Tanqidiy izohlar sababli o‘chirilgan post yoxud “chinovnik”lar va oddiy xalq o‘rtasidagi jarlik haqida
5 sentabr kuni Tanzila Norboyevaning Facebook’dagi sahifasida e’lon qilingan post istehzoli izohlar yomg‘iriga duchor bo‘ldi, shu sababmi, ko‘p o‘tmay u post o‘chirildi. Ushbu voqeaga e’tibor qaratgan Kun.uz muxbiri o‘zbek mansabdorlari va oddiy xalq o‘rtasidagi “jarlik” xususida jurnalist Sanjar Said va Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zosi Asliddin Kamolovlar bilan suhbatlashdi.
“Amaldorlar hayotdan uzilib qolgan”
– Sanjar, Tanzila Norboyevaning postiga siz ham munosabat bildirgan edingiz. Ayni paytda ijtimoiy tarmoqdan o‘chirib yuborilgan postning nimasi g‘ayritabiiy tuyuldi?
Sanjar Said, jurnalist va Jamoatchilik bilan aloqalar (PR) bo‘yicha mutaxassis:
– G‘ayritabiiy tuyulgan narsa – postdagi notabiiylik va voqelikdan, reallikdan uzoqlik. Sababi post judayam hissiyotlarga berilib, pafos bilan yozilgan. Yozgandimki, «daftar-kitob ko‘targan o‘quvchi-yoshlarni ko‘rdim», debsiz, hozirgilar daftar-kitobni qo‘lda ko‘tarib yurmaydi», deya matnga e’tiroz bildirgan edim.
Men bu matnni kim yozib berishini bilmayman, ammo u voqelikdan yiroq odam. Buni Norboyevaning o‘zi yozgan deb hisoblamayman. PR bilan shug‘ullanadigan mutaxassislar buni yozgan. Bu yerda siyosiy ehtiyotkorlik bo‘lishi ham mumkin. Buni tez-tez kuzataman. Misol uchun, Senat raisining oxirgi postlaridan birida xotin-qizlar masalasiga bag‘ishlangan xalqaro tadbir ishtirokchilariga prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov Shavkat Mirziyoyevning tabrigini o‘qib eshittirgani haqida gap ketadi.
Tanzila Norboyeva O‘zbekistondagi voqelikka bevosita ta’sir o‘tkaza oladigan va uning oqimini burib yuborishga qodir bo‘lgan muhim amaldorlardan biri. Lekin Tanzila Norboyevaning jamoatchilik bilan aloqalari yoki ijtimoiy tarmoqlarda qoldirayotgan postlari asosan tadbir va majlislarning e’lonlaridan iborat.
– Ya’ni shaxsiy fikrlar emas. Chet eldagi siyosatchilarni kuzatadigan bo‘lsak, asosan shaxsiy fikrini beradi...
– To‘g‘ri, xorijdagi siyosatchilar voqea-hodisalarga munosabatini beradi. Ya’ni odamlar eng ko‘p muhokama qilayotgan, e’tiroz bildirayotgan yoki shov-shuv bo‘lgan voqea-hodisalarga munosabatini bildiradi. Lekin Senat raisining sahifalarida bu narsani uchratmaysiz. Avvallari yaxshiroq yoritar va xalqqa yaqindek ko‘rinardi. 5 sentabrdagi postga qilingan e’tirozlar matnning tuzilishi yoki juz’iy kamchiliklarga emas, balki nega shuncha muammo bo‘lib turib, boshqa narsani yorityapsan degan e’tirozlardan iborat.
– Yuqorida o‘zbek amaldorlari xalqdan uzoqlashib qolgandek ko‘rinadi dedingiz. Tanzila Norboyeva ushbu postni ulashgan paytda ota-onalar darsliklar qimmatlashganini qizg‘in muhokama qilayotgan edi. Mamlakatdagi rasman ikkinchi shaxs hisoblangan Senat raisi bunga hech qanday munosabat bildirmadi. Chetdan qaraganda amaldorlarimiz yashayotgan dunyo boshqa bir reallik, fuqarolar yashayotgan dunyo boshqa bir reallikdek tasavvur uyg‘otadi.
– Shunday, yozgan izohimda ham siz aytgan holatga ishora qilgandim. Ya’ni postda daftar-kitob o‘qiyotgan o‘quvchilar deyilyapti. Vaholanki, bugun birinchi o‘quv kuni, ular hali darsliklarni qo‘liga olgani yo‘q. Ularda faqat daftar ko‘targan bo‘lishi mumkin deb e’tiroz ham bildirgandim.
