan edi. Ammo hamma bir narsani anglagandi: hozir qirolicha bo‘lishning ayni fursati!

Yelizavetaning butun umri cheksiz xizmatkorlikdan iborat bo‘ldi. Uning Mavlud arafasidagi nutqlari — stoitsizmning yengilgina va’zi. Sizif haqidagi mif — bu uning mifi. Alber Kamyu uni o‘z falsafiy asari tiliga joylashtirgan bo‘lsa, Yelizaveta Ikkinchi —qirollik bayonnomasi tiliga. Ammo mif mohiyatan bitta. Itoatkorlik — taqdirga tan berishning eng ishonchli usuli ekanligi haqida. Sabr — bu ilohiy ne’mat, uni quvvatlab butun umr davomida tarbiyalab borish kerakligi haqida. G‘olib hech narsaga ega bo‘lmasligi haqida.

Yelizaveta va Filipp urush davri odamlari edi. Urush ularning yoshligini ham yoqib yuborgan, xarakterlarini charxlagan. Filipp Britaniya qirollik floti zobiti sifatida harbiy harakatlarda ishtirok etgan. Yelizaveta 16 yoshida harbiy transport haydovchiligiga imtihon topshirgan. U hech qachon yuk mashinalari va og‘ir yuk tashuvchi transportlar ruliga o‘tirishdan hayiqmagan. Oxirigacha o‘zi mashina haydashni yaxshi ko‘rardi. Tezlikni sevardi. Kenglikni sevardi. Mana, nima uchun barcha qirollik qarorgohlari ichida Yelizaveta yoshligidan Balmoral — kengliklar ichra kilometrlab yo‘l bossa-da, birorta paparatssi kamerasining nishoniga to‘g‘ri kelmaydigan joyni yaxshi ko‘rar edi. Butalar ortida uni poylab turgan tansoqchilarini unutib, tabiat bilan qorishib ketiladigan joyni. Jonini ham shu yerda Yaratganga topshirganida ham qandaydir ramz bor emasmi?

Qirolicha Yelizaveta II o‘z avtomobili rulida. Angliya. Vindzor. 2021 yilning 2 iyuli. Foto: Max Mumby/Indigo/Getty Images

2020 yilning bahorida lokdaun e’lon qilinishidan oldin qilgan chiqishida u Filipp ikkilarining sevimli shlyageri, urush davridagi yoshlarning gimni We’ll meet again’dan iqtibos keltirgani esga tushadi. «Biz yana uchrashamiz». Uni taniqli Vera Linn ijro etgan. O‘shanda ularning barchasi hayot edi: Filipp ham, Vera ham, vrachlarga yordam uchun 12 million funt yig‘gan yuz yoshli veteran ham. Yelizaveta uni Vindzor qasrida ritsarlar safiga qabul qiladi. Ikki yil ichida hech kim qolmadi. We’ll meet again so‘zlari esa yangi qayg‘uli ma’no kasb etdi.

Albatta, ularning barchasi u yerda uchrashishadi. Uning sevimli eri ham, ancha avvalroq ketgan tengdoshlari ham, ular birgalikda avval oltin, keyin brilliant to‘ylarini nishonlagan juftliklar ham. Qirolichasiz o‘z hayotini tasavvur qila olmaydiganlar ham.

Aslida ortda qolgan bizlar, buni unchalik anglay olmaymiz. Go‘yoki ortimizda yuk ko‘tarib turgan devor qulab, Bukinghem saroyi tomi ostida sag‘irona bo‘sh shtandart manzarasini, ko‘kimtir bulutlarga to‘lgan baland kuz osmonini ham ochib bergandek. Qirolicha endi bu yerda yashamaydi.

Mavzuga oid