Toshkent shahar ekologiya boshqarmasi boshlig‘i qamoqqa olindi
Farhod Dehqonov mansab vakolatini suiiste’mol qilishda gumonlanyapti. Bosh prokuraturaning Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, u tadbirkorga daraxtlarni ko‘chirib o‘tkazishga ruxsat berish orqali ularning nobud qilinishiga sharoit yaratib bergan bo‘lishi mumkin. Ekologiya mas’ullari tadbirkorning murojaatiga rad javobi berilganini aytishgandi.
Toshkent shahar Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i Farhod Dehqonov ehtiyot chorasi sifatida qo‘lga olindi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati Kun.uz'ga ma’lum qildi.
Dehqonov Jinoyat kodeksining 205-moddasi 2-qismi “a” bandi (juda ko‘p miqdordagi zararga sabab bo‘lgan hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish)da ko‘zda tutilgan qilmishni sodir etganlikda gumonlanmoqda.
Bosh prokuraturaga ko‘ra, u o‘z xizmat vakolatini suiiste’mol qilib, daraxtlarni ko‘chirib o‘tkazishga ruxsat berish orqali ularning yo‘q qilinishiga sharoit yaratib bergan bo‘lishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Kun.uz 9 sentabr kuni Toshkentning Chilonzor va Uchtepa tumanlarida ikkita yashil hudud payhon qilingani haqida reportaj e’lon qilgan edi. Chilonzordagi holatda 58 tup daraxt kesib tashlangan bo‘lsa, Uchtepada 42 tup daraxt qurib qolgan.
Ikkinchi holat “Vatan” kinoteatri oldida, sobiq tramvay deposi o‘rnida ro‘y bergan. Bu yerda qurib qolgan 42 tup daraxtdan 27 tasi ko‘chirib o‘tkazilgani uchun, 4 tasi esa qarovsizlik oqibatida qurib qolgan. Ekologlarning birinchi xatlovida bor bo‘lgan 11 ta daraxt esa hozir yo‘q.
Kun.uz muxbiri reportajni tayyorlash jarayonida Uchtepa tumani ekologiya bo‘limi boshlig‘i Azimjon Isroilovdan daraxtlarni ko‘chirish uchun tegishli ruxsat olingan-olinmagani haqida so‘ragan edi.
“Tadbirkorlik sub’yekti “Goroda stroy” MChJning Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali 2021 yil 4 oktyabrda kelib tushgan murojaatiga asosan, davlat inspektorlari tomonidan o‘rganish ishlari olib borilib, hududdagi daraxtlarni ko‘chirib o‘tkazish va kesish bo‘yicha berilgan murojaatga rad javobi berilgan”, – degandi Isroilov.
Ekologiya qo‘mitasi bayonoti ham buni tasdiqlaydi. Unga ko‘ra, “Goroda stroy” MChJning daraxtlarni kesish bo‘yicha so‘rovi 2021 yil 11 oktyabrda rad etilgan va daraxtlarni saqlab qolish yuzasidan ogohlantirish berilgan.
Uchtepa tumani deputati Nuriddin Zayniddinovning Kun.uz muxbiriga aytishicha, haqiqatan ham shahar ekologiya boshqarmasi tadbirkorga daraxtlarni ko‘chirishga ruxsat bergan bo‘lishi mumkin.
“Quruvchida Toshkent shahar ekologiya boshqarmasining xati bor. Unga ko‘ra, tadbirkorga agrotexnik qoidalarga rioya qilgan holda hududdagi daraxtlarni ko‘chirishga ruxsat berilgan. Aks holda, javobgarlikka tortilishi yozilgan.
Keyin, bir muddat oldin shahar ekologiya boshqarmasi Toshkent shahar prokuraturasiga tadbirkor tomonidan agrotexnik qoidalarga rioya qilinmayotgani bo‘yicha xat kiritgan”, – dedi Zayniddinov.
Zayniddinov o‘zi nazarda tutgan xatning skaner variantini havola qildi. Unda poytaxt ekoboshqarmasi 2022 yil 10 fevralda “Goroda stroy” MChJga hududdagi 22 ta manzarali daraxtni ildiz qismiga shikast yetkazmagan holda, agrotexnik qoidalarga rioya qilgan holda ko‘chirib o‘tkazishga e’tirozi yo‘qligini bildirgani ko‘rinadi.
Ma’lumot uchun, Farhod Dehqonov Toshkent shahar ekologiya boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga 2021 yil noyabr oyida tayinlangan.
U o‘tgan oyda Chilonzor tumani Chilonzor ko‘chasida yo‘l kengaytirish ishlari sabab yuzdan ortiq daraxtga zarar yetkazilganida o‘zini lavozimiga nomunosib tutgandi. Dehqonov daraxtlarga zarar yetkazgan quruvchilarni tanqid qilish, buning ekologiyaga zarari haqida bong urish o‘rniga, jurnalistlarni daraxtlarga ishlov berib, qayta o‘stirish mumkinligiga ishontirishga uringandi.
“Bu ishlar soha mutaxassislari, tuman obodonlashtirish bo‘limi agronomlari va bizning ekologlar nazoratida bo‘lgan. Ushbu loyiha daraxtlarni maksimal darajada saqlab qolish, ularga zarar yetkazmaslikka harakat qilib loyihalashtirilgan”, – deya yo‘l kengaytirish loyihasini oqlashga uringandi u.
Biroq o‘shanda Ekologiya qo‘mitasi raisi Narzullo Oblomurodov Dehqonovning gaplariga zid bayonot berib, bu loyiha uchun ekologlar xulosasi olinmaganini aytgandi.
Mavzuga oid
21:54 / 23.12.2024
Mo‘g‘uliston havo ifloslanishini kamaytirish uchun «ko‘k ko‘mir» ishlab chiqaradi
16:35 / 23.12.2024
1 yanvarga o‘tar kechasi Toshkent metropoliteni ish jadvali 2 soatga uzaytiriladi
16:33 / 23.12.2024
Atmosfera havosini ifloslantiruvchi manbalarni xatlovdan o‘tkazish tartibi belgilandi
18:02 / 21.12.2024