– Yana izohingizda yo‘llardagi tirbandlikni ko‘rdingizmi deya izoh qoldirgansiz. Ya’ni o‘sha kuni barcha o‘quv muassasalarida o‘quv jarayonlari boshlangan. Hamma yo‘lda tirbandliklar kuzatilgan. O‘zim ham yarim soatlik yo‘lni bir soatdan oshiqroq vaqt mobaynida bosib o‘tdim. Shu ko‘pchilik qatori sizning ham e’tiboringizni tortibdi.
Asliddin Kamolov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zosi:
– Buni bekorga so‘ramadim. Sababi 4 sentabr kuni Buxorodan Toshkentga qarab mashinada yo‘lga chiqdim. To‘rt kun avvaldan bilet ishlashga tushganman. Vaholanki, 4 kun oldin bir haftalik poyezdlarga biletlar yo‘q. Avtobuslarda ham, samolyotlarda ham bilet yo‘q.
Moskvada yashaganman. Agar siz u yerdan 8:10 da poyezdga chiqishingiz kerak bo‘lsa, soat sakkizda kelib, bemalol 5-10 daqiqada bilet sotib olib, yo‘lga chiqib ketishingiz mumkin. U yerda bir necha kun oldin bilet sotib olib yo‘lga chiqish degan narsa yo‘q. Lekin bizda shu narsa bor. Bu birinchidan.
Ikkinchidan, viloyatlararo qatnovchi taksilarning yo‘lkira narxlari ikki barobar qimmat bo‘lib ketgan. Chunki o‘sha kunlar hamma Toshkentga qarab yo‘lga chiqqandi. Samarqanddan Toshkentga bo‘lgan masofada tirbandlik. Respublikaning hamma mashinalari xuddi Toshkentga qarab yurganga o‘xshaydi. Bu norozilikka sabab bo‘lishi tabiiy. Sababi bu – hukumatning yillar davomida yo‘l qo‘ygan kamchiliklarining oqibati.
Masalan, mahalliy aviareyslarni oladigan bo‘lsak. O‘quv yili arafasida talab oshib ketishini oldindan taxmin qilish mumkin edi. O‘sha kunlarda viloyatdan bittadan reys qatnasa Toshkentga, tig‘iz paytlarda ikki-uchtagacha ham ko‘paytirish mumkin edi. Lekin bunday ishlar qilinmagan. Reyslar odatiy tarzda qatnab turibdi.
O‘quv jarayonlari boshlanganidan keyin shahar ko‘chalarida doimiy tirbandlik va jamoat transportining yetishmasligi kuzatiladi. Buni hamma ko‘rib turibdi, bu haqda kimdir gapirishi kerak. Agar muammoga 24 soat ichida munosabat bildirilsa, bu jamoatchilikning noroziligini to‘xtatadi. Biroq o‘sha kunlarda birorta amaldorning rasmiy munosabat bildirganini uchratmadim. Faqat senat raisi emas, boshqa amaldorlarning lentasida ham bu holatga hech qanday munosabat bildirilmagan.
Norboyevaning postiga izoh qoldirganimdan qoldirilayotgan izohlarni kuzatib turdim. Menimcha, mana shu savollar ko‘paygani sababli post o‘chirilgan. Senat raisi o‘zini jamoatchilik uchun ochiq shaxs sifatida taqdim etishga intiladi, lekin Telegramdagi postlariga izoh qoldirish funksiyasini o‘chirib qo‘ygan.
– Facebook’dagi postning o‘chirilishi sizningcha nimani anglatadi?
Sanjar Said, jurnalist va Jamoatchilik bilan aloqalar (PR) bo‘yicha mutaxassis:
– Menimcha, bu to‘laqonli noprofessionallikdan darak. Yana bir marta takrorlamoqchiman. Bu postlarning yozilishi va e’lon qilinishiga Tanzila Norboyevaning aloqasi borligiga men ishonmayman. Ya’ni o‘zi yozib, o‘zi e’lon qilishmaydi. Ya’ni uning orqasida bitta jamoa ishlasa, ana shu jamoaning PR bo‘yicha hech qanday tajribasi yo‘qligidan dalolat. Ular xato qilishni emas, xatoga yaqinlashishni istashmaydi.
Vaholanki, xato qilinmasa, odam to‘g‘ri yo‘lni topa olmasligi mumkin. Ikkinchidan, bu jur’atsizlik, qo‘rqoqlik. Bu jamoada ishlaydigan odam adabiyotshunos, hattoki jurnalist ham bo‘lmasligi kerak. U odam haqiqiy PR mutaxassisi bo‘lishi kerak. Ular nima qilishdi? Muammo yuzaga kelganda shartta ko‘zlarini yumishdi. Tuyaqushga o‘xshab, qumga boshlarini tiqishdi.
– Tanqidlar va istehzolarga sabab bo‘lgan postning o‘chirilishi Tanzila Norboyevaning tanqidlarga toqatsizligini bildiradimi?
