O‘zbekiston | 17:00 / 12.09.2022
10180
4 daqiqa o‘qiladi

Farg‘ona issiqlik elektr markazi muqobil elektr manbalarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratmoqda

Foto: Issiqlik elektr stansiyalari

“Farg‘ona IEM” AJda elektr energiyasidan foydalanish samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalarni ishga tushirish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Bu ishlar bilan keng jamoatchilikni yaqindan tanishtirish maqsadida OAV vakillari, jurnalist va blogerlar ishtirokida press-tur tashkil etildi.

Ayni kunlarda markazda quvvati 1800–2000 kVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasini bunyod etish ishlari olib borilmoqda. Ushbu quyosh panellari “On-Grid” rejimida ishlashini hisobga olganda yiliga 7-8 mln kVt qo‘shimcha elektr energiyasi ishlab chiqarish va yoqilg‘i resurslarini tejash, atmosferaga zararli gazlarning chiqishini kamaytirish imkonini beradi. Jurnalistlar qurilish maydonida bo‘lib, jarayonlarni bevosita kuzatishdi.

Press-turda ma’lum qilinishicha, “Farg‘ona IEM” AJ tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yilning 22 avgustidagi PQ- 4422-sonli “Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishning tezkor chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarori ijrosini bajarish yuzasidan 2020–2022 yillarga rivojlanish dasturi ishlab chiqilgan. 

Shunga asosan, o‘tgan davr davomida avtoturargoh, harbiylashtirilgan qo‘riqlash xizmati binosi, ishlab chiqarish sexlari, ma’muriyat binosi kabi qator inshootlarga quyosh panellari asosida ishlovchi uskunalar o‘rnatildi. Buning evaziga joriy yilning o‘tgan davrida 200,2 ming kVt soat elektr energiyasi iqtisod qilindi.

– Shu yilning 10 iyun kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida qayta tiklanuvchi energiyadan foydalanishni kengaytirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgan edi. Unda mamlakatimizda muqobil energiya manbalaridan keng foydalanish, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab berilgan edi, biz ham ushbu yo‘nalishdagi ishlarimizni takomillashtirib, elektr energiyasi ishlab chiqarish jarayoni, ya’ni o‘z ehtiyojlarimiz uchun zarur bo‘lgan elektr energiyasini muqobil manbalar asosida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqdamiz, – deydi “Farg‘ona IEM” AJ bosh direktori Erkinjon Hamidov.

Xususan, joriy yilning iyul oyida “Farg‘ona IEM” AJ Qozon sexi binosiga 60 kVt quvvatdagi quyosh foto elektr stansiyasi o‘rnatilib, foydalanishga topshirildi. Bu, o‘z navbatida, korxonada yillik issiqlik energiyasini 47,5 Gkalga, elektr energiyasini esa 108 ming kVt/soatga tejash imkonini beradi. Shuningdek, markazning mavjud binolariga 13 dona jami 2600 litrlik quyosh suv isitkichlari o‘rnatildi.

Press-tur davomida elektr markazida elektr energiyasi ishlab chiqarishda muqobil elektr manbalaridan foydalanish yo‘nalishidagi loyihalar qatorida ishlab chiqarish jarayonini modernizatsiya qilish, yangi zamonaviy quvvatlarni joriy etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham ma’lumot berildi.

“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ Matbuot xizmati Ⓣ

Mavzuga oid