Jahon | 10:20 / 17.09.2022
14980
4 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘iziston va Tojikiston chegarachilari keskinlikni yumshatishga kelishib oldi

Qirg‘iziston va Tojikiston chegara xizmatlari provokatsiyalarning oldini olish bo‘yicha ishlarni tashkil etishga kelishib oldi, vaziyat tarangligicha qolmoqda.

Videodan kadr

Qirg‘iziston va Tojikiston chegara xizmatlari rahbarlari Ularbek Sharsheyev va Rajabali Rahmonali o‘zaro uchrashuv chog‘ida Botken va So‘g‘d viloyatlari chegarasida otishmalar oldini olish bo‘yicha ishlarni tashkil etishga kelishib oldi. Bu haqda 17 sentabr, shanba kuni «Interfaks» xabar berdi.

Mahalliy vaqt bilan soat 09:00 ga qadar (Toshkent vaqti bilan 08:00) «chegara idoralarining hududiy boshqarmalari rahbarlari provokatsiyalar va otishmalarning oldini olish bo‘yicha ishlarni shaxsan tashkil etishlari shart», deyiladi Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) Chegara xizmati Axborot va kommunikatsiyalar boshqarmasi xabarida.

Qo‘shma tezkor shtab tarkibiga ikki viloyatning Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi hududiy boshqarmalari, chegara idoralari va huquqni muhofaza qiluvchi idoralari rahbarlari kiritildi. Shtab «Guliston-avtodorojniy» nazorat-o‘tkazish punktida faoliyatini davom ettiradi. 

Qirg‘iziston chegara xizmati 17 sentabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 02:00 da davlat chegarasining qirg‘iz-tojik qismidagi vaziyatni tarang deb baholandi. 

Mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berishicha, 16 sentabr kuni kechgan to‘qnashuvlar natijasida 87 kishi jarohatlangan, besh nafar jabrlanuvchi ambulator davolanishga yuborilgan. Botken viloyati sog‘liqni saqlash muassasalariga 24 nafar halok bo‘lganlarning jasadi qabul qilindi, deb xabar qildi Qirg‘iziston Sog‘liqni saqlash vazirligi. 

Yevropa ittifoqi chegaradagi keskinlashuvga munosabat bildirdi. Yevropa tashqi aloqalar xizmati (EEAS) keskinlikning kuchayishi «mintaqaviy barqarorlikka zarar yetkazishini» ta’kidladi. Yevropa ittifoqi 16 sentabrda erishilgan sulhni olqishlaydi, deya ma’lum qildi Bryussel. 

Qirg‘iziston va Tojikiston prezidentlari Sadir Japarov va Imomali Rahmon Samarqandda bo‘lib o‘tgan Shanhay hamkorlik tashkiloti sammiti doirasida muzokaralar o‘tkazib, o‘t ochishni to‘xtatish, kuch va vositalarni to‘qnashuv chizig‘idan olib chiqish bo‘yicha kelishib oldi. 

«Biz ikkala tomonni sulhning samarali bajarilishini ta’minlashga va barcha sa’y-harakatlarni keskinlikni pasaytirish, mavjud kelishmovchiliklarni imkon qadar tezroq barqaror hal etishga yo‘naltirishga chaqiramiz», deya bildirdi EEAS. 

Bryussel Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakil va Yevropa ittifoqi vakolatxonasi orqali ikki davlat rasmiylari bilan diplomatik aloqalarda bo‘lib turibdi. «Biz har qanday kelishmovchiliklarni tinch, diplomatik yo‘l bilan hal qilishga chaqiramiz», — deya xabar berdi Yevropa ittifoqi tashqi siyosat idorasi va Bryussel kelishuvga yordam berishga, shuningdek, «mintaqadagi barqarorlik va farovonlik uchun faol siyosiy yordam»ni davom ettirishga tayyorligini qo‘shimcha qildi. 

Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi chegaradagi vaziyat 14 sentabr kuni chegaraning uchta qismida to‘qnashuvlar sodir bo‘lgach, keskinlashdi. Qisqa sukutdan so‘ng ikki davlat chegarachilari o‘rtasida 16 sentabr kuni erta tongda og‘ir qurollardan foydalangan holda jangovar harakatlar qayta boshlandi va umumiy chegaraning butun chizig‘i bo‘ylab olib borildi. Tomonlar sodir bo‘lgan voqea uchun javobgarlikni bir-biriga yuklayapti. 

Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi chegara ayrim hududlarda belgilanmagan va shu sababli vaqti-vaqti bilan to‘qnashuvlar kuzatilmoqda.

Mavzuga oid