– Tabiiyki shunday. Menimcha, izohlarga ko‘zi tushib qolib, bu nima ahvol deb urishgan bo‘lsa, ular hech narsa bo‘lmagandek o‘chirib qo‘yishdi va katta xatoga yo‘l qo‘yishdi. Hammasi esdan chiqib ketadi deb o‘ylashdi. Qilinishi kerak bo‘lgan ishlar orasida eng noto‘g‘risi maga shu – postni o‘chirish bo‘ldi.
– Asliddin, siz 5 sentabr kuni kuzatilgan tirbandlik haqida yozgandingiz. Biz ko‘rgan narsani amaldorlar ko‘rmaganligining sababi nimada, sizningcha? Nega muammolarni jamoatchilikni qiynayotgan qiyinchiliklarni ko‘rishmaydi?
Asliddin Kamolov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zosi:
– Asosiy sabab amaldorlarning rahbarlar bilan orasi uzilib qolganligidir. Ko‘ramiz ko‘pchiligi kortejlarda yurishadi. Senat raisi bo‘ladimi, Akmal Saidov bo‘ladimi, ular maxsus mashinalar kuzatuvida, tirbandliklarga tushmasdan harakatlanadi. YHXX xodimlari ularning o‘tib ketishini ta’minlaydi.
– 5 sentabr kuni ishga-o‘qishga qanday yetib keldingiz?
– Uydan chiqib metroga chiqdim. Metrodan keyin taksiga chiqaman. Metrodagi ahvolni gapirmasa ham bo‘ladi. Tashqariga chiqdik, ishxonamning yonida biror marta tirbandlik kuzatilmagan bo‘lsa ham, o‘sha kuni tirband edi. Nafaqat o‘sha kuni, balki o‘qish boshlangan kundan beri bizda tirbandlik kuzatilyapti. Bu hududda o‘quv jarayonlari boshlangan vaqtda o‘tgan yili yashamaganman. Bu yerda yashagan odamlarning aytishicha, avvallari tirbandlik ko‘lama bu daraja bo‘lmagan ekan.
Sanjar Said, jurnalist va Jamoatchilik bilan aloqalar (PR) bo‘yicha mutaxassis:
– PR mutaxassisi sifatida fikr bildirmoqchi edim. O‘zbekistonda bu soha mutaxassislarini tayyorlash endi-endi yo‘lga qo‘yilyapti. Shu narsaga ko‘proq urg‘u berilishi kerak deb hisoblayman. Chunki bugunga kelib jamoatchilik bilan aloqalarning miqyosi, ko‘lami har qachongidan ham ko‘ra kengaydi. Hamma bir vaqtning o‘zida jurnalist, bloger. Fuqarolar avvalgiday passiv kuzatuvchi emas, balki ijtimoiy faollarning soni ancha oshgan. Buning natijasida odamlar tajovuzkor axborot tarqatuvchiga aylanmoqda. Bunday holatda jamiyatdagi muammolarni PR fani nuqtai nazardan nazariy jihatdan o‘rganish, to‘g‘ri yechimlarni topish talab etiladi.
Ko‘pincha PR xizmatlariga jurnalistlar ishga olinadi. Ammo bu to‘g‘rimas. Chunki jurnalistika va PR boshqa-boshqa sohalar. Ular bir-biriga qarama-qarshi, dushmanlarga o‘xshaydi aslida. Jurnalist inqirozli vaziyatni vujudga keltiradi. Piarchi uni bartaraf etadi. Hozir PR mutaxassislari yetishmayotgani sababli mana shunday muammolar vujudga kelmoqda.
Aslida piarchini shaytonning advokati deyishadi. Tanzila Norboyevani qo‘ya turing, O‘zbekistonda jamoatchilik eng yomon ko‘radigan amaldorlarni ham oppoq qilib ko‘rsatish mumkin.
“Postning o‘chirilishiga Senat matbuot xizmatining aloqasi yo‘q”
Oliy Majlis Senati raisining matbuot kotibi Hojiakbar To‘laganov ijtimoiy tarmoqda yozib qoldirilgan postni Tanzila Norboyevaning o‘zi o‘chirgani, bunga esa internet foydaluvchilarining turli-tuman izohlari sabab bo‘lganini bildirdi.
– Senatda ish boshlaganimga hali bir oy ham bo‘lmadi. Mening nazarimda Senat va Senat raisining faoliyati qolgan davlat idoralari, tashkilotlari hamda ularning rahbarlari faoliyatiga nisbatan ancha ochiq deb o‘ylayman. Senat axborot xizmatiga ishga o‘tishimga sabab bo‘lgan omillardan biri ham aynan shu masala.
Postning o‘chilishi Senat raisining tanqidlarga toqatsizligiligini anglatadimi degan savolingizga quyidagicha javob bermoqchiman: e’tibor qilgan bo‘lsangiz ushbu post Senat raisining Telegram va Instagramdagi sahifalarida turibdi, lekin Facebook’dagi sahifalaridan o‘chirilgan. Postning o‘chirilishicha matbuot xizmatining aloqasi yo‘q.
Senat raisi bilan bu masalada gaplashganimizda postga turli xil istehzoli fikrlar, turli xil munosabatlar bildirilgani aytib o‘tdilar. to‘g‘ri, ularning orasida asosli tanqidlar ham bor, ko‘rib chiqilishi kerak bo‘lgan masalalar ham bor. Lekin aksariyat qismi asossiz tanqid va fikrlardan iborat bo‘lgani uchun bu holat yana urchib, davom etishining oldini olish maqsadida Facebook’dan o‘chirildi. Bu tanqidga toqatsizlik deb bilmayman. Agar shunday bo‘lganda post Telegram yoki Instagramdan ham o‘chirilgan bo‘lardi.
– Lekin Telegramdagi postga kuzatuvchilar izoh qoldira olmaydi, bu funksiya o‘chirib qo‘yilgan. Nima uchun bu funksiya yoqilmagan? Nega Facebook’dagi asossiz, nosamimiy izohlar o‘chirilib, adekvat fikrlar qoldirilmadi?
– Balki o‘shanday izohlarni o‘chirib, boshqalarini qoldirgan yaxshidir. Lekin Senat raisi o‘zlari postni o‘chirganlar, nazarimda. Kimdir izohlarni filtr qilishi ham menimcha yaxshi emas. Undan ko‘ra uni o‘chirgan yaxshi. Chunki bunday vaziyatda ijobiy izohlar qoldirilyapti, mana bunaqa izohlar o‘chirilayapti degan fikrlar yuzaga kelishi mumkin. Shu bois nazarimda post to‘liq o‘chirilgan.
– Post e’lon qilingan 5 sentabr kuni Toshkent ko‘chalarida 10 balli tirbandliklar kuzatilgandi. Ayni o‘sha kecha-kunduzda darsliklar ijarasi narxning qariyb 3 barobar oshirilgani eng ko‘p muhokamalarga sabab bo‘lib turgandi. Lekin Senat raisi avvalgi yillardan farqli o‘laroq odamlarni qiynab turgan muammolarga kamroq e’tibor berayotgandek. Tirbandlik va darsliklar ijarasi bo‘yicha ham na Senat raisi va na boshqa senatorlar munosabat bildirishmadi. Hozirgi Tanzila Norboyeva nima uchun avvalgi yillardagisiga o‘xshamayapti? Bu masalada qanday izoh bera olasiz?
– Savollaringiz o‘rinli. Senatda faoliyat boshlaganimdan beri rais bilan deyarli har kuni yuzma-yuz uchrashaman. Sababi ochiqlik, shaffoflik masalalariga Senatda e’tibor juda yuqori. Ilgaridan yuqori bo‘lgan, buni o‘zingiz ham ta’kidlab o‘tdingiz.
Keyingi paytda dolzarb masalalarga nima uchun kam e’tibor berilyapti degan savolingizga kelsak, o‘tgan avgust oyida Toshkent shahrida ShHTga a’zo davlatlar ayol rahbarlarining forumi bo‘lib o‘tdi. Oliy Majlis Senatori bu tadbirning asosiy tashkilotchilaridan biri edi.
Bugungi kunda Senat raisining kun tartibi juda tig‘iz. Ayrim masalalarga qandaydir ma’noda vaqt ajratishga imkoniyat bo‘lmayotgandir, bu vaqt yetishmayotgani sababli deb bilaman. Senat raisi ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimga e’tibori ancha susayib qoldi deya bir necha marta ta’kidlab o‘tgandilar bungacha ham. Oldimizda turgan tadbirlarimizni o‘tkazib bo‘lganimizdan keyin bu masalaga yana jiddiy e’tibor qaratishlarini aytgandilar.
Jamshid Niyozov suhbatlashdi
Tasvirchi va montaj ustasi: Abduqodir To‘lqinov
Mavzuga oid
23:49 / 20.12.2024
O‘zbekistonning migratsiya siyosatini ishlab chiqishda Xalqaro mehnat tashkiloti ham ishtirok etadi
17:20 / 18.12.2024
Kelgusi yilda ta’lim va fan sohasiga 86,3 trln so‘m yo‘naltiriladi - Tanzila Norboyeva
17:03 / 25.11.2024
O‘zbekistonda «Zo‘ravonlikka qarshi 16 kun faollik» tadbirlariga start berildi
16:12 / 22.11.2024